Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

“O‘lim kokteyl”lari yoxud telekanallarda "urchiyotgan" qimor ko‘rinishidagi ko‘rsatuvlar

“O‘lim kokteyl”lari yoxud telekanallarda "urchiyotgan" qimor ko‘rinishidagi ko‘rsatuvlar
Sarlavhani o‘qib, hayron qolgan bo‘lishingiz mumkin. Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, shunga amin bo‘ldikki, “qopqoqmaniya” kasalligiga chalinmagan odam kamdan-kam uchrasa kerak.
 
E’tiborimiz tortgan qopqoq ishqibozlarining ayrim qiliqlariga kulgimiz kelsa-da, ammo jamiyat uchun “boqimandalik”, “tez boyib ketish”, “manipulyasiya domi”ga tushish kabi illatlar kirib kelib, ildiz otayotganini ko‘rish mumkin.
 
Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda avtomashina yutib olish uchun yuk mashinasi to‘la aksiyali ichimliklarni sotib olib, qopqoqlarni ochayotgan “qahramon”ning videosi tarqaldi.
 
Bu videoni ko‘rib, undagi ishqibozni hech qanday “aqlli gap”lar ortga qaytarolmasligiga amin bo‘lasan kishi.
 
Televideniye orqali reklama qilinayotgan, katta-katta bannerlarda “Mazasiga gap yo‘q”, “Quvvatga kir”, “O‘zingga ishon”, “Spark, Lasetti, Malibu, o‘zing tanla!” deya o‘zining yorqin ranglardagi ko‘rinishlari bilan e’tiboringizni jalb etib, qiziqish uyg‘otayotgan aksiyalar chindan ham nomiga mutanosibmi?!
 
Aslida biz bunday mahsulotlarni iste’mol qilish uchun emas, aksiyaga qiziqib xarid qilishimiz chin gap.
Telekanallarning asosiy reytingini ko‘tarayotgan, bir dumalab “boy” bo‘lishga undovchi ko‘rsatuvlar ham talaygina. Oldinlari erkaklarni futbol, ayollarni turk seriallari bilan tortadigan telekanallar endilikda jamiyat uchun foydali, xalqimizning tizimli muammolarini olib chiqadigan ko‘rsatuvlar o‘rniga qimor ko‘rinishidagi bor kuchini “Aksiyali” ko‘rsatuvlarga o‘rayotgani achinarli.
 
“Omad shou”, “Oltin kalit”, “Boriga boraka”, “Millioner shou”, “Sitro shou” va shunga o‘xshash ko‘rsatuvlarni muxlisi bo‘lmaganlar kam.
 
“…Sotib ol, Toshkent citidan kvartira yutib ol...
 
Ha, siz ham qiziqishni boshladingizmi? Albatta, kim ham bunday chorlovlardan keyin qiziqmaydi. Hatto ayrim yurtdoshlarimiz mahsulotning ta’mi va tarkibini bilmasdan turib, ko‘r-ko‘rona sotib olmoqda.
 
Eng hayratlanarlisi shundaki, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi guruhlarda hamda shaxsiy sahifalarda “Sitro”ning 6-qismini topib bering, suyunchisi bor, evaziga 2 000 $ beraman” yoki “Iltimos, WFdan 5 ta qopqoq qismini topishga yordam beringlar”, degan “post”larni tez-tez uchratyapmiz.
 
Achinarlisi, bunga hech qanday mehnatsiz, osongina bir nimalik bo‘lib qolishni istaydigan yoshlar mukkasidan ketyapti. Chindan ham bu qopqoqlar yutuqlimi?!
 
Aksiyalarda qatnashib, topganingizdan yo‘qotganingiz ko‘p bo‘ladi. Birinchidan, eng qimmatli vaqtingizni boy berasiz, ikkinchidan, vaqtga qo‘shib orzularingizni ham ro‘yolarga qorishtirayotganingiz qoladi.
 
– Energetik ichimliklarni xush ko‘rmayman, – deydi tarmoq foydalanuvchisi Alisher Polvonov (21 yosh). – Ammo aksiyasiga qiziqib, xarid qilaman. Chamamda shu paytgacha sarflagan pullarimga o‘sha aksiyadagi avtomobil yoki uyga boshlang‘ich to‘lov, umuman, o‘zimga kerak bo‘lgan maishiy texnikalarni bemalol sotib olsam bo‘lardi.
 
Buni kechroq anglab yetdim. Negaki, bu ichimliklarning omadli qopqoqlari kam. Bir kuni “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i orqali “Yutuqli qopqoqqa suyunchi bor”, deb “post” qo‘ydim.
 
Ko‘pchilik “Menda bor qancha berasiz?” deb yozdi. Boshida hazillashyapti deb o‘yladim. Ammo qiziqishim ustunlik qilib, ular bilan uchrashdim. Aytgan pullarini berdim. O‘zimda yo‘q xursandman. Kompaniyaga borsam, bu qopqoqlar soxta ekanini aytishdi. “Uddaburon”larni esa haligacha qidiraman. Peshona terim bilan topilgan pullarimga achindim.
 
