Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Toshkentda jazmaniga «CAPTIVA»­ olib bergan «Davr Bank» xodimining kirdikorlari fosh bo‘ldi

Toshkentda jazmaniga «CAPTIVA»­ olib bergan «Davr Bank» xodimining kirdikorlari fosh bo‘ldi

Qibray tumanida yashovchi 22 yoshli Umarxo‘ja Turg‘unxo‘jayevga (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2019 yilning 9 aprelida ishonch bildirilib, XATB «Davr Bank»ning Mirzo Ulug‘bek tumani filiali chakana xizmatlar bo‘limi kassiri lavozimiga ishga qabul qilindi. Buni ta’kidlashdan maqsad shuki, bu lavozim har bir xodimdan alohida mas’uliyati talab etadi. Shu ma’noda aytganda, U.Turg‘unxo‘jayev avvaliga zimmasidagi mas’uliyatni chuqur his etib, faoliyat yuritdi. Ammo keyinchalik nafs qutqusiga uchib, to‘g‘ri yo‘ldan adashdi.

Gap shundaki, U. Turg‘unxo‘jayev 2020-2021 yillar davomida jismoniy shaxslar tomonidan turli maqsadlarda amalga oshirilgan to‘lovlarni qabul qilib olib, ularga to‘lov bank kassasiga kirim qilingani to‘g‘risida imzo va muhr bilan tasdiqlangan chiptalarni taqdim etadi. Ammo pul mablag‘ini aylanma kassaga kirim qi­lish va bank balansining te­gishli hisobvaraqlarida qayd etishga kelganda, mas’u­liyatsizlikka yo‘l qo‘ya­di.

Qolaversa, to‘lov chiptalarining ikkinchi nusxasini «ABS» bank dasturiga kirim qilish uchun nazoratchi xodimga topshirmay 301 nafar fuqaro tomonidan to‘­langan 430 102 562 so‘m va 100 AQSh dollarini o‘z ehtiyojlari uchun o‘zlashtirib yuboradi.

U. Turg‘unxo‘jayev 2021 yil 27 mart kuni xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha naqd yoki naqd­siz pul mablag‘ini jo‘natish va qabul qilish xizmati uchun talab ko‘paygani to‘g‘risida bank filiali boshqaruvchisi D. Toshpo‘latovga xabar beradi. Natijada Markaziy bank boshqaruvining 2018 yil 28 apreldagi «Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassasiya qilishga doir yo‘­riq­nomani tasdiqlash ha­qi­­da»gi qarori talablariga zid ravishda madad pullarini olish uchun yozma buyurtmanoma rasmiylashtirmay, chiqim kassa orderiga filial boshqaruvchisi, bosh hisobchi E. Ravshanov va kassir S. Yo‘l­doshevga im­zo qo‘ydirib, filialning 40 000 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, U. Tur­g‘unxo‘jayev 2021 yil mart oyi­ning boshlarida Toshkent shahrida yashaydigan Maftuna Mirhamdamova bilan Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali tanishib qoladi. Bu tanishuvdan so‘ng ular o‘rtasida iliq munosabat paydo bo‘­ladi. Bir kuni o‘zaro suhbat asnosida Maftuna unga avtomashina haydash orzusi borligini aytib qoladi.

— Haydovchilik guvohnomasi olganman. Lekin avtomashinam yo‘q, — deydi u nozlanib.

Uning bu gapini eshitib, U. Turg‘un­xo‘jayev o‘ylanib qoladi. Ya’ni u bundan o‘zining g‘araz maqsadini amalga oshirish yo‘lida foydalanishni ko‘zlaydi. Aniqroq ayt­ganda, bankdan «orttirgan» daro­mad­larini qonuniylashtirish maqsadi-da, u «OLX.uz» va «AVTOELON.uz» internet sayt­lariga kirib, sotuvga qo‘yilgan avtomashinalarni ko‘zdan kechiradi.

