Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Terrorchiga turmushga chiqqan Dildora: "Erim jang qilayotganda unga farzandlar tug‘ib berdim"

Terrorchiga turmushga chiqqan Dildora: "Erim jang qilayotganda unga farzandlar tug‘ib berdim"

2019 yilda O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududlaridan o‘z fuqarolarini qaytarish bo‘yicha ikkita insonparvarlik amaliyotini o‘tkazdi. Natijada may oyida, undan keyin oktyabr oyida asosan ayollar va bolalardan iborat jami 220 kishi vataniga qaytdi.

Ammo shunga o‘xshash tadbirlar, kichikroq miqyosda bo‘lsa ham, ilgari  ham amalga oshirilgan. 2019 yil aprel oyida, ya’ni birinchi maxsus amaliyotdan bir oy oldin bir ayol va uning yetti farzandi uyga qaytishdi. Terrorchilar lagerida u umrining to‘qqiz yildan ko‘proq vaqtini o‘tkazdi. Ayol bir safar qulay fursatdan foydalanib, O‘zbekiston chegarasi tomon qochgan.

Sputnik O‘zbekiston uni Buxoroda topishga muvaffaq bo‘ldi. Bugun qaytib kelganidan to‘qqiz oy o‘tgach, bu 34 yoshli ayolni endi radikal islom bilan hech narsa bog‘lab turmaydi. U qora paranjini kamtar odatiy kiyimga almashtirdi va bolalar bilan birga mahalliy ma’muriyat tomonidan unga berilgan uch xonali shinam kvartirada osuda va xavfsiz hayot kechirishga o‘rganmoqda.

Biz ayolning haqiqiy ismini oshkor qilmaymiz, ammo maqolada, aytaylik, Dildora deb ataymiz.

Hozirda ayol Buxoro qandolatchilik sexlaridan birida ishlaydi. Mahalliy hokimiyat bu oilaga juda ko‘p yordam bermoqda: ular Dildora va uning bolalariga eng qisqa vaqt ichida hujjatlarni rasmiylashtirib berishdi, kvartirani barcha zarur jihozlar bilan ta’minladilar - muzlatgich, kir yuvish mashinasi, mikroto‘lqinli pech, televizor, mebel, gilamlar. Ayol bepul tikuvchilik kurslarida o‘qib oldi, tikuv mashinasini berishdi. Dildora bu hunarni hali to‘liq o‘rganmaganligini tan olib, vaqtincha boshqa ishga kirishga majbur bo‘ldi. Bolalari yozgi lagerda dam olishdi. Cheksiz harbiy harakatlar va tinimsiz bombardimonlardan keyin dunyo ular uchun yangicha tusda ochildi.

Eri uchun dunyoning narigi chetiga

Tinimsiz urush - bu Dildoraning yolg‘on va o‘lim bilan to‘yingan o‘tmishidan qolgan xotiralar. Uning xalifalikning qora bayroqlari ostida sayohati 2005 yilda boshlangan. O‘qishni tugatgandan so‘ng, qiz keksa buvisiga g‘amxo‘rlik qildi. Buvisining o‘limidan so‘ng Ufaga pul topgani ketgan onasinining ortidan ketdi. 21 yoshga to‘lganida, onasi uni tojikistonlik ishbilarmonga turmushga berishga qaror qilishdi.

“Onam uni bilar edi. Kuyovning o‘z kichik biznesi bor edi. Biz turmushga qurdik va u meni Tojikistonga olib ketdi. Bir yil o‘tgach, bizning bir qizimiz, yana bir yildan keyin bir o‘g‘limiz tug‘ildi. Keyin uchinchi farzandimiz ham dunyoga keldi. 2010 yilda erim Turkiyada ishlagani ketishga qaror qildi. Men u payt nima bo‘layotganini tushunmagan edim”, - deydi ayol.

Turkiyada er-xotin atigi ikki kun bo‘lishdi. Erkak ish yo‘qligini vaj qilib, Eronga borishni rejalashtirganini ma’lum qildi. Erini ishontirishga urinishlarining muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin Dildora taslim bo‘ldi.

Eronda ularni qirg‘izistonlik Abdulloh Shavkat kutib oldi. Bu yerda ulardan telefonlarini, hujjatlarini olib qo‘yishib, Salohiddin ismli o‘zbekistonlikning uyiga olib borishdi. Bu yerda ayol eridan u odamlarning ismlarini va bu yerga aslida nima maqsadda kelganlarini biladi.

“Turmushimiz davrida u hech qachon o‘zining o‘ta dindorligini ko‘rsatmadi. Ha, biz marosimlar o‘tkazar edik, namoz o‘qirdik, lekin umuman olganda u millionlab musulmonlar singari juda oddiy odam edi. Men uning rejalaridan hayratda qoldim va yo‘ldan qaytarishga urindim. Ammo u men xohlagan vaqtda ketishim mumkinligini aytdi, lekin faqat yolg‘iz, bolalarsiz”, deb eslaydi ayol.

