Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Surxondaryoda mardlarcha halok bo‘lgan xodimning oilasiga yangi uy qurib berildi (FOTO)

Surxondaryoda mardlarcha halok bo‘lgan xodimning oilasiga yangi uy qurib berildi (FOTO)

Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi Jarqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limida xizmat qilib, mardlarcha halok bo‘lgan katta leytenant Sherali Aytuganovning oila a’zolari uchun barcha sharoitlarga ega yangi uy qurib berildi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik SH.Sotvoldiyev boshchiligida ichki ishlar idorasi xodimlari to‘rt oy muqaddam marhum katta leytenant SH.Aytuganov oila azolarining holidan xabar olib, yashash sharoitini o‘rganganida xonadonda yetarli sharoit yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Yashash uyining yaroqsiz holga kelib qolgani aniqlandi.

Shundan so‘ng viloyat IIB rahbari xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan mard xodimning uyini homiylik asosida qayta qurib berish taklifini ilgari surdi. Bu tashabbus tizimda xizmat qilayotgan xodimlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, qisqa vaqtda yetarli mablag‘ jamg‘arildi. Yaroqsiz holga kelgan turar-joy binosi buzilib, ushbu mablag‘ evaziga yangi uy qurilishi boshlab yuborildi. Qurilish ishlarida qo‘li gul quruvchilarga ichki ishlar idoralarining ko‘ngilli, qo‘lida hunari bor xodimlari ham yaqindan ko‘maklashdi. Natijada to‘rt oyda zamonaviy, shinam uy qurib, bitkazildi.

Mustaqilligimizning 28 yilligi keng nishonlangan bir paytda xonalari yuksak did bilan jihozlangan yangi uy to‘yida mahalla ahli, qo‘ni-qo‘shnilari hamda marhum Sherali Aytuganovning safdoshlari, do‘stlari ishtirok etdi.

– Bunday ezgu, savob ish marhum hamkasbimizning oila a’zolari va yaqinlari qalbiga bir olam quvonch bag‘ishladi, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari, kapitan F.Toshboyev. – Yangi uyda Qur’on tilovat qilindi. Safdoshlari, do‘stlari SH.Aytuganovning yaxshi fazilatlarini, bolalik yillarini yodga olib, ruhini shod etdi.

Mard, jasur profilaktika inspektori SH.Aytuganov 1981 yil Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 2003-2008 yillarda Ichki ishlar vazirligining yong‘in xavfsizligi texnika oliy maktabida ta’lim olib, 2008-2010 yillarda tuman ichki ishlar bo‘limida xizmat qilgan. 2010 yil oktyabr oyida davlat va xalq mulkini qo‘riqlash chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan.

Yangi uy to‘yida marhum Sherali Aytuganovning ikki farzandiga 12 turdagi o‘quv qurollari va qimmatbaho sovg‘alar ham topshirildi.

Kiritildi: 15:49 07.09.2019. O'qildi: 4016 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!