Turkiyada bir kecha-kunduzda koronavirusdan o‘lim holatlari rekord darajada qayd etildi, deb yozadi «RBK» respublika sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib.
So‘nggi 24 soat ichida mamlakatda 196 kishi COVID-19’dan vafot etgan — bu pandemiya boshidan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkich. 17 noyabrdan buyon o‘limlar soni har kuni 100 tadan oshmoqda. Vafot etganlarning umumiy soni 14 705 kishiga yetdi.
Turkiyada bir kunda 31 896 kishi koronavirusga chalindi, umumiy bemorlar soni esa 533 198 kishiga yetdi.
Noyabr oxirida Turkiya SSV Turkiyaning ba’zi yirik shaharlarida koronavirus infeksiyasining uchinchi to‘lqini boshlanganini ma’lum qildi. Xususan, gap Istanbul, Bursa, Izmir, Kojaeli haqida bordi.
Keyinroq prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on infeksiya tarqalishiga qarshi choralar kuchaytirilishini e’lon qildi. 1 dekabr kunidan kuchga kiradigan yangi choralar qatoriga ish kunlari mahalliy vaqt bilan soat 21:00 dan ertalab soat 05:00 gacha mamlakat bo‘ylab amalda bo‘ladigan komendantlik soati kiradi. Shuningdek, dam olish kunlari — juma kuni soat 21:00 dan dushanba kuni ertalab soat 05:00 gacha odamlarning ko‘chaga chiqishi taqiqlanadi.
Shuningdek, Turkiyada yil oxirigacha barcha kinoteatrlar yopiq bo‘ladi, maktab o‘quvchilari masofaviy ta’limga o‘tkazildi. Erdo‘g‘on koronavirusga qarshi emlash respublikada dekabrdayoq boshlanishi mumkinligini aytdi.
Prezident vaksinalarga qarshi hech qanday e’tirozi yo‘qligini va o‘zi ham COVID-19’ga qarshi vaksinasiya qildirishini aytdi. U Turkiya bilan koronavirusga qarshi vaksinalarni sotib olish uchun Rossiya va Xitoy muzokara olib borayotganini eslatib o‘tgan.