U jajji go‘daklaridan voz kechishga jur’at eta olmadi, eri bilan begona yurtda qoldi.

ISHID* bayroqlari ostidagi maxfiy yo‘llar sari

Bir necha kundan keyin Pokistonning shimoliy-g‘arbiy qismidan - o‘zini Vaziriston deb e’lon qilgan davlat hududidan - dala qo‘mondonlaridan biri ularning qishlog‘iga keldi. U ayollarni bolalari bilan yig‘ib, ularni Afg‘onistonning Zabul viloyatiga olib bordi.

Dildoraning so‘zlariga ko‘ra, ayollarning u yerda huquqlari bo‘lmagan, ularga bir buyum kabi munosabatda bo‘lishgan. Chegarani kesib o‘tayotganda, erkak ayoliga o‘z huquqlarini ko‘rsatishi kifoya qilar edi va bu har qanday tekshiruv uchun yetarli bo‘ladi. Shunday qilib, ular chegarani osongina kesib o‘tishdi, ikki kundan keyin esa erkaklar ularning ortidan yetib borishdi.

“Biz Afg‘onistonda ko‘p vaqt o‘tkazmadik. Bir necha kundan so‘ng, bizning yo‘lboshchimiz Axtar bizni noqonuniy ravishda Pokistonning Mironshoh qishlog‘iga olib bordi. U yerda bizni O‘IH* (ISHIDga sodiqlikga qasamyod qilgan O‘zbekiston Islom Harakati – Rossiya, O‘zbekiston va bir qator davlatlarda ta’qiqlangan) a’zolari kutib olishdi. Ma’lum bo‘lishicha, ular andijonlik ekanlar. Ular erimni so‘roq qilishdi: biz qayerdan va nima sababdan kelganmiz, kim yollagan - ular bizni biror bir maxsus xizmatning agenti bo‘lib chiqishimizdan qo‘rqishgan”, - deya tushuntirdi u.

Tekshiruvdan muvaffaqiyatli o‘tib, ularni Mir Ali shahriga olib ketishdi. Bu yerda Dildora va uning eri 2014 yilgacha bir to‘liq oila bo‘lib yashadilar, ularning yana to‘rtta farzand dunyoga keldi.

Bombardimonlar ostida hayot va farzand o‘limi

Shahar hukumat kuchlari tomonidan qurshab olingan, ammo ular bilan to‘qnashuvlar bo‘lmagan. Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, erkaklar boshqa joylarda jang qilishgan. Ammo terrorchilar hukumat armiyasiga zarba berib, bu yerda kechayotgan tinchlikni buzishdi. Javob natijasida terrorchilar qochishga majbur bo‘lishdi. Oddiy fuqarolar bilan aralashib ketish amaliyoti yordam bermadi, deb eslaydi ayol.

“Yarim tundan keyin vertolyotlar uchmas edi. O‘sha paytda ayollarni bir nechta guruhlarga bo‘lib olib ketishar edi. Avval bir qishloqqa, keyin boshqasiga. Erkaklar bu joylar uchun kurashar edilar va u yerda mustahkam o‘rnashishga umidlarini yo‘qotmas edilar. Men boshqa ayollar bilan mujohidlar markazida yashadik. Qoidalarga ko‘ra, erlar urishayotgan mahalda, ularning xotinlari bir joyda birga bo‘lishlari kerak. Bir erkak qaytib kelsa, u oilasini olib ketadi va ular alohida yashashadi. Bir necha hafta o‘tgach, erim kelib bizni olib ketdi va biz tashlab ketilgan uylardan biriga joylashdik”, deb eslaydi Dildora.

Ko‘p o‘tmay, AQSh razvedkasi terrorchilar turgan joyini aniqladi. Kechasi sodir etilgan aviazarba natijasida ayol bir farzandini yo‘qotdi. Ammo u haloq bo‘lgan bolasiga aza tutishga vaqt topolmadi.

Yangi darbadardiklar va erining o‘limi

Bombardimonlardan keyin ayollar Afg‘onistonga olib ketilgan. Allaqachon kuz kelgan edi. Avval ularni toliblar* orasiga - avval Faryob viloyatida joylashtirishdi, keyin hukumat kuchlari noqonuniy muhojirlarni aniqlash bo‘yicha keng ko‘lamli operasiyalarni boshlaganlarida, ularni tog‘li aholi punktlaridan biriga olib borishdi.

“Faryob cho‘l zonasida joylashgan bizni esa tog‘lar orasiga joylashtirishgan. U yerga mikroavtobusda sakkiz soatdan ko‘proq vaqtda yetib borganmiz. Bu yerda biz bir kishi oilasini olib ketgani kelmagunicha ikki oy yashadik. U meni olti farzandim bilan ko‘rib bizni olib ketdi – u bizga yordam bermoqchi edi. U bizni o‘z uyining ikkinchi qavatida joylashtirdi. Birinchi qavatda u o‘z oilasi bilan yashar edi”, deya davom etadi Dildora.

