Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Tadqiqot: Markaziy Osiyoda dindorlar radikallashmayapti, aksincha radikallar islomiylashyapti

Tadqiqot: Markaziy Osiyoda dindorlar radikallashmayapti, aksincha radikallar islomiylashyapti

Markaziy Osiyo hukumatlari mintaqada radikallashish va deradikallashish haqidagi o‘z tasavvur va qat’iy ishonchlarini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Mintaqada dindorlarning radikallashuvi emas, aksincha radikallarning islomiylashuvi ketmoqda, deb xulosa qiladi siyosatshunos Noa Taker Markaziy Osiyodagi radikalizasiyaga bag‘ishlangan yangi tadqiqotda.

Mintaqadagi hukumatlar o‘z fuqarolarini chetdagi ekstremistik guruhlarga a’zo bo‘layotganiga asosiy sabab sifatida xorijdan kirib kelayotgan yot diniy e’tiqod va amaliyotlarni keltiradi. Bu samarasiz yondashuv, gap g‘oyalarda emas deydi yangi tadqiqot.

Ammo Noa Taker 2016-2018 yillarda Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistonda o‘tkazgan tadqiqotlarga tayanib, Markaziy Osiyoliklarning Suriyadagi mojarolarga aralashib qolishi kamdan-kam hollarda chet ellik missionerlar faoliyatiga yoki “yot g‘oyalarga” bog‘liq bo‘lganligini iddao etmoqda.

Ushbu uchta mamlakatdan Suriyaga ketganlarning asosiy qismi asosan muayyan hududlardan (Qirg‘izistonning Osh viloyati, Qozog‘istonning Jezqazg‘on viloyati va Tojikistonning Xatlon viloyatidan) ketgan. Mamlakatning boshqa hududlariga qaraganda bu hududlarda ijtimoiy adolatsizlik masalasi mamlakatning boshqa mintaqalariga qaraganda o‘ta dolzarb bo‘lgani, muammoni yechish hamda aholi bilan muloqotning muqobil mexanizmlari yo‘qligi qayd etilgan.

Noa Takerning aytishicha, tadqiqot natijalari ekstremizm bilan muvaffaqiyatli kurash “yot g‘oyalar”ga qarshi kurash yoki teologik yondashuv doirasidan chiqishni taqozo etadi.

Radikallashuvga qarshi kurashdagi yondashuvlarning yangilanishi Markaziy Osiyo aholisi tobora islomiylashayotgan bir paytda alohida ahamiyatni kasb etadi.

Bugun o‘zini mazlum deb hisoblagan guruhlar endi mavjud bo‘lmagan, obro‘sizlantirilgan (kommunizm kabi) yoki ahamiyatini yo‘qotgan jamoaviy o‘zlik o‘rniga dinga murojaat qilmoqda.

Oliver Roy ta’kidlaganidek, biz “islomning radikallashuvini emas, balki radikalizmni islomiylashayotganini kuzatyapmiz”.

Oliver Roy o‘zining “Globallashgan islom” asaridagi “Jihod Qur’ondan ham Marksga yaqinroqmi?” bobida iddao qilishicha, hozirda Fransiyadan Suriyaga ketib ISHID safida kurashayotganlar ikki avlod oldin o‘z muammolarini hal qilish uchun 1960-yillarda Parijdagi kommunistlar boshlagan namoyishlarda ishtirok etgan bo‘lar edi.

Ya’ni, ISHID kabi jangovor guruhlar taktikalarini ma’qul deb topgan isyonchi yoshlar dinga kirib radikallashmagan, balki ular mamlakatdagi siyosiy, ijtimoiy va shaxsiy vaziyati tufayli allaqachon radikal kayfiyatda edi va shu kayfiyatga munosib, muayyan dastak va’da qilgan radikal guruhni topib, uning faoliyatida qatnashishga ahd qilgan.

Agar ISHID kabi guruhlarning jozibadorligi ularning go‘yoki adolatni tiklash iddaosida bo‘lsa, demak bu guruhlarga yoshlarni qo‘shilib ketishi oldini olishning eng samarali usuli shu adolat/adolatsizlik masalasida paydo bo‘lgan norozilik kayfiyati bilan ishlash mexanizmini yaratishdir. Va aksincha, bu guruhlar himoya qilayotganini iddao qilayotgan kengroq guruh vakillarini (masalan, musulmonlarni) jazolash/diskriminasiya qilish zo‘ravon ekstremistik guruhlarga qo‘shilib ketishning oldini olishning eng samarasiz va hattoki xavfli usulidir.

Agar maqsad haqiqatdan ham zo‘ravonlik oldini olish bo‘lsa, 20 yillik aksilterror global sa’y-harakatlar shuni ko‘rsatadiki, “moyil” ijtimoiy guruhlar bilan aloqalarni mustahkamlash bilan ayni damda “dushmanlar” ro‘yxatini imkon qadar tor, haqiqatdan ham jinoyatchi guruhlar bilan cheklash kerak. Buning aksi terrorist guruhlar foydasiga o‘ynaydi va ijtimoiy norozilikni kuchaytiradi.

