Turkiya Markaziy banki asosiy stavkani 46 foizga ko‘tardi, vaholanki tahlilchilar uning 42,5 foiz darajasida qolishini kutishgandi. Bu haqda tartibga soluvchi organ saytida ma’lum qilindi.
Mart oyida inflyasiya 38,1 foizgacha pasayganiga qaramay, bunday qadamning asosiy sabablari global iqtisodiy beqarorlik va moliya bozorlaridagi so‘nggi tebranishlar ekanligi ta’kidlandi. Ehtimol, bu yerda AQSh prezidenti Donald Trampning jahon iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirayotgan savdo siyosati nazarda tutilmoqda.
2024 yil mart oyida Turkiyada asosiy stavka 50 foizga yetgandi, shundan so‘ng uning asta-sekin pasayishi boshlangandi. O‘tgan oyda Markaziy bank rahbari Fotih Qoraxon qat’iy pul-kredit siyosati inflyasiyaning barqaror sekinlashishi va narxlar barqarorligiga erishilgunga qadar davom etishini ta’kidlagandi.