Ikki oy o‘tgach, unga erini Afg‘oniston-Pokiston chegarasida oilasiga qaytayotganda jarlikka qulab o‘lgani haqida xabar berildi. To‘rt oy va o‘n kun davomida Dildora motam tutdi, ko‘chaga chiqmadi. O‘zlarining pullari yo‘q edi, lekin ularga ovqat olib kelishar edi. Hukumat kuchlari bu joylarda maxsus amaliyot boshlaguniga qadar bunday holat yana ikki oy davom etdi.

“Bizni Turkmaniston bilan chegaradosh hududga olib kelishdi. Ular zaruriyat tug‘ilganda qochishimiz uchun doimo hushyor bo‘lib, kiyimda uxlashni talab qilishar edi”, - deya tushuntirdi ayol.

Ikkinchi turmush va uydan qochish

2016 yil sentyabr oyida Afg‘onistonda u ikkinchi marta turmushga chiqdi. Erkak Namangandan bo‘lib, undan 15 yosh katta edi. Uning allaqachon oilasi, farzandlari, nevaralari bo‘lgan, Dildora ikkinchi xotin bo‘lgan.

“U bizni yana bolalarimiz bilan Faryob viloyatining aholi punktlaridan biriga olib bordi. 2017 yilda men qiz tug‘dim. Men unga bundan buyon shunday yashay olmasligimni va uydan chiqib vatanimga ketish niyatim borligini aytdim. U buni qilishga ruxsat bermadi, u holda qizimni o‘zi bilan olib qolishligini aytdi”, - deydi Dildora.

Bu yerda shuncha vaqt ichida unda oz-moz pul ishlash imkoniyati topildi: uyali telefonlarini ishlata olmagan mahalliy aholi undan yordam so‘rashar edi, minnatdorchilik evaziga pul berishar edi. Yetarli miqdorda pul yigib yig‘ib, u telefon sotib oldi.

“Men Buxorodagi otam va qarindoshlarimga qo‘ng‘iroq qildim, O‘zbekistonning Kobuldagi elchixonasi, Mozori-Sharifdagi konsulligi bilan bog‘landim. Bir kuni erim uyda bo‘lmaganida, bolalarimni olib, chegara tomonga yugurdim. Vatanimda meni qamashadi deb o‘ylardim, ammo bu men uchun bu endi muhim emas edi”, - deya eslaydi suhbatdosh.

Bu vaqtga qadar kerakli hujjatlarni tayyorlagan konsullik xodimlari ularni kutib olib, O‘zbekiston chegarasiga olib borishdi. Narigi tarafda ularni olomon kutib oldi, u yerda jurnalistlar, videokameralar ...

Buxoroda otasi va qarindoshlari kutishgan, ammo onadan bir yildan beri hech qanday xabar yo‘q va u qayerda yoki u bilan nima bo‘lganligini hech kim bilmaydi.

Yangi hayot

Bugungi kunda Dildoraning yetti nafar farzandi bor. Katta qizi 13 yoshda, eng kichigi esa atigi ikki yoshda. Ular davom etayotgan harbiy harakatlar sharoitida, hech qanday, oddiy bo‘lsa ham, tibbiy yordamsiz tug‘ilganlar. Ularning onasi bir vaqtni o‘zida ham shifokor, ham doimiy bombardimonlardan saqlagan tirik qalqon bo‘lgan.

Barcha sinovlardan so‘ng, yosh ayol va uning kontuziya natijasida quloqlaridan birida kar bo‘lib jabrlangan farzandlaridan biri kabi, sog‘lig‘ini yo‘qotdi. Farzandlari bilan hali ham psixologlar va o‘qituvchilar shug‘ullanishmoqda, chunki ularning hech biri hali maktabga bormagan. Ularning barchasi to‘liq tibbiy ko‘rikdan, rejali ko‘riklardan o‘tdi va zarur yordam olishdi.

“Meni aldashdi. To‘qqiz yil davomida men garovda edim, zo‘ravonlikda edim, tunlari uxlamadim. Atrofimda doim otishmalar, bombardimonlar bo‘lgan. Men o‘z farzandlarim uchun shu ishlardan omon qolganman va buni hech kimga ravo ko‘rmayman. Men avvallari bu hayot haqida hech narsa bilmaganman va bilishni hech qachon xohlamaganman”, - deya so‘zlarini yakunladi Dildora.

Boshidan kechirgan dahshatlarini eslab, ayol vatandoshlari va umuman qiz va yigitlarni yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka va ularni o‘z taqdirlarini buzmaslikka chaqiradi.

 

Kiritildi: 16:27 21.01.2020. O'qildi: 10806 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!