Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

"Sizni qamoqqa olib, oilangizni sharmanda qilamiz": navoiylik erkak jinoyatga qo‘l urdi

"Sizni qamoqqa olib, oilangizni sharmanda qilamiz": navoiylik erkak jinoyatga qo‘l urdi

Navoiy viloyatida sodir bo‘lgan jinoiy harakat uncha-muncha odamning hayoliga kelmas. Boringki, kelganda ham unga qo‘l urishga vijdon to‘sqinlik qilar. Ammo har joyda bo‘lgani kabi Navoiyda ham gurunch ichidan kurmaklar chiqib turadi.

Jiyanining kuyov uyida atigi to‘rt oy yashab uyiga qaytib kelishi Baxri To‘xtayevga alam qildi. Boz ustiga bir kasallikni orttirib kelib, davolanish uchun undan 3 mln. so‘m olib chiqib ketgani va buni qaytarishga imkon qilolmayotganidan jig‘ibiyron bo‘laverardi. Bu o‘ylar, alamzadalik uni tinch qo‘ymasdi. U shayton hamrohligida bir ishga qo‘l urishni reja qildi. “Men pullarimni o‘sha vallomatlardan undirib olaman!”

Rejasini yaqin bir o‘rtog‘i bilan fikrlashib ishga uni ham sherik qildi.

— Men tuman prokuraturasi xodimiman, siz falonchiyevmisiz?

Kuyov tomonga kelgan bu kutilmagan qo‘ng‘iroqdan xo‘jalik boshlig‘i Raxim Kurbonovning rangi o‘chdi.

— Ha, men...

— Sizni keliningiz bizga ariza shikoyat bilan murojaat qilgan, xozirda ariza yuzasidan ish boryapti. Bu jinoiy ish bo‘yicha sizni qamoqqa olishimiz va oilangizni ommaviy axborot vositalari orqali sharmanda qilishimiz mumkin. Delo meni qo‘limda, zudlik bilan to‘lovini qilmasangiz bo‘lmaydi.

 Bundan ko‘ra o‘lganim yaxshi deya shoshib qolgan R. Qurbonov “deloning to‘lovi” qancha ekanligini so‘radi.

— Ikki million oltiyuz ming so‘m! Men sizni Karmana tumani avtoshohbekatida kutaman.

Kimdadir shuncha pul bo‘ladi, kimdadir birdan topish mushkul. Shu ma’noda boshi qotib, “endi shu savdo xam bormidi”, deya siqilgan R. Qurbonovning esa pulni topib borishdan o‘zga chorasi yo‘q edi.

Aytilgan vaqt, aytilgan joyda talab qilingan pulni berildi. Ammo qarangki, bu birinchisiyu so‘nggisi emas, atigi boshlanishi ekan. Shundan so‘ng tanish raqam orqali kelayotgan qo‘ng‘iroqlardan Qurbonovlar oilasining yuragi ortiga tortadigan bo‘lib qoldi.Bir gal 980.000 so‘m, keyin 846.000 so‘m, yana 1.200.000 so‘m pullarni “deloni yopish” uchun turli vajlar bilan qo‘lga kiritgan tovlamachilarning qilmishidan oxir oqibat zada bo‘lgan oila a’zolari bu xususda huquqni muhofaza qilish organiga murojaat qilishga qaror qilishdi.

Dastlabki tergov jarayonida B. To‘xtayevning atigi bir marotaba 2.600.000 so‘m pulni olganligi, qolganlarini esa uning jinoiy sherigi o‘zi uchun ishlatganligi ma’lum bo‘ldi.

Haqiqat qaror topib, tovlamachilar tomonidan o‘zlashtirilgan pullar egalariga qaytarildi.

Qarangki, ellik yoshida alamzadalik bilan o‘ylamay qo‘ygan qadami uchun jinoyatchiga aylangan B. To‘xtayev hamda jinoiy sherigining sharmanda bo‘lganiyu jinoyatchi degan nomni olgani qoldi.

Sud B. To‘xtayevning qilmishidan chin dildan pushaymonligi, qaramog‘ida to‘rt nafar farzandlari hamda keksa onasi borligi, o‘zi yagona boquvchi ekanligi va shuningdek keltirilgan zarar to‘la qoplanganligi, R. Qurbonovning unga nisbatan da’vosi yo‘qligi va boshqa jihatlarni inobatga olib, qonun sanksiyasi doirasida tegishli jazo tayinladi.

 

Alisher SAYDULLAYEV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Karmana tuman sudi sudyasi

Kiritildi: 14:04 29.10.2019. O'qildi: 3264 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!