Qo‘shma Shtatlar Rossiyada joylashgan minglab Shimoliy Koreya askarlarining Ukraina armiyasiga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etishini kutmoqda. Bu haqda Pentagon rahbari Lloyd Ostin ma’lum qildi, deya xabar beradi «Amerika Ovozi».
Ostinning so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya harbiylari allaqachon Rossiya bo‘linmalariga kiritilgan va jangovar harakatlarga tayyor.
O‘z navbatida, Ukraina maxsus xizmatlaridagi CNN manbasi Rossiya tomonidan qo‘lga olingan Mariupolda Shimoliy Koreyadan kelgan harbiylar ham borligini aytdi. Tashrifdan maqsad noma’lum, biroq ular rus kiyimida bo‘lgani va alohida kazarmalarda o‘z anjomlari bilan joylashtirilgani aytilmoqda.
Manba shuningdek, avvalroq Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Kursk viloyatidagi qo‘mondonlik punktiga berilgan raketa zarbasi chog‘ida shimoliy koreyalik general yaralangani, biroq uning ahvoli noma’lumligini aytdi.