Agar biz ijtimoiy norozilikni radikallashuvning asosiy omili sifatida ko‘rsak, zulm ko‘rgan, ammo hali radikallashmagan fuqarolar sonini ko‘paytiradigan har qanday qadam aksil-samara beradi. Bunda ijtimoiy norozilikni ayniqsa huquqni muhofaza qiluvchi yoki davlat organlari tomonidan qo‘zg‘atilmasligini ayniqsa muhim ahamiyatni kasb etadi.

Din hanuzgacha ahamiyatlimi?

Din asosidagi aloqalar siyosiy partiyalar sust rivojlangan, fuqarolik jamiyati zaif bo‘lgan millatlarda ayniqsa kuchli bo‘ladi. Nizolarni hal qilish uchun siyosiy va fuqarolik jamiyatini sekular mexanizmlarni ishlab chiqa olmaslik har qanday norozilik diniy tus olishi ehtimolini oshiradi. Bu nafaqat aholisining aksariyati musulmon bo‘lgan jamiyatlarga, balki Shimoliy Irlandiya kabi mamlakatlarga ham xos.

Din odamga hayotiy ma’noni beradigan, unga umid bag‘ishlaydigan, yaxlit dunyoqarashga ega bir kuchdir. Radikalizm bo‘yicha mutaxassislar ISHID yoki boshqa jangari guruhlarga qo‘shilayotganlar ezgu ish qilayotganiga – ya’ni shariat hukmi ostida adolatli jamiyat yaratayotganiga, dunyodagi adolatsizlikni to‘g‘rilayotganiga chindan ham ishonishini odatda hisobga olmaydi. Shuning uchun Islomni to‘g‘ri tushuntirishda, jamoat ichida obro‘ga ega ulamo yoki diniy arboblarning o‘rni muhim. Bu arboblar ISHID kabi guruhlar shariat asosida harakat qilayotganini yoki adolatni tiklayotganini iddao qilayotgan bo‘lsa-da, aslida bu guruhlar na Islomga muvofiq harakat qilayotganini, na adolatni tiklayotganini jamoatga samarali tushuntirib berishi mumkin, chunki jamoat ularga ishonadi.

Diniy targ‘ibot samarasini oshirish uchun, davlat va ayniqsa huquq targ‘ibot organlari dindor qatlam orasida kengroq koalisiyani tashkillashtirishga harakat qilishi kerak, – deydi Noa Taker. Xususan, diqqatni e’tiqod, o‘zlik va mazhablarga emas, xatti-harakatga (zo‘ravonlikni rad etadimi, yo‘qmi) ko‘proq qaratish kerak. Sekulyar davlat asosiy e’tiborini dindorlar qatlami muayyan masalalarga o‘z e’tirozini bildirayotganiga emas, ushbu qatlam muammoni hal qilishda zo‘ravonlikni rad etishi, etmasligiga qaratishi kerak. Sekulyar davlat o‘z nomi bilan sekulyar bo‘lgani uchun diniy bahslarga aralashmasligi, muayyan diniy qarashni (deylik, mazhabni) boshqa diniy qarashdan ustun ko‘rishi va ayniqsa targ‘ib qilmasligi kerak. Davlat uning fuqarolari qanday ibodat qilishi, qanday kiyinayotganiga emas, faqatgina ularning xatti-harakatiga e’tiborini qaratishi lozim. Davlat diniy bahslarda bir tomonga yon bosishi bilan o‘z sekulyarligini yo‘qotadi, bu bahslardagi mag‘lublarga muayyan repressiv choralar ko‘rib esa bilvosita ekstremist guruhlarning targ‘iboti va odam yollashi uchun qulay zamin yaratadi.

Ayni sekulyar qonunlar ostida barcha uchun o‘z xohlaganicha e’tiqod va ibodat qilish (yoki qilmaslik) huquqini ta’minlash odamning ushbu millatga mansublik hissini kuchaytiradi. Ekstremistik guruhlar yoshlarga adolat va mansublik hissini, ularning manfaatini aks etishni va’da qiladi. Bunday chorlovlarga qarshi kurashning eng samarali usuli shunday jamiyat yaratishki, unda iloji boricha ko‘proq fuqarolar o‘z kelajagini ko‘rsin.

Ushbu tadqiqot taqrizini tarjumon.uz tarjimasiga asoslanib Sardor Salim yozdi.

Manba: to'g'ri.uz

P.S. Maqolada keltirilgan fikrlar muallifga tegishli bo‘lib, tahririyat nuqtai nazarini ifoda etmasligi mumkin... 

Kiritildi: 14:55 18.09.2019. O'qildi: 2051 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!