Turkiya Milliy mudofaa vazirligi rasmiy vakili, kontr-admiral Zeki Aktyurk Isroilni Suriya va G‘azodagi tajovuzkor harakatlarini zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda u Kommandosi Kuchlari Qo‘mondonligida o‘tkazilgan haftalik brifingda ma’lum qildi.
«Isroil o‘zining agressiv harakatlarini darhol to‘xtatishi shart. Bu harakatlar butun mintaqani xaosga tortayotgani va qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib kelishi mumkin», — dedi Aktyurk.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tomonidan Suriyaning janubiga qilingan zarbalardan so‘ng Damashq markaziga hujum uyushtirilishi — bu ochiq provokasiya bo‘lib, tinchlik va barqarorlikka bo‘lgan umidlarni yo‘qqa chiqaradi.
Kontr-admiral ta’kidlashicha, Suriya tarixiy bosqichda turibdi va u xalqaro jamoaga qo‘shilib, tinch hayotga qaytish imkoniga ega. «Bu imkoniyat qo‘ldan boy berilmasligi kerak. Barqaror tinchlik va xavfsizlik uchun qo‘llab-quvvatlash zarur», — deya qo‘shimcha qildi u.
Aktyurk, shuningdek, G‘azo sektorida davom etayotgan insonparvarlik inqirozini ham eslatdi. «Tinch aholi ocharchilik va ommaviy o‘lim tahdidi ostida qolmoqda. Adolatli va barqaror tinchlik jarayonini boshlash va insonparvarlik yordamini uzluksiz yetkazib berish zarur», — dedi u.
U Turkiyaning Falastin masalasidagi pozisiyasini yana bir bor tasdiqlab: «1967 yil chegaralari doirasidagi, sharqiy Quddusni poytaxt qilib belgilagan mustaqil, suveren va hududiy yaxlit davlat – Falastinni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», — dedi.
Brifingdan so‘ng Turkiya mudofaa vazirligi vakillari Suriyadagi vaziyat va Isroil havo hujumlari bo‘yicha jurnalistlar savollariga javob berdi. Manbalarga ko‘ra, Turkiya Qurolli Kuchlari Suriya shimolida terrorizmga qarshi kurashni qat’iy davom ettirmoqda va chegaralar yaqinida «terrorizm koridori» vujudga kelishining oldini olishni maqsad qilgan.
Vazirlik ta’kidlashicha, Turkiyaning Suriyaga nisbatan pozisiyasi o‘zgarmagan — «Anqara suveren, siyosiy birlikni saqlab qolgan, xavfsiz va barqaror Suriya tarafdori bo‘lib qoladi».
Shuningdek, Suriya hukumati va SDS (Suriya demokratik kuchlari) o‘rtasidagi so‘nggi hamkorlik jarayonlari hamda to‘qnashuvlar diqqat bilan kuzatib borilayotgani bildirildi.
«Isroilning Suriyadagi aviahujumlari — mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi qaratilgan ochiqcha provokasiyadir. Bu xalqaro huquqni buzuvchi va mintaqani barbod etuvchi harakatlar darhol to‘xtatilishi shart», — deyiladi Turkiya mudofaa idorasining yakuniy bayonotida.
Shu bilan birga, Suriyada joylashgan turk harbiylariga Isroil hujumlari natijasida hech qanday zarar yetmagani ma’lum qilindi.