Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

SSV: Respublika kardiologiya markazida noyob va murakkab operasiyalar turi 34 taga yetkazildi

SSV: Respublika kardiologiya markazida noyob va murakkab operasiyalar turi 34 taga yetkazildi

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda yuz berayotgan o‘lim holatlarining qariyb 60 foizi yurak-qon tomir tizimi kasalliklari oqibatida kelib chiqmoqda. Qolaversa, bu turdagi xastaliklar hanuz nogironlikka yetaklovchi eng asosiy sabablardan biri.

Bunday og‘ir darddan aziyat chekkan yurtdoshlarimiz yaqin yillargacha Germaniya, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarga davo istab borgan bo‘lsa, endi bu yo‘nalishdagi barcha ilg‘or muolaja usullari yurtimizda yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida hozir 34 turdagi murakkab va noyob operasiyalar o‘tkazilmoqda.

— Stentlash, aorta koronar shuntlash, radiochastotali ablasiya, elektrokardiostimulyator o‘rnatish, yurak klapanlarini protezlash kabi ochiq usuldagi amaliyotlar yiliga minglab bemorlarning hayotini saqlab qolish va umrini uzaytirish imkonini bermoqda, — deydi markaz direktori Xurshid Fozilov.

— Bundan tashqari, yurak nuqsonlarini endovaskulyar usulda davolash ham keng ommalashyapti. Muassasamizning Rentgenendovaskulyar jarrohlik bo‘limi shu yo‘nalishga ixtisoslashgan.

Surunkali toj tomirlar okklyuziyasini antegrad va retrograd yo‘llar bilan ochish va stentlash, kateter orqali aortal klapan implantasiyasi, qorinchalararo va bo‘lmachalararo to‘siq defekti hamda yurak tug‘ma nuqsonlarini kateter orqali okklyuder bilan yopish amaliyotlari shular jumlasidan.

Ushbu innovasion muolaja turlarining noyobligi shundaki, ular ko‘krak qafasini kesmasdan, bilak tomiri orqali bajariladi.

Elektrofiziologik tekshiruvlar va yurak aritmiyalari murakkab turlarini jarrohlik yo‘li bilan davolash bo‘limida esa 10 turdagi operasiyalar o‘tkazilmoqda. Ulardan 6 tasida radioto‘lqinli ablasiya usuli qo‘llanilsa, 4 tasida turli elektrokardiostimulyatorlar implantasiya qilinadi.

Jumladan, radiochastotali ablasiya usuliga muvofiq, ko‘krak qafasini ochmasdan, maxsus moslamalar yordamida yurakka yetib borgan holda, uning notekis urishi (aritmiya) bilan bog‘liq ba’zi nuqsonlar radioto‘lqin vositasida bartaraf etiladi.

Kardiojarrohlik bo‘limida ochiq usuldagi yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkaziladi. Ushbu muolaja turi ishlab turgan yurakda bajarilib, bir vaqtning o‘zida ushbu tana a’zosida ikki va undan ortiq o‘ta murakkab operasiyalar amalga oshiriladi.

Ya’ni yurak klapanlarini protezlash, plastika qilish, tug‘ma nuqsonlarni jarrohlik yo‘li bilan bartaraf etish, yurak mushaklari o‘smalari, qorincha va bo‘lmachalar ichidagi tromblarni olib tashlash sun’iy qon aylanish tizimi yordamida o‘tkaziladi.

E’tiborlisi, markazimizning hududiy filiallariga ham angiograf uskunasi o‘rnatilib, koronarografiya va stentlash amaliyotlari yo‘lga qo‘yilgach, davolash hamda diagnostika usullari 40 tagacha yetkazildi.

Kiritildi: 10:12 03.10.2022. O'qildi: 1397 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!