Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Toqat qilib bo‘lmaydi – Kusherboyev prokuratura tergovidagi qiynoqlarga munosabat bildirdi

Toqat qilib bo‘lmaydi – Kusherboyev prokuratura tergovidagi qiynoqlarga munosabat bildirdi

Avvalroq, QALAMPIR.UZ’da “Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maqola va film e’lon qilingan edi. Mazkur filmga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ham rasmiy bayonot berdi.

Ayni vaqtda film ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs-munozaralarni keltirib chiqarmoqda. Foydalanuvchilarning ko‘pchiligi o‘zi yoki yaqinlari tergovlarda xuddi shunga o‘xshash qiynoqlar va tazyiqlarga duch kelganini yozmoqda. Filmda tasvirlangan holatga nisbatan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ham munosabat bildirdi. Jumladan u shunday deydi: 

“Prokuratura mas’ullarining amalga oshirgan bunday g‘ayriqonuniy harakatlari toqat qilib bo‘lmas holat. Bu tizim fuqarolarning haqiqiy himoyachisiga aylanishi uchun qanday chora va isloh zarur bo‘lsa, buni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bosh maqsad odamlarni rozi qilish va adolatni tiklash bo‘lib qolishi lozim”.

2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblangan. Ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Barcha voqea shundan boshlangan. Ularning aytishicha, tergovdagi shaxslarning huquqlari tergovchilar tomonidan poymol etilgan. Tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagan, boshlariga “sellofan” paket kiydirgan, sovuq xonalarda yechintirgan, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazgan. Filmda mazkur holatlar fuqarolar tilidan hikoya qilinadi. 

Film ortidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bosh prokuratura tomonidan tekshirish harakatlari boshlanganini ma’lum qildi. 

“Tekshirish natijasiga ko‘ra, e’lon qilingan maqola va film bo‘yicha barcha tomonlarning harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi”, deyiladi Bosh prokuratura bayonotida. 

Kiritildi: 13:46 25.02.2020. O'qildi: 4279 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!