Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Sudyaning faoliyatiga chetdan aralashish qonuniy javobgarlikni keltirib chiqaradi

Sudyaning faoliyatiga chetdan aralashish qonuniy javobgarlikni keltirib chiqaradi

Avvalo shuni aytish kerakki, sudlar faoliyati boshqa davlat organlari faoliyatidan tubdan farq qiladi.

Birinchidan, vazirlik yoki hokimliklarda kadrlarni tanlash va lavozimga tayinlash vazir yoki hokimning vakolati doirasida amalga oshiriladi. Shuningdek, vazir yoki hokim qo‘l ostidagi xodimlar uchun mas’ul bo‘lgani holda har bir xodimga zarur topshiriqlar berish vakolatiga ham egadir. 

Sudlarda esa bu jarayon tubdan farq qiladi. Aniqroq aytganda, sudya o‘z faoliyatida mutlaqo mustaqil hisoblanadi, unga biron-bir ish yuzasidan muayyan qaror chiqarish haqida topshiriq yoki ko‘rsatma berishga hech kim haqli emas. 

Ya’ni sudyaning faoliyatiga chetdan aralashish qonuniy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Shuningdek, sudya tomonidan qabul qilingan qaror faqatgina yuqori instansiya sudlarida, uch yoki besh nafar sudyadan iborat sudlov hay’ati tomonidan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Sud qarorlarini bekor qilishning prosessual tartibi amaldagi qonunchiligimizda aniq belgilab qo‘yilgan. Aytaylik, tuman, tumanlararo, shahar sudi sudyasi tomonidan qabul qilingan qaror, basharti apellyasiya instansiyasida ko‘rilmagan bo‘lsa, Oliy sud tomonidan ham bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu tartib odil sudlovning asosiy tamoyillaridan biri - sudyalar mustaqilligini ta’minlashning muhim omilidir.

So‘nggi yillarda sudlar tomonidan qabul qilingan oqlov hukmlari sonining ortib borayotgani – sud tizimi faoliyatidagi real ijobiy tendensiyadir. Umuman aytganda, sudlarning faoliyati jamiyatda qonun ustuvorligi va adolat tamoyilini ta’minlashdan iboratdir. Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda qaror qabul qilish chog‘ida asosiy e’tibor oqlov yoki ayblov hukmi chiqarishga emas, balki har jihatdan qonuniy, asosli va adolatli hukm chiqarishga qaratilishi g‘oyatda muhimdir. 

Sudlar tomonidan qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilinishi zamirida jamiyatda adolat tamoyillarini qaror toptirish, fuqarorlar huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, fuqarolarning sudlarga ishonchini oshirish kabi ko‘plab maqsadlar mujassamdir.

Yuqorida qayd etilganlarni ta’kidlashdan maqsad shuki, bugun ba’zi jurnalist va blogerlar tomonidan sudlar faoliyatiga asossiz ravishda aralashish holatlari ham uchrab turibdi. Xo‘sh, bunday holatlar nimalarda ko‘rinadi?

Bu savolga javoban shuni aytish kerakki, bugun ayrim jurnalist va blogerlar sudlar tomonidan hali ko‘rib tamomlanmagan ish natijalarini o‘zlaricha sharhlashga urinmoqda. Ommaviy axborot vositalari ochiqlik va oshkoralik tamoyilini suiiste’mol qilmasliklari, bunday imkoniyatdan sudlarga bosim yoki tazyiq o‘tkazish yo‘lida foydalanmasliklari lozim. 

Odil sudlovga faqatgina ish uchun ahamiyatli har bir vaj, dalillar sinchiklab tekshirilib, qonuniy baho berilganidan so‘nggina erishish mumkin. Qayd etmoqchimanki, odil sudlov faqatgina sud zalida va sud jarayoni nihoyasi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Bugungi kunda, sudyalar korpusi inson huquq va erkinliklari hamda qonun ustuvorligini ta’minlashni asosiy qadriyat va tamoyil deb hisoblab, unga qat’iy rioya qilmoqda. 

Ustuvor vazifa - sud tizimining mustaqilligi. Bu, o‘z navbatida, adolatli odil sudlov va fuqarolarning sud hokimiyatiga ishonchini oshirishning zaruriy shartidir.          


Aziz Abidov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi
Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan
hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i

Kiritildi: 20:30 26.02.2021. O'qildi: 1677 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!