Pokiston poytaxti Islomobodda 11 noyabr kuni sodir bo‘lgan portlash uchun “Jamoat-ul-Ahror” nomli qurolli guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu guruh “Tahriki Tolibon Pokiston” (TTP)ning ajralib chiqqan qanotlaridan biridir. Bu haqda The Afghanistan International xabar berdi.
Guruh bayonotida aytilishicha, hujum Islomobodning “G-11” hududidagi sud binosiga amalga oshirilgan. Ayni paytda, TTP rasmiylari alohida bayonot berib, mazkur hujum bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini va bu ishni “ma’qullamasligini” ma’lum qilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 11 noyabr kuni Islomoboddagi sud binosi yaqinida sodir bo‘lgan portlashda kamida 12 kishi halok bo‘lgan, 27 kishi jarohat olgan. Portlash kuchli bo‘lgani sababli bir nechta avtomobillar yonib ketgan, poytaxt va uning atrofida xavfsizlik choralari oshirilgan. Rasmiylar xudkushlik hujumi bo‘lganini tasdiqlagan.
Pokiston mudofaa vaziri Xavoja Asif ushbu hodisa mamlakat uchun jiddiy ogohlantirish ekanini aytgan.