Bu qopqoq yig‘ish shunchaki qiziqish emas, endilikda ishqibozlar uchun asosiy maqsadga aylanib ulgurdi. Albatta, har kuni televideniye orqali hamyurtlarimizning mashina, turli maishiy texnikalar yutganini ko‘rib, ko‘pchilikning havasi ortishi tabiiy. Siz ham beixtiyor o‘sha “topilmas qopqoq”larni topishni istab qolasiz. Ammo har bir narsada me’yor bo‘lgani yaxshi. Axir inson salomatligiga salbiy ta’siri bo‘lgan mahsulotlarni keng aholi o‘rtasida bunday ommalashtirish ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
 
Evropa davlatlari allaqachon bunday ichimliklardan voz kechishmoqda. Ular energetik ichimliklarni “o‘lim kokteyli” deb atashadi.
 
Ma’lumot uchun shuni aytish lozimki, tilga olinayotgan bu ichimliklar organizmga qo‘shimcha quvvat bermaydi. Faqat bu vositalar tarkibidagi moddalar organizmning ichki rezerviga yo‘l ochadi.
 
Soddaroq qilib aytganda, ichimlik hech qanday quvvatga ega emas, u o‘z ichki resurslaringizdan foydalanadi.
 
 
SHIFOKORLAR ENERGETIK ICHIMLIKLARNI TAVSIYa QILADIMI?
 
– Energetik ichimliklarni umuman xarid qilmayman, – deydi Mahbuba Kamolova. – Buning o‘ziga yarasha jiddiy sabablari bor. Ukam ikki yil avval bitta korxonaga qorovul sifatida ishga kirdi. Tunda uxlab qolmay, deb energetik ichimliklarni ko‘p ichardi. Oqibatini bilmagan ekanmiz... Bilganimizda e’tiborsizlik qilmasmidik...
 
Afsuski, mazkur ichimliklar ukamning hayotiga zomin bo‘ldi. Eslasam, haligacha qaltirab ketaman. Ukam energetik ichimliklarni haddan ziyod ko‘p iste’mol qilgani uchun yuragi o‘ynoqi bo‘lib qolgan ekan. Bu tibbiy ekspertizada ma’lum bo‘ldi!!!
 
Energetik ichimliklar tarkibida inson organizmi uchun xavfli kofein, guarana, taurin kabi moddalar borligini bildik.
 
AYNAN USHBU MODDALAR ORGANIZMGA QANCHALIK TA’SIR QILADI?
 
Taurin, – bu kabi ichimliklarda albatta bo‘lishi kerak bo‘lgan moddalardan biri. U mushak to‘qimalarida to‘planadigan aminokislota bo‘lib, ichakdagi yog‘lar emulsiyasiga yordam beradi. Bu energetik ichimlikning bir bankasida 400 – 1000 mg. miqdorgacha bo‘lib, asab buzilishiga olib keladi.
 
Kofein – organizm zo‘riqishiga, turli asab va yurak kasalliklari kelib chiqishiga omil bo‘lar ekan.
 
Melatonin, inozit, – bu vositalar uyg‘unligidagi ichimlik organizmni jismoniy va aqliy zo‘riqish bilan ishlashga majbur qiladi.
 
Energetik ichimliklar (shu toifadagi barcha mahsulotlar) bugungi kunda jahon bozoridan chiqarilmoqda. Chunki inson salomatligi har narsadan ustundir.
 
Vaqtinchalik charchoqlardan xalos bo‘lamiz, deb doimiy kasalliklarni orttirganimizdan ko‘ra, tabiiy mahsulotlarni iste’mol qilib, tanaga dam berganimiz yaxshi.
 
To‘g‘ri, jismoniy mehnat bilan shug‘ullangandan so‘ng bunday ichimliklar iste’molidan odam charchoq hissini tuymasligi mumkin, ammo ushbu ichimliklar charchoqni yo‘qotmaydi, balki uni ortga suradi. Ichimlik ta’siri o‘tgandan so‘ng charchoq ikki barobar ortadi.
 
 
 
HAMMA NARSANING ME’YORI BOR
 
"Qovun qovundan rang oladi", deganlaridek, bugun xususiy telekanallarimizga bunday shoular “yuqib” bo‘lgan.
 
Ma’rifat, ma’naviyat mavzusi esa tosh bosmaydi. Rossiya telekanallarida ham qimorbozlikka o‘xshagan ko‘rsatuvlar bunchalar “bolalab” ketmagan. Bu fuqarolarga nima beradi? Balki telekanalga, ishlab chiqaruvchiga daromad keltirar. Ammo fuqarolarda iste’molchilik kayfiyatidan boshqa narsani shakllantirmaydi.
 
Maktab, kollej o‘quvchisi ota-onasi tushlikka deb bergan pulidan tejab, yutuq chiqish ehtimoli bor tovarlar xaridiga shoshadi. Orzu maydalashadi.
 
Birdaniga katta mablag‘, buyum yoki avtomobilga ega bo‘lish maqsadi boshqa niyatlarni “changi”da qoldiradi. Yengil-elpi hayotga o‘rganadi. Befarqlik, loqaydlik, xudbinlik shakllanadi. Xo‘sh, shunday ruhda kamol topayotganlarga vatanparvarlikdan so‘z ochsangiz, ta’sir qilarmikan? Xulosa har kimning o‘ziga havola!
 
Manba: uza.uz
Kiritildi: 21:30 18.09.2019. O'qildi: 4383 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!