Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Umradan din ishlari bo‘yicha qo‘mita manfaat ko‘rmasa, kim manfaat ko‘radi yoxud xolis xizmatlar narxi 5 million dollarmi?

Umradan din ishlari bo‘yicha qo‘mita manfaat ko‘rmasa, kim manfaat ko‘radi yoxud xolis xizmatlar narxi 5 million dollarmi?

Shu yilning noyabr oyida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ijtimoiy tarmoqlarda qator sayyohlik firmalari tomonidan Umra ziyoratini tashkil qilish bo‘yicha turli reklamalar ko‘payib borayotganini tanqid qilgan edi. Qo‘mita o‘shanda “ayrim e’lon qilinayotgan “buyurtma” maqolalarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi sha’niga turlicha tuhmatlar yog‘dirilmoqda“, deb, umra va haj tadbirlaridan iqtisodiy manfaat ko‘rmasligini ta’kidlagan edi.

Shundan so‘ng, "Vest Travel"​ sayyorlik firmasi direktori Mansurjon Rasuljonov 1100 dollarga sifatli Umra ziyoratini uyushtirish mumkinligini aytib, buni iqtisodiy ko‘rsatkichlarini hisob kitob qilib berdi. Hamda Umra va Hajdan din ishlari bo‘yicha qo‘mita yoki O‘zbekiston musulmonlari idorasi iqtisodiy manfaat ko‘rmasa, unda kim manfaat ko‘radi?“ degan savolni o‘rtaga tashladi.

Bu orada, 2019 yil 3 dekabr kuni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Andijon viloyatida joylashgan turistik firmalardan biri tomonidan Jidda shahriga borgan 14 nafar o‘zbekistonlik fuqaroning vizasi qalbaki bo‘lib chiqqani va Saudiya Arabistonidan deportasiya qilingani haqida xabar berib, “Turli firibgarlar aldoviga uchmasdan, hukumat tomonidan tashkil etilayotgan rasmiy, xavfsiz va ishonchli “Umra ziyorati”dan foydalanishingizni tavsiya etamiz!” – degan murojaat bilan chiqdi.

Shundan so‘ng, bu masalaga O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi aralashib, bu sohada ko‘plab muammolar yig‘ilib qolgani va ularni tizimli ravishda hal qilish kerakligi aytdi.

Turizm qo‘mitasining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda bu ishni atigi ikki tashkilot – O‘zbekiston Musulmonlar Idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita birgalikda amalga oshiradi, xorijda esa umra ziyorati to‘lig‘icha bozor munosabatlariga tayanib tashkil etilishi, o‘nlab sayyohlik firmalari bu bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Turizm qo‘mitasi umra ziyoratidagi turli cheklovlarni olib tashlashga, ya’ni bu tadbirni tashkillashtirish uchun sayyohlik firmalariga ham ruxsat berishga chaqirdi.

Yuqoridagi fikrlardan so‘ng ekspert Akmaljon Qosimov xalqimiz peshona teri bilan topgan mablag‘i evaziga ziyoratga kelayotgan ekan, to‘lagan mablag‘larini hisobini so‘rashga haqlari borligini aytib, o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi.

"Kuni kecha Diniy idora mutasaddilari umra turizmi bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan turfirmalarni tanqid qilib, umra ziyorati reklamaga muhtoj emasligi, bu borada pul ishlash noto‘g‘ri ekanligi va unga mas’ul bo‘lgan Diniy idora XALQIMIZGA XOLIS XIZMAT qilishini bildirdi. Bunday iddaolik gaplar va kinoyali da’volarni bu idora birinchi marta aytgani yo‘q va oxirgisi ham emas, nazarimda.

Yaqinda xizmat yuzasidan Saudiya Arabistoniga bordim. U yerga borib, muqaddas Ka’bani ziyorat qilmasdan keta olmasdim. Shunda booking.com saytidan Makka shahridagi “Kiswah Tower Hotel” arzonroq mehmonxonasini topdim. Kelib, O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi olib kelgan hamyurtlarimiz shu mehmonxonaga joylashganini bildim.

U yerda uchratganim surxondaryolik Kamoliddin aka gap orasida “Sigirimni sotib, 12 million 600 ming so‘m to‘lab, shartta kelaverdim. Maza qilib ibodat qilyapmiz, uch mahal issiq ovqat, Harami sharifga har 5 minutda avtobus tashkil qilgan tashkilotchilarga rahmat, dedi.

