Bugun 18 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

To‘ylarimiz bilan bog‘liq “xurmacha“ odatlarning chegarasi bormi?

To‘ylarimiz bilan bog‘liq “xurmacha“ odatlarning chegarasi bormi?

Orzu-havasi ko‘p xalqmiz. Udumlari go‘zal, or-nomusli millatmiz. Farzandimiz dunyoga kelishi bilan qo‘ni-qo‘shni, yor-birodarlarga dasturxon yozish g‘amida bo‘lamiz. Urf-odatlarimizni ado etish niyatida elib-yuguramiz.

O‘g‘il uylantirish, qiz uzatish, degan tashvish bilan yillar davomida yig‘inamiz. Zero, keksalarimizning “topganing to‘yga buyursin“, deb duo qilishida ham shunday orzu-umidlar, ulug‘ qadriyatlar ro‘yobi mujassam.

To‘ydan maqsad-muddao – farzandga baxt-iqbol tilab, el duosini olish. Qiz bolaning turmushga uzatilganini mahalla-ko‘yga ma’lum qilish, xolos. Payg‘ambarimizning nikohning (to‘yning) yaxshisi yengilidir (kam xarjlisi), degan hadisida chuqur ma’no bor. Biroq keyingi paytlarda to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishda o‘zimiz o‘ylab topayotgan “xurmacha“ qiliqlar to‘qlikka sho‘xlik bo‘lmayaptimi? Yoki topgan-tutganini muhtasham restoranlarda tanishu notanish odamlar oldiga to‘kish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, yarim tungacha erkagu ayol, keksayu yosh sarxush bo‘lib raqsga tushish jamiyatga qanday naf, farzandga qanday baxt keltirishi mumkin?

O‘ylamay-netmay, soxta obro‘ uchun qilinayotgan bu ishlardan qo‘li kalta oilalarning dili o‘ksimaydi, qalbi og‘rinmaydi, deysizmi? Qo‘pol bo‘lsa-da, aytish kerak, pul topib aql topmagan bu toifadagi ayrim insonlar farzandlari qurayotgan oilaga to‘ydan so‘ng darz ketishida o‘zlari “kashf“ etayotgan yangicha udumlarning ta’siri yo‘q, deb o‘ylaysizmi?

Yaqinda Termiz shahridagi katta to‘yxonalardan birida ziyoli oilada unib-o‘sgan oliy ma’lumotli qizning to‘y bazmi bo‘libdi. O‘sha to‘yda ishtirok etgan ayollardan biri taassurotlarini quyidagicha hikoya qiladi:

– Shahlo (ism o‘zgartirildi) shunday chiroyli kelin bo‘ldi. Lekin to‘ydagi yangi “udum”dan biroz shoshib qoldik. To‘y o‘rtalarida biz o‘tirgan stol yoniga Shahloning butun kiyim-kechaklarini olib kelib, ularni ko‘z-ko‘z qilgan holda birma-bir ta’rif bera boshlashdi. Mana bunisi tunda kiyadigani, bunisi mehmonga, tongda... Eh-he, bu kiyim-kechaklarni tomosha qilib, ta’rifini eshitib, uyalganimizdan yuzimizni erkaklardan qo‘limiz bilan yashirishga majbur bo‘ldik. Kiyim-kechak va boshqa sarpolarni pulga chaqsangiz, aqlingiz shoshadi. Puli ham mayli, toparmon-tutarmon kuyov taraf olib beribdi. Lekin ularni shuncha erkak oldida namoyish qilishning nima keragi bor? Qaysi millatga xos bu?

