Tailand yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosiga qarshi kurash doirasida 961 ta noyob hayvonlarni, jumladan toshbaqa va lemurlarni Madagaskarga qaytarish niyatida.
CNN telekanali xabar berishicha, hayvonlarning birinchi partiyasi bugun jo‘nab ketadi.
May oyida Tailand polisiyasi mamlakatga noqonuniy olib kirilgan 1100 dan ortiq hayvonlarni aniqladi. Bularga o‘rgimchak toshbaqalari, nurli toshbaqalar, halqa dumli va jigarrang lemurlar kiradi, ularning barchasi CITES bo‘yicha jiddiy xavf ostida.
Hayvonlarning bir qismi yomon yashash sharoiti tufayli nobud bo‘lgan, qolganlari esa saqlanib qolgan. Rasmiylar Bangkokdagi Madagaskar elchixonasida hayvonlarni topshirish uchun rasmiy marosim o‘tkazdi.
Tailand tabiiy resurslar vaziri Chalermchay Shri-on ushbu operasiyaning muhimligini va mamlakatning yovvoyi tabiatning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish majburiyatini ta’kidladi.
Buyuk Britaniyada joylashgan Traffic tabiatni muhofaza qilish tashkiloti yovvoyi tabiat va yog‘och savdosi Madagaskarning biologik xilma-xilligi uchun ikkinchi eng katta tahdid ekanligini aytdi.