Suriyaning yangi o‘tish davri hukumati bosh vaziri Muhammad al-Bashir sobiq prezident Bashar Asad rejimi ag‘darilganidan so‘ng suriyaliklar uchun "barqarorlik va osoyishtalikdan bahramand bo‘lish vaqti kelganini" aytdi.
Idlib viloyatidagi isyonchilar ma’muriyatining sobiq rahbari Al-Bashir “Hay’at Tahrir ash-Shom” va uning ittifoqchilari unga 2025 yil martigacha mamlakatni boshqarish vazifasini qo‘yganidan keyin Al Jazeera telekanaliga intervyu berdi.
Seshanba kuni Damashqda yangi o‘tish davri hukumati a’zolari va Asad davridagi sobiq vazirlar mahkamasi a’zolarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Hokimiyatni topshirish masalasi muhokama qilingan ushbu yig‘ilishiga Muhammad al-Bashir raislik qildi.
"Bugun Vazirlar mahkamasi yig‘ilishini o‘tkazdik. Biz Suriya xalqiga xizmat qila oladigan konstitusiyaviy tuzumga ega bo‘lgunimizcha, Idlib va uning atrofidagi hududlardagi eski hukumat a’zolariga va Asad davridagi ma’muriyat rahbarlarining ayrimlariga kelgusi ikki oy davomida hamkorlikda ishlashni taklif qildik", — deya izoh berdi Al-Bashir Al Jazeera'ga.