AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil parlamentida chiqish qilib, G‘azo sektoridagi urush tugaganini ta’kidladi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Falastinning HAMAS harakati G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvda nazarda tutilgan barcha shartlarga amal qilishga rozi bo‘lgan.
E’tiborli jihati shundaki, bir kun avval Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “G‘azoga hujumlar hali tugamaganini” aytgan edi. Biroq Tramp aynan uning ishtirokida urushning tugaganini rasman e’lon qildi.
Avvalroq Donald Tramp Isroilga yo‘l olgan Air Force One samolyoti bortida G‘azoda urushni tugatilgan deb e’lon qilgan edi.
AQSh prezidenti bugun G‘arbiy Quddusdagi Isroil parlamenti (Knesset) binosiga yetib keldi.
Trampni bino oldida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va parlament spikeri Amir Ohana rasman kutib oldi.
Shuningdek, prezident parlamentning mehmonlar kitobiga imzo chekib, bu kunni “buyuk” va “yangi boshlanish” sifatida ta’rifladi.
Avvalroq Tramp Tel-Avivdagi Ben Gurion aeroportida rasmiy marosim bilan kutib olingan edi.