Bugun 3 yanvar, 2025 yil, juma

КИР

Shimoliy Koreya qo‘shinlarining ikkinchi partiyasi Rossiyaga jo‘natishga tayyorlanmoqda

Shimoliy Koreya qo‘shinlarining ikkinchi partiyasi Rossiyaga jo‘natishga tayyorlanmoqda

Bu haqda Bloomberg juma kuni Janubiy Koreya razvedkasi hujjatlariga tayanib xabar berdi.

Hujjatlarga ko‘ra, Rossiyaga jami 10 mingga yaqin askar jo‘natish rejalashtirilgan bo‘lib, ulardan bir yarim ming nafari yuborilgan.

Hujjatlarda, shuningdek, o‘tgan yilning avgust oyidan beri Shimoliy Koreya Rossiyaga sakkiz millionga yaqin snaryad, 100 ta raketa va tankga qarshi qurol yetkazib bergani ko‘rsatilgan.

Avvalroq Times gazetasi Shimoliy Koreya Rossiyaga har yili uch million snaryad yetkazib berishini xabar qilgan edi. Bloomberg Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlarini mustaqil ravishda tekshira olmadi. Seul tashqi ishlar vazirligi hozircha ma’lumotga izoh bermadi.

Janubiy Koreya 27-oktabr, dushanba kuni NATO vakillari bilan uchrashuvda razvedka ma’lumotlarining bir qismini taqdim etish niyatida, deb yozadi Bloomberg.

AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin chorshanba kuni Shimoliy Koreya qo‘shinlarining bir qismi allaqachon Rossiyaning mashg‘ulot maydonlarida, 3000 ga yaqin askar mashg‘ulotlardan o‘tayotganini aytdi. Ukraina harbiy razvedkasi payshanba kuni Shimoliy Koreyaning birinchi bo‘linmalari o‘quv mashg‘ulotlarini yakunlagani va hatto Ukraina qo‘shinlari chegara hududining bir qismini egallab olgan Kursk viloyatiga yetib kelgani haqida xabar berdi.

Bloomberg agentligiga ko‘ra, Rossiya Shimoliy Koreya fuqarolariga qurol-yarog‘ va jangovar kiyim-kechak, shuningdek, ularni Rossiyaning sharqiy hududlari aholisiga o‘xshatish uchun qalbaki guvohnomalar bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda.

Payshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyadagi Shimoliy Koreya harbiylari haqidagi ma’lumotlarga ilk bor izoh berdi. U buni «bizning ishimiz» deb atadi va Shimoliy Koreya bilan keng qamrovli strategik sheriklik shartnomasining 4-moddasini keltirdi. Ushbu modda uning ishtirokchilaridan biriga tajovuz sodir bo‘lgan taqdirda o‘zaro yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

Financial Times ekspertlarga tayanib, Xitoy Shimoliy Koreyaning Rossiyaga berayotgan harbiy yordamidan noroziligini bildirganini xabar qildi. Xitoy rahbari Si Szinpin Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inga yo‘llagan so‘nggi maktubida Shimoliy Koreyani an’ana sanaladigan «do‘stona qo‘shni davlat» deb atamadi.

Iyul oyida, KXDR va Rossiya o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanganidan bir oy o‘tib, Xitoyning Pxenyandagi elchisi Koreya urushi tugashi sharafiga o‘tkazilgan tantanalarda qatnashmadi. Mutaxassislarning aytishicha, Xitoy ham Rossiya Shimoliy Koreyaning yadroviy salohiyatini yaxshilashga yordam berishi mumkinligidan xavotirda.

Kiritildi: 13:10 26.10.2024. O'qildi: 1324 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!