Isroil va Misr hukumatlari AQSh prezidenti Donald Trampni isroillik asirlarni qaytarish hamda G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatgan sa’y-harakatlari uchun oliy davlat ordenlari bilan taqdirlashga qaror qildi.
Isroil prezidenti devonidan berilgan bayonotga ko‘ra, Donald Tramp mamlakatning eng oliy mukofoti — Prezidentlik faxriy medali bilan taqdirlanadi. Hujjatda ta’kidlanishicha, Tramp bu mukofotni “isroillik mahbuslarni o‘z vataniga qaytarishdagi xizmatlari uchun” olmoqda.
Bayonotda qayd etilishicha, mukofot yaqin oylarda Isroil prezidenti tomonidan rasman topshiriladi.
Sharm-ash-Shayx tinchlik sammiti arafasida Misr prezidentlik idorasi tomonidan e’lon qilingan bayonotda, Donald Trampga mamlakatning eng oliy sharafi — Nil ordeni topshirilishi ma’lum qilindi.
Hujjatga ko‘ra, mukofot “nizorlarni hal etishga qo‘shgan katta hissasi va G‘azoga hujumlarni to‘xtatishdagi muhim roli uchun” beriladi.
Avvalroq Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy Trampni G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga vositachilik qilgani uchun “Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga munosib” deb baho bergan edi.
Xuddi shunday chaqiriq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu idorasidan va prezident Isaak Gersogning murojaatida ham aytilgan — ular Trampni tinchlik uchun Nobel mukofotiga tavsiya etgan.
Shu bilan birga, Oq uy Nobel qo‘mitasining 2025 yilgi Tinchlik mukofotini Trampga bermaslik to‘g‘risidagi qaroridan norozilik bildirib, qo‘mitani “tinchlik tamoyillariga emas, balki siyosiy manfaatlarga amal qilayotganlikda” aybladi.