15 iyul kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar sanoat vazirlari yig‘ilishi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning Sanoat siyosati bo‘yicha Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirlarda Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Tojikiston sanoat vazirlari, Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy tarmoq vazirlari o‘rinbosarlari, SHHT Bosh kotibi Chjan Min, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ilhomjon Ne’matov, shuningdek, Rossiya va Qozog‘iston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etadi.
Yig‘ilish ishtirokchilari SHHT va MDH doirasida sanoatni rivojlantirish, kooperasiya asosida sanoat ishlab chiqarish hajmining barqaror o‘sishini ta’minlash, qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirish, yangi texnologiyalar joriy etish, moddiy va moliyaviy resurslar jalb qilish, mehnat unumdorligini oshirish va sanoat mahsulotlarini diversifikasiya qilish bo‘yicha hamkorlikni yanada jadallashtirish va kengaytirish masalalarini muhokama qiladilar.
Uchrashuvlar chog‘ida SHHT va MDHga a’zo davlatlar sanoatini rivojlantirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar tasdiqlanishi kutilmoqda.
Xususan, Shanxay tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlari SHHT mamlakatlari ishbilarmon doiralari o‘rtasida sanoat kooperasiyasini rag‘batlantirish dasturi loyihasini ma’qullaydilar. Mazkur hujjat Tashkilotning Samarqand sammiti kun tartibiga tasdiqlash uchun kiritiladi.
MDHga a’zo davlatlar sanoat vazirlari yig‘ilishida ham ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikka doir hujjat tasdiqlanishi kutilmoqda.