Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Surxondaryolik ayol Jizzaxga ishlashga kelib, oilali erkakni yo‘ldan urdi

Surxondaryolik ayol Jizzaxga ishlashga kelib, oilali erkakni yo‘ldan urdi

Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan Feruza Boychayeva (ism-shariflari o‘zgartirildi) pul zarur bo‘lganligi sababli o‘zining qishlog‘ida mehnat qilishga “uyalib”, ish qidirib Jizzax shahriga kelib qoladi. Jizzaxda ish qidirib yurganida fuqaro Z.To‘rayeva bilan tanishib qolib, uning uyida ijarada yashab turishga kelishadi. Jizzaxlik Normat Naimov “Lasetti” rusumli o‘z avtomashinasida shahar hududida kirakashlik qilib yurgan vaqti F.Boychayeva bilan tanishadi. Bu haqda "hudud24.uz" yozmoqda.

Boychayeva N.Naimovga oilaviy sharoiti og‘irligi sabab bu shaharga Surxondaryo viloyatidan ish izlab kelganligini, unga ish topishda yordam berishini iltimos qiladi. N.Naimov surxonlik mehmonga yo‘q deya olmay, kun bo‘yi ikkovlon unga ish qidirishadi. Kechki payt choyxonada birga ovqatlanishgach, Feruzani ijara uyiga tashlab qo‘yadi. Shundan so‘ng N.Naimov Feruza bilan yulduzi-yulduziga “to‘g‘ri kelib” o‘zaro ishqiy munosabatlarga kirishib, butun qish faslini kayf-safoda o‘tkazdilar. “Sharoiti og‘ir” surxonlik juvon oilasini, yosh farzandini unutib, bir kun ham ishlamasdan jizzaxlik jazmanini kanadek so‘rib yurib bahorgacha shu zaylda yashab yurdi.

Bilmayin tikonni bosgan N.Naimov F.Boychayeva joniga tegdimi yoki “esi” kirib qoldimi, endi uni boshqa moddiy ta’minlay olmasligini, o‘z oilasida ham muammolar ko‘payib ketganligini aytib, boshqa ko‘rishmaslikka qaror qilganini so‘zlaganida “sevgilisi”ning asl basharasini “ko‘rib qo‘ydi”. F.Boychayeva agar N.Naimov uni tashlab ketsa, mahallasiga va uyiga borib, uni hammani oldida sharmanda qilishini, uning xotinbozligini butun olamga yoyishini aytadi. N.Naimov oilasi buzilib ketishidan qo‘rqib, unga “hazillashdim” deb qo‘ya qoladi va ichini it tirnagandek u bilan jirkanch munosabatlarini yana davom ettirib yuradi.

Shu tariqa N.Naimov F.Boychayevaning gaplaridan  qo‘rqqanidan u bilan yana 4 oy “don olishib” yurdi. Iyul oyining oxirlarida N.Naimov F.Boychayevaga oilasi va farzandlari borligini oilasi buzilib, farzandlari yetim bo‘lib qolishini xohlamasligini tinch yo‘l bilan aloqani uzishini aytganida, F.Boychayeva g‘azab otiga minib “men ko‘chada qolmaganman, meni shunchaki axmoq qilib tashlab ketolmaysan, mahallangga borib qo‘ni-qo‘shning, qarindosh-urug‘laringning oldida sharmandai sharmisor qilaman, deb yana po‘pisa qiladi. Shunda N.Naimov undan tinch yo‘l bilan ajralib ketishi uchun nima qilishi kerakligini so‘raydi. F.Boychayeva ham shu savolni ko‘pdan beri kutib yurgan shekilli, hozirjavoblik bilan agar bir million so‘m pul bersa uni tinch qo‘yishi mumkinligini ochiqlaydi. N.Naimov unga bir million so‘m pul bera olmasligini aytganida, F.Boychayeva N.Naimovning haydovchilik guvohnomasini “zalog” sifatida olib qolib, pulni olib kelganida hujjatini qaytarib berishini ta’kidlaydi.

Bir hafta yurib ham aytilgan pulni topa olmagan N.Naimov  noiloj viloyat ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan murojaat qiladi. Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida F.Boychayeva tovlamachilik jinoyatini sodir qilgan paytida qo‘lga olindi. Diktofondagi o‘zaro suhbatlar, maxsus ishlov berilgan pul bog‘lami, voqea joyida olingan fotosuratlar, guvohlarning ko‘rsatmalari F.Boychayevaning tergov davomida jinoyatni sodir qilganlikda ayblash uchun yetarli asoslar deb hisoblandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi F.Boychayevani Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli topib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, uning aybiga iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, jabrlanuvchining davosi yo‘qligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb hisoblab, sudlanuvchiga qo‘shimcha taqiqlar o‘rnatib, tungi vaqtda ya’ni kech soat 22 00 dan, ertalab soat 6 00 gacha yashash joyidan chiqishini cheklash sharti bilan 1 (bir) yil 6 (olti) oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Kiritildi: 10:57 01.06.2020. O'qildi: 7428 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!