12 million 600 ming so‘m! Bu 1 333 dollar bo‘ladi-ku! Qirg‘iz va qozoq qo‘shnilarimiz 800-900 dollarga umra qilishadi, deb eshitgandim. Turkiyada 600 dollarga umra xizmati bor. Malayziya, Indoneziya, Pokistonni gapirmasa ham bo‘ladi...

Demak, xalqimizning topish-tutishi yuqoridagi davlat fuqarolaridan ancha-muncha ko‘p ekan-da. Eh, mening soddagina, beg‘ubor o‘zbegim-a! Diniy idora mutasaddilari “Umra – bu mashaqqatdir”, “Sharoitlarga shukr qiling”, “Boshqa davlatlarda bunday yuqori saviyada tashkillashtirish yo‘q”, deya bong uraverib, ziyoratchilarimizni hamma narsaga rozi qilib qo‘yishganini ko‘rmaysizmi?

Xalqimiz tekinga emas, peshona teri bilan topgan mablag‘i evaziga ziyoratga kelayotgan ekan, to‘lagan mablag‘larini hisobini so‘rashga haqlari borligini, aslida bu xizmatlarga nari borsa 9 million so‘mdan ortiq to‘lanmasligi, turnaqator navbatlarni diniy idora sun’iy shakllantirayotganini bilisharmikan?

Diniy idoradagi mutasaddilar bu savollarga javoban, balandparvoz gaplar bilan o‘zlari belgilagan narxlarni asoslab, qo‘limizga bir talay hisob-kitob qog‘ozlarini tutqazishlari tayin.

Men esa sizlarga ochiq bo‘lgan, internet saytlari orqali bemalol tanishish mumkin bo‘lgan narxlarni keltirmoqchiman. Bemalol hisoblab ko‘ring.

Madina Zamzam Hotel mehmonxonasida bir kishi uchun kunlik to‘lov, ovqatlari bilan 50 dollardan to‘g‘ri keladi. Demak, Madina shahrida 3 kun turilishini inobatga olsak, xarajatlar 150 dollar bo‘ladi. Undan Makka shahriga boriladi:

Makkah Kiswah Hotel mehmonxonasida 2 kishilik xona uchun bir kishiga kunlik to‘lov 13 dollar. Bir martalik ovqat 3 dollar, bu kuniga 9 dollar degani. Makka shahrida 7 kun bo‘lasiz. Demak, 13x7=91, 9x7=63. Ko‘rinib turibdiki, Makka shahrida mehmonxona va oziq-ovqat xarajatlari 154 dollarni tashkil etmoqda. Hisoblashni davom ettiramiz ya’ni avtobus, kutib olish, shaharlarni aylantirish, Madina-Makka transferi va kuzatib qo‘yish xarajatlari 45 kishilik jamoa uchun 800 dollarni tashkil etadi. Bu bir kishi uchun 18 dollar demakdir.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” charterining aviachipta narxi bir kishi uchun nari borsa 450 dollar, viza va sug‘urta xarajati 130 dollar, kamzul, ro‘mol va boshqa diniy ibodat kiyimlari 20 dollar turadi. Shifokor va ellikboshining xarajatlarini qoplash har bir ziyoratchi uchun 35 dollarga to‘g‘ri keladi. 957 dollar bo‘ldi. Ishonmasangiz qayta hisoblang.

Demak, Diniy idoramizning “xolis xizmatlari” narxi bir kishi uchun 376 dollar turarkan-da? Tasavvur qiling, bir yilda mamlakatimizdan 14 ming kishi umra ziyoratiga borishini hisobga olsak, tashkilotchilarimiz o‘zlarining “xolis xizmatlari” orqali har yili 5,2 million dollardan oshiqroq mablag‘ topar ekan.

Bu mablag‘ga 3 ta tekstil fabrikasi qurib, xorijda ishlab yurgan 450 nafar qorako‘zni ish bilan ta’minlasa bo‘ladi. To‘g‘ri tushuning, ziyoratning puliga demayapman, ustamonlik bilan qo‘shib qo‘yilgan ustama mablag‘ning o‘ziga!

