Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Toshkentdagi kichik serjant haqida: «Uning harakatlari raqs tushayotganga o‘xshardi»

Toshkentdagi kichik serjant haqida: «Uning harakatlari raqs tushayotganga o‘xshardi»

Ayol kishiga azaldan go‘zallik timsoli deya qaraladi. Ammo el-yurt osoyishtaligini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olishda fidoyilik ko‘rsatayotgan xotin-qizlar ham talaygina. Ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilib, hurmat-ehtirom bilan pensiyaga kuzatilgan bir qancha ayollar hozirgi kunda yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelyapti.

O‘tgan asrning 70-yillarida avval tajriba tariqasida poytaxtda yo‘llarni tartibga solish uchun xotin-qizlar bo‘linmasi tuzilgan edi. Ayollar kerakli ko‘nikmalarni tez o‘zlashtirib, markaziy ko‘chalarda transport oqimini tartibga sola boshladi. Yo‘l harakatini xushmuomalalik, ammo talabchanlik va qattiqo‘llik bilan boshqarayotgan xotin-qizlar orasida kichik serjant Nigora Jo‘raboyevaning ham o‘ziga xos o‘rni bor edi. Bolaligidan shu sohaga katta havas bilan ulg‘aygan Nigora o‘quvchilik chog‘laridayoq «Svetofor» viktorina o‘yinining faol ishtirokchisi edi.

Dastlab Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi o‘t o‘chiruvchilar ko‘ngilli jamiyatida yo‘riqchi bo‘lib ishlagan N. Jo‘raboyeva 1976 yilda Toshkent shahar IIB DANB 1-alohida divizionining yo‘l nazorati inspektori lavozimiga tayinlandi. Uning kulib turgan ko‘zlari, shirin muomalasi, qoidabuzarliklarga nisbatan murosasiz va qat’iy qarorlar qabul qila olishi tezda rahbariyat e’tiboriga tushdi. Avval IIV Toshkent maktabini, 1991 yilda esa hozirgi O‘zbekiston milliy universitetini huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha sirtdan tamomladi. Mashaqqatli xizmati davomida IIV rahbariyati tomonidan ko‘p marotaba faxriy yorliqlar, tashakkurnoma va boshqa mukofotlar bilan rag‘batlantirildi.

Chorrahada tartib saqlar ekan, qo‘lida jezl ko‘tarib turgan go‘zal qizni ko‘rib, u bilan suhbatlashish uchun ataylab qoidani buzgan haydovchilar ham bo‘lganini qahramonimiz kulib esga oladi. O‘sha paytlarda bu haqda ko‘pchilik gapirib, gazetalarda yozishgan.

— Uning chorrahadagi nozik harakatlari raqs tushayotganga o‘xshardi, — deydi toshkentlik keksa haydovchi. — O‘sha paytlarda yuk mashinasini bosh­qarardim. Chiroyli inspektor qizning harakatlari e’tiborimni tortdi. Ishxonam shu yaqin atrofdaligi bois mashinani garajga qo‘yib, piyoda qaytib bordim. Ancha vaqtgacha bir chekkada turib uning harakatlarini kuzatdim. Keyinchalik shu chorrahada bu qizni ko‘p uchratdim. Qiyofasi kechagidek yodimda.

Haydovchiga uyali telefonimdan Nigora Jo‘raboyevaning arxivdan olingan suratini ko‘rsatdim.

— Xuddi o‘zi!!!

Haydovchining ko‘zlari eski qadrdonini uchratgandek, quvonchdan porlab ketdi.

— Buni unutish mumkin emas, chunki o‘sha paytda xotin-qizlarning yo‘l harakatini tartibga solishi katta yangilik edi. Shu bois ham uning kulib turgan ko‘zlari xotiramga muhrlanib qolgan.

Nigora Jo‘raboyeva poytaxt IIB DANB tizimida, respublika IIV JTSX DANBda inspektor, katta ins­pektor lavozimlarida 27 yil xizmat qilgach, 2003 yildan IIV Axborot markazi inspektori lavozimida fao­liyatini davom ettirdi. Hujjatlar bilan ishlashning hadisini olgan Nigora opa bu yerda ham samarali faoliyat ko‘rsatdi. Uning fidoyiligi, Vatanga sodiqligi munosib baholanib, davlatimizning yuksak mukofoti «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlandi.

— Xizmatimizning davlatimiz tomonidan e’tirof etilishi katta baxt, — deydi iste’fodagi podpolkovnik Nigora Jo‘raboyeva. — Nimagaki erishgan bo‘lsam, ustozlarim, ahil jamoam bilan birga, hamjihatlikda ishlaganimiz uchun erishdim. O‘zimdan yoshi kattalarning barchasini o‘zimga ustoz deb bildim. Dastlab ish bosh­lagan paytimda qizlar vzvodida Alijon Alashev va Abdumalik Yo‘ldoshev rahbarlarim bo‘lgan. Ularning maslahatlarini, xizmat sirlarini o‘rganishimdagi yordamlarini aslo unutmayman.

Nigora opa hozir ham mahalla osoyishtaligi, yoshlar tarbiyasi uchun munosib hissa qo‘shyapti: poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi Diyorobod mahallasi faoli sifatida, mahalla ahlining yaxshi-yomon kunida doimo birga.

Kiritildi: 15:00 23.01.2020. O'qildi: 3418 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!