Bugun 23 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Sudlanuvchi tomonidan yetkazilgan zarar qoplanganligi sababli sud hukmi o‘zgartirildi

Sudlanuvchi tomonidan yetkazilgan zarar qoplanganligi sababli sud hukmi o‘zgartirildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudining 2018 yil 25 dekabrdagi hukmiga ko‘ra, T. O‘zbekiston Respublikasi JK 168-moddasi 3-qismining “b” bandi, 28,211-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan JKning 59-moddasi tartibida, 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.

Hukm qonuniy kuchga kirgach, sudlanuvchi T.dan davlat foydasiga 12.930.965 so‘m, jabrlanuvchi F. foydasiga 5.000.000 so‘m undirish belgilangan.

Sudning hukmiga ko‘ra, sudlangan T. 2017 yilning sentyabr oyida F.ni aldab, unga guyoki G‘ijduvon tuman hokimiyatidagi tanishlari va tuman hokimining o‘rinbosari orqali G‘ijduvon tumanidagi Markaziy kasalxonasi yonidan ijtimoiy dorixona qurish uchun yer maydoni olib berishi mumkinligi, buning uchun ushbu tanishiga 3.000.000 so‘m naqd pul berishi lozimligini ma’lum qilib, F.ni bunga ishontirib va pora berishga dalolat qilib, shu kuni firibgarlik yo‘li bilan G‘ijduvon tuman DSIning 3-qavatida joylashgan xizmat xonasida F.dan 3.000.000 so‘m olgan.

Shuningdek, T. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2018 yilning taxminan fevral-mart oylarida F.ga G‘ijduvon tumanidagi Markaziy kasalxonasi yonidan ijtimoiy dorixona qurish uchun yer maydoni ajratish masalasi hal bo‘lmayotganligi, shuni hal etish uchun hokim o‘rinbosariga pul berishi kerakligini aytib, uni bunga ishontirib va ishonchini suiiste’mol qilgan holda pora berishga dalolat qilib, firibgarlik yo‘li bilan F.dan G‘ijduvon tuman DSIning 3-qavatida joylashgan xizmat xonasida 750.00 so‘m pullarini qo‘lga kiritgan.

Xuddi shunday, T. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2018 yil 10 may kuni F.ga uni G‘ijduvon tumanidagi Qizil yarim oy jamiyatining ijrochi direktori vazifasidan Buxoro viloyat qizil yarim oy jamiyati rahbari ishdan ozod qilmoqchi ekanligini, ishdan bo‘shatilgan taqdirda G‘ijduvon tumanidagi Markaziy kasalxonasi yonidan ijtimoiy dorixona qurish uchun yer maydoni ajratish masalasini hal qilaolmasligini, shu sababli viloyat rahbariga 300 AQSh dollari berish orqali o‘z ish o‘rnida qolishi va unga yer masalasini hal qilishi mumkinligini bildirib, F.ni bunga ishontirib va ishonchini suiiste’mol qilgan holda pora berishga dalolat qilib, firibgarlik yo‘li bilan undan 2.407.749 so‘mga teng bo‘lgan 300 AQSh dollarini qo‘lga kiritgan.

T. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2018 yil may oyining oxirlarida F.ga G‘ijduvon tumanidagi Qizil yarim oy jamiyatida ijrochi direktor vazifasi ishlab kelib, kamomadga yo‘l quyganligini bildirib, F.ni aldab, uning ishonchini suiiste’mol qilib, kamomadni qoplashi uchun deb, AT “Agro bank” G‘ijduvon tuman bo‘limi oldida F.ni 5.000.000 so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, T. o‘zining jinoiy harakatlarini takroran davom ettirib, 2018 yil yanvar oyi boshlaridan fevral oyining oxirlariga qadar bo‘lgan vaqt davomida o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida fuqaro K.ning ishonchiga kirib, unga G‘ijduvon tuman hokimiyatidagi tanishlari va tuman hokimi o‘rinbosari orqali, ya’ni ushbu tanishlariga 2.000 AQSh dollari berish yo‘li bilan unga G‘ijduvon tumani markazidagi saylgohi ichidan sartaroshxona qurish uchun 8 sotix yer maydoni olib berishni va’da qilib, pora berishga qiziqtirgan holda aldab, G‘ijduvon tuman 21-asr ko‘chasida joylashgan G‘ijduvon tuman DSI binosida K.dan jami 9.773.216 so‘mga teng bo‘lgan 1.200 AQSh dollarini qo‘lga kiritib, o‘ziga bildirilgan ishonchni suiiste’mol qilib, olgan pullarini o‘z manfaatlari yo‘lida sarflab, takroran firibgarlik va pora berishga dalolat qilish jinoyatlarini sodir qilgan.

Birinchi bosqich sudi, T.ning jinoiy harakatlarini O‘zbekiston Respublikasi JK 168-moddasi 3-qismining “b” bandi va 28,211-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan to‘g‘ri kvalifikasiya qilgan va jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar qoplanmagani sababli unga nisbatan u ayblanayotgan moddalar sanksiyasi doirasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlash xususida to‘g‘ri xulosaga kelgan.

Ish hujjatlariga ilova qilingan Majburiy ijro byurosi G‘ijduvon tuman bo‘limining 2019 yil 18 yanvardagi 269, 285-sonli xatlariga ko‘ra, sudlanuvchi T.dan davlat foydasiga 12.930.965 so‘m, jabrlanuvchi F. foydasiga 5.000.000 so‘m undirilib, shu haqidagi ijro hujjatlarining ijrosi to‘liq ta’minlanganligi qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi JK 168-moddasining 5-qismi talabiga muvofiq, firibgarlik jinoyati oqibatida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004 yil 21 maydagi “Jazolarni liberallashtirish to‘g‘risidagi qonunni iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarga nisbatan qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarorining to‘qqizinchi bandiga asosan, sudlar mazkur toifadagi ishlar bo‘yicha moddiy zarar qaysi sudlov bosqichida qoplanganligidan qat’i nazar ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan shaxslarga nisbatan jazo turini o‘zgartirish masalasini darhol hal etishlari lozim.

Shu bois, sudlov hay’ati, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganligini hamda ishdagi jazoni yengillashtiruvchi barcha holatlarni inobatga olgan holda, JKning normalariga va Oliy sud Plenumi qaroridagi tushuntirishlarga asoslanib, sud hukmi o‘zgartirilib, sudlanganga nisbatan JKning 45,57,59,61,62-moddalari tartibida ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

 

KSH-4-04/44-19-sonli ajrimi

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro viloyat sudi raisining

o‘rinbosari A.Shaydoyev

Kiritildi: 12:05 20.11.2019. O'qildi: 1220 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!