Birgina Termiz shahrida o‘ndan ortiq zamonaviy to‘yxona mavjud. Bitta stul narxi olti mingdan o‘n ming so‘mgacha. Videotasvirchi, sahna bezovchi, suratkash va san’atkorga pul berasiz. Ertalab nahor oshi, kechga bazm uyushtirasiz. Dasturxon ham qo‘shninikidan zo‘r bo‘lsin, deb kamida qirq million so‘mdan nari-beri mablag‘ni sarflab yuborasiz. Qarabsizki, bir kunlik xursandchilik uchun 50-60 million so‘mning bahridan kechasiz. Bunga hali turli sarpolaru, tilla ziraklar, boshqa sovg‘a-salomlarni, quda chaqirdilarni qo‘shmadik. Aslida bu manmanlik, dabdababozlik va yana allambalo "...lik"lardan boshqa narsa emas.

O‘rni kelganda aytish kerak, qiz bazmida ziyoli oila ko‘rsatgan kiyim-kechak “namoyishi"ni ayrim sodda onalar, orzumand qizlar “to‘yda shunaqa urf bor ekan-u, biz bilmas ekanmiz“, deb ko‘ngillari sust ketmaydimi? Imkoniyati yetsa-ku, xo‘p-xo‘p, qurbi yetmasa qanday yo‘l tutadi? Ham quda tarafni qarzga botirib, ham o‘zlari qarzdor bo‘lib, to‘ydan keyin "tomosha" ko‘rsatadi. Shu ma’noda, bugun yaxshi niyat bilan oila qurayotgan kelin-kuyovlarning ajrashib ketishiga birovlar ketidan ergashib, bor kuchimiz bilan yangi udumlarga sajda qilayotganimiz, zo‘rma-zo‘raki to‘y o‘tkazayotganimiz sabab bo‘layotir. Ayrim hollarda hali to‘y bo‘lmay turib quda-andalar o‘rtasiga sovuqchilik tushayotgani, ajrashib ketayotgani ham bor gap.

Erta tong. Termiz avtovokzalidan Denov shahriga qarab yo‘lga tushdik. Shahardagi “Afro‘z“ to‘yxonasi ro‘parasidan o‘tayotganimizda sheriklarimizdan biri restoranning did bilan hashamdor qurilganini ta’riflab qoldi. Kirakash haydovchi uning gaplarini ma’qullayotganida yoshi ulug‘roq yo‘lovchi mavzuni to‘ylar masalasiga burdi.

– Bu restoranlarda to‘y berishning qulay tomoni juda ko‘p-ku, lekin to‘y va boshqa marosimlar bilan bog‘liq yangi udumlar bolalayotgani chatoq bo‘lyapti-da, – dedi u. – O‘ziga to‘q oilalar o‘ylab topayotgan yangi urf-odatlar qo‘li kalta xonadonlarga jabr bo‘lmoqda. Farzandining aytganini qilaman, deb ayrim ota-onalar, oilalar qiynalib qolayotir. Masalan, mahallamizda bir mushtipar onaning o‘g‘li bor edi. Otasi ichkilik ketidan qazo qilib ketdi. O‘g‘il tayinli bir joyda ishlamaydi. Ona bechora qarilik pensiyasini oladi. Ro‘zg‘orni tebratish, o‘g‘lini uylantirish uchun qayerlardadir ishlab, pul topib yuradi. Kunlardan bir kun yaqin qarindoshinikiga borib, qiziga og‘iz solibdi. “Yolg‘izgina o‘g‘lim. Ko‘zim ochig‘ida uni uyli-joyli qilayin. Shu qizingni o‘g‘limga unashtirib qo‘yaylik. Begona emasmiz. To‘yni ham kelishamiz. Bor narsam shu ikkoviniki. Baxtli bo‘lib ketsa bo‘ldi,“ debdi. Onaxon ham rozi bo‘libdi. Ko‘p xarajat qildirmaslikka so‘z beribdi. Ammo fotiha to‘yda quda xolaning avzoyi buzilibdi. Kutilmaganda: qizim kimdan kam, deb gap boshlabdi. Falon so‘m pul, falon qo‘y, falon restoranda to‘y qilib berasiz, deya yana ko‘p talabni aytibdi. Or-nomus uchun rozi bo‘lgan onaizor tijorat bankidan kredit olishga urinib ko‘rdi, bo‘lmadi. Qo‘ni-qo‘shnilardan qarz so‘radi. Imkoni topilmadi. Bu yog‘i o‘g‘li ham uylarning eshigini yangilamasangiz, romlarni almashtirmasangiz uylanmayman, deb oyoq tirab oldi. Nihoyat, qo‘li kaltaligiga ko‘zi yetgach, yaqin qarindoshining qizini ham kelin qilmaydigan bo‘ldi.