Pirovardida unga Shahboz Mahmudjonovga tegishli 2013 yilda ishlab chiqarilgan, qora rangli «CAPTIVA» avtomashinasi ma’­qul tushadi. U «CAPTIVA»­ni 16 100 AQSh dollariga sotib oladi va Yakkasaroy tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius huzurida ma’shuqasining nomiga rasmiylashtiradi. Shu yo‘l bilan jinoiy faoliyatdan olingan daromadini legallashtiradi. Biroq 2021 yil 26 mart kuni qing‘ir ishning qiyig‘i chiqib qoladi.

Qanday qilib deysizmi?

Gap shundaki, 26 mart kuni bank filiali boshqaruvchisi D. Toshpo‘latov bir mijoz tomonidan muddati o‘tgan kredit qarzdorligiga yo‘l qo‘yilganini aniqlaydi. Ammo mijoz bank­ka kelib, bu anglashilmovchilik ekani, chunki to‘­lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirganini ishonch bilan ta’kidlaydi.

Shundan so‘ng surishtirib ko‘rilganda, U.Turg‘unxo‘jayev uning ipoteka krediti uchun boshlang‘ich to‘lov sifatida amalga oshirgan 147 millon so‘m mablag‘ini 8 kun avval qabul qilib olgan, ammo bank­ka kirim qilmagani ma’lum bo‘ladi.

U. Turg‘unxo‘jayev vaziyatdan chiqish uchun go‘yoki ushbu mablag‘ni kirim qilish yodidan ko‘tarilganini bahona qiladi. Tabiiyki, ush­bu ho­lat yuzasidan zudlik bilan bank bosh­qaruviga xabar beriladi. Natijada U. Turg‘unxo‘jayevga nisbatan ishonchsizlik bildirilib, uni lavozimidan ozod qilish zarurligi to‘g‘risida taklif beriladi. Qolaversa, o‘sha kuni 40 000 AQSh dollari miqdoridagi kamomad ham fosh bo‘ladi. Shundan so‘ng bank filial tomonidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi idoraga taqdim etiladi.

Albatta, shundan so‘ng U. Tur­g‘unxo‘jayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Sudga oid xatshunoslik ekspertizasining 2021 yil 19 maydagi 490-sonli ekspertiza xulosasiga ko‘ra, U. Tur­g‘unxo‘jayev nomiga 2021 yil 27 martda rasmiylashtirilgan 40 000 AQSh dollarlik chiqim kassa orderining «naqd pul oluvchi shaxs imzosi» ustunidagi imzo unga tegishli ekani aniqlangan. «Gamma Valua­tion» mas’u­liyati cheklangan jamiyatining 2021 yil 28 apreldagi transport vositasini baholash ekspertizasi hisobotiga ko‘ra, «CAPTIVA» rusumli transport vositasining o‘rtacha bozor bahosi 184 878 000 so‘m­ni tashkil qilgan.

Yaqinda mazkur jinoyat ishi ji­noyat­ ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudida ko‘rib chiqildi.

— U. Turg‘unxo‘jayev menga Amerika fuqarosi ekani, eks­port ishlari bi­lan shug‘ullanishi, oylik maoshi yigirma ming dollarni tashkil etishi, vaqtincha «Davr bank»ning Mirzo Ulug‘bek tumani filialida ishlayotganini aytgandi. Ammo avtomashina uchun to‘langan mablag‘ni bankdan o‘zlashtirganidan xabarim yo‘q, — dedi M. Mir­hamdamova sud majlisidagi ko‘rsatmasida.

Sud jarayonida boshqa guvohlarning ko‘rsatmasi va tergov jarayonida to‘plangan dalillar bilan U. Turg‘unxo‘jayevning qilmishlari to‘liq isbotini topdi. Shu bois sud uni Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va 243-moddasi bilan aybdor deb topib, muayyan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Shuningdek, sud hukmida sudlanuvchidan bank filialiga yetkazilgan 645 878 398 so‘m moddiy zararni undirish ham belgilandi. Qolaversa, «CAPTIVA» rusumli avtomashina ham bank filialiga yetkazilgan moddiy zararni qoplashga qaratildi.

Kiritildi: 17:03 21.01.2022. O'qildi: 12651 marta. Fikrlar soni: 5 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!