Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Toshkent doimiy propiskasi yana yopilishi rostmi? Oydinlik kiritildi

Toshkent doimiy propiskasi yana yopilishi rostmi? Oydinlik kiritildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida hukumat 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilishni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqishi lozimligini ta’kidlagandi, deb yozadi "Kun" nashri.

Natijada yillar davomida og‘riqli muammo bo‘lgan, uzluksiz tanqidlarga uchragan cheklovlar bekor qilindi va fuqarolar Toshkent shahri yoki viloyatidan o‘zlari istagan ko‘chmas mulkni xarid qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

Ammo bu imkoniyat yangi noqulayliklarni keltirib chiqardi – yillar davomida toshkentlik tanishlari nomiga uy olib foydalanib yurgan “viloyatliklar” yoppasiga mulklarini o‘z nomlariga o‘tkazishga kirishdilar.

"Kun" nashri bu masala bo‘yicha poytaxtda faoliyat yurituvchi ayrim notariuslar bilan bog‘landi va mavzu bo‘yicha bir biriga o‘xshash fikrlar aytildi:

– Bir ish kunida ko‘chmas mulkni rasmiylashtirish bo‘yicha yuzlab murojaatlar bo‘lyapti. Afsuski eshik oldida navbatda turganlar ijtimoiy masofaga ham, tartibga ham ko‘ngildagidek rioya qilmayaptilar. Birdaniga buncha odamga xizmat ko‘rsata olmasligimizni, navbat asosida ishlashimizni bildirsak, deyarli hamma bir xil gapni takrorlamoqda – “Propiska yaqinda yana yopilarkan, ochilgani ma’lum muddat amal qilinadigan aksiya ekan. Iltimos, uyimizni o‘tkazib olaylik!” deyishadi.

Bu cheklov butunlay bekor qilingani, endi istagan paytda ko‘chmas mulkni o‘z nomlariga rasmiylashtirishlari va propiskaga kirishlari bo‘yicha tushuntirishlarimiz ko‘p hollarda foyda bermayapti. Bu haqda OAVda yana bir marta eslatib o‘tilsa yaxshi bo‘lardi, – deydi Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi notariuslardan biri.

Vaziyatga izoh olish uchun Adliya vaziri matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sevara O‘rinboyeva bilan ham bog‘langan nashr quyidagi javoblarni oldi:

– Birinchidan, Prezident Farmonlari bilan 2020 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligi belgilandi.

Shunga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan ko‘chmas mulk sotib olish uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligi sharti butunlay bekor bo‘lgan.

Ikkinchidan, 2020 yil 21 maydan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida birlamchi bozordan yangi qurilgan uy-joy sotib olishda shartnoma summasining 5 foizi miqdorida davlat boji to‘lash tartibi bekor bo‘ldi.

Uchinchidan, “Toshkent shahrida propiska yopilishi yoki ochilishi” masalasiga ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishning hech qanday aloqasi yo‘q.

To‘rtinchidan, bugungi kunda Respublikamiz hududida 818 nafar notariuslar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatidagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun fuqarolar respublikaning istalgan hududidagi notariusga murojaat qilishi mumkinligi, faqatgina Toshkent shahridagi notariuslar Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishi mumkin, degan fikrdan yiroq bo‘lishi lozimligi ma’lum qilinadi.

Xulosa qilishimiz mumkinki, fuqarolarning xavotirlari asossiz, cheklovlar ortga qaytmaydi va bu masalada shoshilishning hojati yo‘q.

Kiritildi: 18:41 28.05.2020. O'qildi: 3210 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!