AQSh prezidenti Donald Tramp bugun Eron bilan urushni qayta boshlash ehtimoli haqida qaror qabul qiladi.
Tramp bu bayonotni Axios nashriga bergan intervyusida aytdi.
Tramp shanba kuni kechqurun muzokarachilari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan Eronning so‘nggi taklifini muhokama qilish uchun uchrashishini va yakshanba kuniga qadar harbiy harakatlarni qayta boshlash-qayta boshlamaslik to‘g‘risida qaror qabul qilishini ma’lum qildi. AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens ham muzokaralarga qo‘shilishi kutilmoqda.
Vashington ma’muriyati rahbari Eron bilan yaxshi kelishuvga erishish imkoniyatlarini aniq 50 ga 50 deb baholadi. Aks holda, u yana "ularning barchasini yo‘q qilish" bilan tahdid qildi.
"Menimcha, ikkita narsadan biri sodir bo‘ladi: yoki men ularga hech qachon urilmaganidan ko‘ra qattiqroq zarba beraman yoki biz yaxshi kelishuvga erishamiz", dedi Tramp.
Tramp shanba kuni ko‘rib chiqmoqchi bo‘lgan yangi o‘zaro anglashuv memorandumi loyihasi Eron-Pokiston muzokaralarining natijasi ekanligi ta’kidlanmoqda. Tomonlar o‘rtasida vositachi bo‘lib ishlagan Pokiston feldmarshali Asim Munir shanba kuni yuqori lavozimli amaldorlar bilan uchrashib, kelishuvni yakunlashga uringandan so‘ng Tehronni tark etdi. Kelishuv yakunlanmagan, ammo Pokiston "yakuniy kelishuvga erishish sari rag‘batlantiruvchi taraqqiyot"ni e’lon qildi.
Tramp o‘z navbatida faqat uranni boyitish va Eronning mavjud zaxiralari taqdiri kabi masalalarni qamrab oluvchi kelishuvni qabul qilishini aytdi. U Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligini va boyitilgan uranidan voz kechishga majbur ekanligini hamda Hormuz bo‘g‘ozi hech qanday tariflarsiz to‘liq ochilishi kerakligini ta’kidladi.
Biroq, Axiosning so‘zlariga ko‘ra, bu masalalar AQSh va Eron tomonidan muhokama qilinayotgan o‘zaro anglashuv memorandumida to‘liq hal qilinishi ehtimoldan yiroq. Taklifga ko‘ra, tomonlar harbiy harakatlarga chek qo‘yishga va 30 kunlik chuqur muzokaralarga kelishib olishadi.