– Bola uylanolmadimi hali, – so‘radi boshqa bir sherigimiz.

– Uylandi, – dedi biroz o‘ychan qiyofada. – Bu mashmashalardan so‘ng holdan toygan ona kutilmaganda kasalxonaga tushdi. Ayollarimiz hol-ahvol so‘rab turdi. 10 kuncha davolangach, shifokorlar uyiga javob berib yubordi. Ahvoli og‘irlashavergach, mahallaning kayvoni ayollaridan biri “o‘g‘lini tezroq uylantiraylik, qo‘shnimiz qiynalib yotmasin“, deya bolani o‘rtaga olib, vaziyatni obdon tushuntiribdi. Oddiy oilada o‘sgan bir qizni tavsiya qilishibdi. Bola rozi bo‘libdi. Mahalla ahli pul yig‘ib, to‘yini qilib berdik. Oradan ikki kun o‘tgach, onaxonning joni uzildi.

Bu voqeani eshitib, barchamiz beixtiyor og‘ir o‘yga cho‘mdik. Har birimiz xayolan ayanchli voqeaning aybdorini topishga harakat qildik. Mahalla ayollarining ahilligidan suyungan bo‘lsak-da, orzulari bir olam qo‘li kalta onaizorga achindik...

Keng, ravon yo‘lda yelib borayotgan yengil mashinadagi sukunatni yoshi ulug‘ hamrohimizning o‘zi buzdi:

– Bilasizlarmi, ovqatning eng yomoni qorni to‘qlar chaqirilib, qorni ochlar chaqirilmagan to‘y taomidir. Bu mening gapim emas, payg‘ambarimizning hadislari. Bolaligimizda to‘y dasturxonlari hozirgidek to‘kin-sochin bo‘lmasdi. Har-har joyga bo‘g‘irsoq, non, qand-qurs, mayiz, yong‘oq qo‘yilar edi. Kambag‘alroq kishilar va ularning bolalariga ko‘proq e’tibor berilardi. Bugungidek dang‘illama to‘y qilishga hech kimning yuragi betlamas edi. Chunki so‘rovi bor edi. Endilikda erkinmiz, ozodmiz. Bu to‘yning mablag‘ini kimdan, qayerdan olding, deb hech kim so‘ramaydi. Bunga shukur qilish o‘rniga isrofgarchilik qilinayotgani, noshukurchilik avj olayotgani achinarli. Muhtasham to‘yxonalar – yurtimiz ziynati. Menimcha, ularni bezab turadigan yana bir narsa qorni to‘qlar qatnashgan bazmlar emas, balki ko‘proq ehtiyojmand kishilar ishtirok etgan to‘ylardir. Albatta, bu mening fikrim. Sizlar nima deysizlar, bilmadim?

Gurungimiz uzoq davom etdi. To‘ylar haqida birimiz u dedik, birimiz bu, otaxon haq gapni aytayotganini, to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yayotganimizni tan oldik. To‘ylarni ixchamlashtirish katta-kichik davralarda tez-tez muhokama etilayotgan ekan, demak, og‘riqli nuqtalari ildiz otayotgan milliy marosimlarimizni tezroq tartibga solish choralarini ko‘rish kerak, degan fikrni ilgari surdik.

Xullas, yo‘lda bugungi to‘ylarimiz bilan bog‘liq o‘ylarimizni uzoq muhokama qilib, manzilga yetguncha ana shunday to‘xtamga keldik. Bu muammoning yechimi bormi? Siz nima deysiz, muhtaram o‘quvchi?

Kiritildi: 06:00 14.09.2019. O'qildi: 3744 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!