Bugun 13 dekabr, 2024 yil, juma

КИР

Sudlanganlik holati qachon tugallangan hisoblanadi?

Sudlanganlik holati qachon tugallangan hisoblanadi?

Savol: Pochchamga sodir qilgan jinoyati uchun ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Hozirda mazkur jazoni deyarli o‘tab bo‘ldi. Pochchamning sudlanganlik holati tugalangan hisoblanadimi?

Guli Alizoda, Farg‘ona viloyati

Javob: Dastlab sudlanganlik haqida to‘xtalsak. Sudlanganlik — bu shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm qilinishidan kelib chiqadigan huquqiy holat hisoblanadi. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.

Sudlanganlik holati tugallanishi shaxsning sudlanganligi fakti bilan bog‘liq barcha oqibatlarning jazo turi va muddatidan kelib chiqqan holda JK 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlar o‘tganligi natijasida avtomatik tarzda (o‘z-o‘zidan) barham topishini anglatadi.

Bunday hollarda sudlanganligi tugallangan shaxs, uning vorisi, qonuniy vakili yoki advokati iltimosiga ko‘ra hukm chiqargan sud tomonidan sudlanganlik holati mavjud emasligi faktini tasdiqlovchi ma’lumotnoma beriladi.

Jinoyat kodeksining 78-moddasiga asosan, shaxsning sudlanganlik holati quyidagi paytlarda tugallanadi:

— shartli hukm qilinganlarga nisbatan – sinov muddati tugagan kundan boshlab;

— majburiy jamoat ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish tarzidagi jazolarini o‘tab chiqqach;

— jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari o‘talganidan keyin – 1 yil o‘tgach;

— ozodlikni cheklash jazosi o‘talganidan keyin – 2 yil o‘tgach;

— 5 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin – 4 yil o‘tgach;

— 5 yildan ortiq, lekin 10 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin – 7 yil o‘tgach;

— 10 yildan ortiq, lekin 15 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin – 10 yil o‘tgach.

Nodirjon Raimqulov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tuman sudining raisi

Kiritildi: Bugun 12:13. O'qildi: 690 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!