Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Toshkentda ko‘z kasalliklari shifokori o‘z xotining “o‘ynashi” tomonidan 3 kun och qoldirilib, vahshiylarcha o‘ldirildi

Toshkentda ko‘z kasalliklari shifokori o‘z xotining “o‘ynashi” tomonidan 3 kun och qoldirilib, vahshiylarcha o‘ldirildi

Tal’at Yunusov  turmush o‘rtog‘ining anchadan buyon xiyonat qilib yurganini sezmagan. Uning ayoli telegram orqali o‘ziga jazman orttirdi va erining boshiga yetdi (marhum va jabrlanuvchining ism-familiyasi o‘zgartirilgan).

Bu haqda ma’lum qilgan «Jahon.uz»ning yozishicha, Tal’at Yunusov poytaxtimizdagi ko‘z kasalliklari xususiy klinikasida shifokor bo‘lib ishlar edi. Qirq yoshni qoralagan shifokor ertalab ishga ketgach, o‘zidan yetti yosh kichik bo‘lgan turmush o‘rtog‘i Shahina uyda yolg‘iz qolardi.

U internetda telegram orqali Sarvar Toshmuhammedov bilan tanishib qoladi. Ikki tengdosh o‘rtasidagi yozishmalar bora-bora ishqiy mavzularga ulanib, ularni uchrashuvga undaydi. Ikki tomon ham oilali bo‘lsa-da, shaytonga xayf berishmaydi. Shahina birinchi uchrashuvdayoq Sarvarni o‘ziga maftun qiladi. Xullas, ular tez-tez uchrashishni odat qilishadi. Bunday uchrashuvlar esa xiyonatga yo‘l ochadi, deydi "7news.uz".

2016 yilning avgust oyidan boshlangan ishqiy munosabatlar asta chuqurlashib borar, endi Sarvar oilali ayolga o‘z xotinidek munosabatda bo‘lardi. Shahina turmush o‘rtog‘ini ishga kuzatgach, Sarvarga qo‘ng‘iroq qilib uyiga chaqirar, nomahram erkak bilan kechgacha birga bo‘lardi.

Sarvar Shahinaga “ering bilan ajrash, seni nikohimga olaman” deydi. Shahina esa eri bilan ajrashmasligini aytib, uning taklifini rad etadi. Uning bu javobi Sarvarning g‘azabini qo‘zg‘atadi.

Shundan so‘ng, S.Toshmuhamedov tuzgan rejasini amalga oshirish uchun muqaddam sudlangan 24 yoshli Mustafo Temirov yo‘q demadi.

Ikkovlon kelishib olgach, buning uchun kerak bo‘ladigan narsalar, ya’ni arqon va skotch sotib olishadi, poytaxtning chekkaroq joyidan uy ham topib, qabih ishlarini o‘sha yerda amalga oshirishni reja qilishadi. S.Toshmuhamedov rejaga asosan T.Yunusov ishlayotgan klinikaga boradi. Uni topib, kasal borligini, yura olmasligi sababli uyda muolaja qilishini iltimos qilib, aldaydi. Hech nimadan xabari yo‘q T.Yunusov uning gaplariga ishonadi va bemorga tashxis qo‘yishda kerak bo‘ladigan tibbiy asbob-anjomlarini olib chiqadi. Sarvar shifokorni o‘z mashinasida qabihlik uchun tayyorlab qo‘yilgan manzilga olib keladi. T.Yunusov uyga kirishi bilan ikkovlon uni urib, tepib, oyoq-qo‘lini bog‘lab tashlashadi. Bu ham yetmaganidek, ojiz ahvolda qolgan T.Yunusovni qiynoqqa solishadi. Uning “Nima uchun, aybim nima?” degan savoliga S.Toshmuhamedov “Sening xotining mening jazmanim, u bilan ko‘ngilxushlik qilishimga shuncha vaqtdan buyon xalaqit qilib kelding, endi bunga chek qo‘yaman” deb dag‘dag‘a qiladi.

Insoniylik qiyofasini yo‘qotgan ikkovlon T.Yunusovni oyoq-qo‘llari bog‘liq holda uch kun mobaynida suvsiz, ovqat bermasdan o‘sha joyda saqlashadi. Uchinchi kuni S.Toshmuhamedov “Buning joni qattiq ekan, yordamlashib yuboramiz shekilli” deya qo‘liga arqon olib, uni bo‘ynidan bo‘g‘ib o‘ldiradi va jasadni gilamga o‘rab qo‘yadi. Tun yarmidan oqqanida Sarvar tanishi M.Meraimovga qo‘ng‘iroq qilib, yuk borligini, Bektemir tumaniga olib borish kerakligini aytadi. “Gazel” mashinasida aytilgan manzilga kelib “yuk”ni ko‘rgach M.Meraimovning hushi boshidan uchayozadi. S.Toshmuhamedov esa unga ko‘rganlarini hech kimga aytmasligini tayinlaydi, gilamga o‘ralgan jasadni Chirchiq daryosi qirg‘og‘iga ko‘mib tashlashadi.

Shundan so‘ng marhumning tibbiy asbob-uskunalari, telefonlarini so­tib yuborishadi. Plastik kartasidagi 4 million so‘mdan ortiq pulni ham Sarvar o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuborgan ekan. S.Toshmuhamedov yopiq qozon yopiqligicha qoladi, undan hech kim xabar topmaydi deb qattiq yang­lishdi.

O‘g‘li bir necha kundan buyon yo‘qolib qolganini bilgan T.Yunusovning onasi bu haqda huquq-tartibot idoralariga xabar beradi. Tezkor-qidiruv va surishtiruv jarayonida T.Yunusovni so‘nggi bor S.Toshmuhamedov olib ketgani ma’lum bo‘ladi. Klinikadagi kuzatuv kameralari yordamida Sar­varning shaxsi aniqlanib, qo‘lga olinadi. Dastlabki tergov jarayonida uning hamtovoqlari ham ushlanadi. Foydalanayotgan telefonlari ulangan mobil kompaniyalardan qotillarning o‘zaro suhbatlari yozilgan audio­tasmalar olib eshitilganda ham ularning maqsadiga aniqlik ki­ri­tiladi. Murda ko‘milgan joyidan olinib, DNK ekspertizasi o‘tkaziladi va jasad haqiqatan T.Yunusovniki ekani ma’lum bo‘ladi.

Afsuslanarlisi, M.Meraimov qotillikda ishtirok etmasa-da, mazkur qabihlik haqida tegishli joyga vaqtida xabar bermagani uchun javobgarlikka tortildi.

Sud hukmiga ko‘ra S.Toshmuhamedov 18 yil, M.Temirov 17 yilga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, M.Meraimovga ham qilmishiga yarasha jazo tayinlandi.

Kiritildi: 07:00 01.12.2019. O'qildi: 12520 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!