AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Amerika texnologiya giganti Intel aksiyalarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Bu haqda manbalarga tayanib, Bloomberg agentligi xabar berdi.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu bitim korporasiyaning AQShdagi ishlab chiqarish salohiyatini mustahkamlash, jumladan, Ogayo shtatida ishlab chiqarish markazini qurishda yordam ko‘rsatishga qaratilgan. Aksiyalarni sotib olish taklifi Intel bosh direktori Lip-Bu Tan va Tramp o‘rtasida 11 avgust kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng paydo bo‘ldi. Kelishuv shartlari haligacha muhokama qilinmoqda. Agar kelishuvga erishilsa, Lip-Bu Tan katta ehtimol bilan korporasiya rahbari bo‘lib qoladi, deya qayd etadi agentlik.
Kompaniya Bloomberg agentligiga rasmiylar bilan muzokaralar haqida ma’lumotni tasdiqlamadi. "Biz Tramp ma’muriyati bilan hamkorlikni davom ettirishni intiqlik bilan kutmoqdamiz. Ammo biz mish-mishlarga izoh berish niyatida emasmiz", — deyiladi Intel bayonotida.