Bu narxlar internetdan olingan ochiq ma’lumotlar ekanini yana ta’kidlayman. Bundan tashqari, har qanday tijoriy bitimlarda “ulgurji” degan tushuncha ham borki, ko‘p miqdorda buyurtma berilganda doim 10-30 foizgacha chegirmalar beriladi.

Yana bir gap. Ismi sir bo‘lib qolishini so‘ragan imomlar rostdan ham Diniy idoraga xolis xizmat qilib berishini, xizmatlari uchun hech qanday haq olmasliklarini aytishdi. Aslida butun dunyoda GID yoki hamroh haqi to‘lanadi.

O‘zbekistonda GIDning bir kunlik o‘rtacha xizmat haqi 50 dollar atrofida bo‘lsa, o‘n kunda 500 dollar to‘lanishi kerak. Biz yuqorida qilgan hisob-kitoblarda 35 dollarni aytganda imomlar va shifokorlar uchun xizmat haqlarini ham hisoblagan edik. Bu xizmat uchun imomlarga haq to‘lanmas, ziyorat narxi yanada arzon bo‘lishi kerakmasmidi? Aksincha, ushbu summaning bir qismi ham tashkilotchilarning “xolis xizmatlari” orasiga “yashirinib” olgan. Aslida imomlarning ishi GIDlik emas. Balki bizning “tojirlarimiz” imom bilan GIDning farqiga borishmas...

Endi Diniy idora mutasaddilarining kinoyali gaplariga kelsak, albatta turfirmalar pul ishlaydi. Ammo, mijozning ko‘zlariga qarab turadi, ularga sifatli xizmat ko‘rsatishga jon-jahdi bilan intiladi va buning uchun nari borsa 100 dollar haq oladi. Takror aytaman HAQ oladi. 375 dollar ortiqcha pul olib, uning nomini “xolis xizmat” deb atamaydi.

Shu haqni olgani uchun ham mijozlar ulardan sifatli xizmatni talab qila oladi. “Umra - bu mashaqqatdir”, degan bahona o‘tmaydi. Qolaversa, bu firmalar shu daromaddan ishchilarga oylik, davlat uchun soliq to‘laydi.

Yaqinda Namangan viloyati Uychi tumaniga borganimda 83 yoshli Ominaxon ona bilan suhbatda bo‘ldim. Hasratidan chang chiqadi. “Bolam, 16 yildan buyon navbatda turaman. Belbog‘ tikib pul to‘playman. Hech navbatim kelay demaydi. Ustiga ustak har yili ziyoratga yetadigan pul to‘playman-u, kelasi yilgacha to‘plagan pulim yetmay qoladi. Nima emish, dollar oshgan emish, inflyasiya bo‘libdi, axir men bechora bu noming o‘chgur dollarni tushunmasam, dardimni kimga aytishni ham bilmayman...”.

Eng achinarlisi mana shunday noma’qul monopoliya tufayli xalqimizning mablag‘i Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlardagi xorijiy firmalarga chiqib ketyapti. Agar din peshvolarimiz din niqobi va xavfsizlik shiori ostida monopol “xolis xizmat” bilan shug‘ullanishni bas qilib, tijoratni haqiqiy tadbirkorlarga bersa,xalqimiz hozirgidan ancha sifatli va arzon xizmat olish imkoniga ega bo‘lardi.

Butun dunyoda bo‘lgani kabi bizning ziyoratchilarimizda ham tanlash huquqi bo‘lishi kerak. Boshqa davlatlardagi havo yo‘llari kompaniyalari o‘rniga “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotlarida Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlaridan Makka va Madinaga reyslar qo‘yish lozim. Aminmanki, bu qatnovlar “O‘zbekiston havo yo‘llari” uchun Moskva yoki Istanbul yo‘nalishlari kabi yaxshi foyda keltiradi...

Do‘stlar, bunday achchiq, ammo ochiq gaplar ko‘p. Ularni har qanday g‘araz va manfaatlardan xoli ochiq ko‘z, sog‘lom aql, pok vijdon bilan qabul qilib, xatolarimizni to‘g‘rilashga harakat qilishimiz kerak, xolos. Buning uchun qalbimizda YURTIMIZGA, XALQIMIZGA, DINIMIZGA samimiy muhabbat bo‘lishi zarur".

Manba: sof.uz

Kiritildi: 06:38 07.12.2019. O'qildi: 3066 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!