Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Sun’iy qish hosil qilishmoqchi, uning oqibati qanday bo‘ladi?

Sun’iy qish hosil qilishmoqchi, uning oqibati qanday bo‘ladi?

Olimlar sayyoramiz haroratini pasaytirishmoqchi. Bu hazil ham, tentaklik ham emas. Amerika iqlimshunoslari 2019 yilda g‘ayrioddiy tajriba o‘tkazishmoqchi. Ular stratosferaga aerozol ballon bilan havo shari uchirishadi. Ballonda karbonat kalsiy (bo‘r kukuni) bo‘ladi. Kimyoviy birikma 20 kilometr balandlikda changitiladi, zond esa aerozol bulutlari orasidan Yerga qaytib, osmonda bo‘lgan o‘zgarishlarni tahlil etadi.

Bu nimaga kerak?

Global isish sabablari haqida har qancha bahslashish mumkin. Ammo u isbot talab etilmaydigan dalil. XX asr boshidan havo harorati 0,74 0S darajaga oshdi. Agar jarayon shu tarzda davom etadigan bo‘lsa (sanoat chiqindisi kamaytirilmasa, o‘rmonlar tiklanmasa, "yashil" energetika-maysazorlar ko‘paytirilmasa), harorat 4 0S darajaga ko‘tarilishi mumkin. Oqibati esa ayanchli – okean suv sathi ko‘tariladi, qirg‘oq bo‘yidagi shaharlarni suv bosadi, migrasiya ommaviy tus oladi, o‘lim ko‘payadi, har xil tabiiy ofatlar – qurg‘oqchilik, dovullar, suv toshqinlari ro‘y beradi.

Juda ko‘p olimlar, bularning oldini olish uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yetarli natija bermaydi, yuqori samarali usullarni qo‘llash kerak, deb hisoblaydilar va o‘z loyihalarini taklif qiladilar. Bunday choralar majmuasi geoinjeneriya deb ataladi.

Uning oqibati nimaga olib keladi?

Olimlar stratosferaga sepiladigan kimyoviy zarrachalar quyosh nurini qaytarishi natijasida Yer yuzasi sovushiga umid qilmoqda. Bunga ular vulqon otilishi natijasida chang osmonni qoplab nurini to‘sib qo‘ygan hollarda dunyo bir necha yil davomida qishga cho‘mganini misol qilib ko‘rsatishmoqda.

Avvaliga stratosferaga sulfat zarrachalarini changitish rejalashtirilgan edi. Ammo aniqlanishicha, bu oltingugurt kislotasi paydo bo‘lishiga olib kelarkan. U esa bizni quyosh radiasiyasidan himoya qiluvchi ozon qatlamini yemiradi. Tadqiqotchilar tajriba o‘tkazish uchun boshqa kimyoviy birikma qidirishga kirishdilar. Bu karbonat kalsiy ekan. U quyosh nurini qaytaribgina qolmay, oltingugurt, azot va turli kislotalarni bartaraf etadi. Natijada stratosferada ozon qatlamiga zarar yetmaydi.

Ammo 3 million dollar qiymatga ega tajriba boshqa mutaxassislarning e’tirozlariga sabab bo‘l­di. Ular aerozol changitish stratosferada o‘nglab bo‘lmas oqibatlarni keltirib chiqarishi – dunyo okeani isishi va uning sathi ko‘tarilishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdilar. Bundan tash­qari, dehqonchilik katta zarar ko‘radi, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosili kamayib ketadi.

Yana qanday taklif bor?

Iqlimshunoslarda g‘oyalarning cheki yo‘q. Vashington universiteti olimlari dengiz suvidan bulut hosil qilishni taklif etishmoqda. Ular uni atmosfera yuqorisida sekundiga bir necha trillion zarra tezligida maxsus purkagich yordamida changitishni mo‘ljallashmoqda. Ularning hisob-kitoblari bo‘yicha sun’iy bulut quyosh nurining bir qismini qaytaradi, bu esa sayyorada o‘rtacha haroratni pasaytiradi.

Geoinjeneriya loyihalarining butun bir seriyasi Arktikaga qaratilgan. Birinchi vazifa – uning muzi erishi tezligini kamaytirish. Chunki Arktika muz qalpog‘i quyosh nurini qaytarib okean ilishining oldini oladigan ulkan ko‘zgudir.

Ammo iqlim jarayoniga kosmosdan ham ta’sir qilish mumkin ekan. Oxir oqibat quyosh nurlanishi aynan o‘sha tomondan keladi-da! Amerikalik astronom Rojer Enjel buning uchun fantastik filmlardagi singari kosmosga 16 trillion kremniy disklardan iborat ulkan zont chiqarish g‘oyasini ilgari surdi. U quyosh nuri bir qismini sayyoramizga tushishdan qaytaradi. Enjel yana orbitaga yo‘ldoshlar katta guruhini chiqarishni taklif qiladi. Bunday flotiliya Yer yuzasida 300 million gektar maydonda soya hosil qilib, o‘rtacha havo haroratini pasaytirar emish.

Ushbu g‘oyalar nechog‘lik xayoliy bo‘lmasin, har holda kimningdir kallasiga keladigan sayyoramizning qaysidir burchagida qator qudratli termoyadro portlashlari o‘tkazish axmoqona g‘oyasidan yaxshiroqdir. Portlashdan atmosferaga ko‘tariladigan cheksiz miqdordagi chang, yadro qishi va keskin sovushga olib kelib, Yerdagi hayotga nuqta qo‘yishi mumkin. Xudoga shukr, undan ko‘ra global isish har holda yaxshiroqdir, deydi sog‘lom fikrli olimlar.

"AiF" (2019 y. 1-2-sonlar)dan T.SHOMURODOV tarjimasi

Manba: zarnews.uz

Kiritildi: 06:00 15.07.2019. O'qildi: 3542 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!