Gurjiston xavfsizlik kuchlari 28 noyabr, payshanba kuni kechqurun Tbilisi markazida to‘plangan namoyishchilarga qarshi suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi. Gurjiston Ichki ishlar vazirligi maxsus vositalardan foydalanish haqida ogohlantirib, miting «yig‘ilishlar va namoyishlar to‘g‘risidagi qonun doirasidan tashqariga chiqqanini» ma’lum qildi.
Namoyishchilar parlamentga tutash hududdan siqib chiqarildi. Ayrim namoyishchilar Gurjiston parlamenti oldidagi maydonga qaytishga harakat qilmoqda. Bir qancha namoyishchilar gimnaziya yaqinida to‘planib, barrikadalar o‘rnatishga kirishdilar, deb xabar bermoqda Paper Kartuli Telegram-kanali. Gurjiston poytaxti markazida vaqti-vaqti bilan namoyishchilar va polisiya o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatilmoqda. Ichki ishlar vazirligining xabar berishicha, namoyishchilar huquq-tartibot idoralari xodimlari tomon turli xil narsalarni uloqtirgan, natijada IIVning uch nafar xodimi jarohatlangan. Ulardan ikki nafari kasalxonaga yotqizilgan. Namoyishchilarning ba’zilari dubulg‘a bilan jihozlangan, ularning bir qismi niqob taqqan.