Bugun 23 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Shifokorga tajovuz uchun alohida javobgarlik kerak

Shifokorga tajovuz uchun  alohida javobgarlik kerak

Afsuski bemor va uning qarindoshlari tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish holatlari ko‘plab uchramoqda. Ayniqsa, bu tez tibbiy yordam xodimlari hissasiga ko‘proq to‘g‘ri kelmoqda.

Birgina 2019 yilning o‘zidayoq tibbiyot xodimlariga nisbatan 300 dan ortiq ana shunday tajovuzlar qayd qilingan ekan. Ammo ulardan faqat 40 tasida tibbiyot xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishgan xolos.
Afsuski birovga yordamga shoshgan tibbiyot xodimlariga o‘zlarining sog‘lig‘iga atayin zarar yetkazilganida hozirgidek e’tibor qilmadik. 

Koronovirus epidemiyasiga qarshi kurash bizga ularning ko‘rsatayotgan fidoyiligi va mehnatlarining aslida qanchalik muhim ekanligini anglash imkoniyatini berdi.

Tibbiyot sohasini yangi bosqichga olib chiqgan buyuk ajdodimiz Abu Ali Xusayn ibn Sinoning ilmiy izlanishlarini usha davrda ham “dahriy”likka yo‘yib quvgan, azoblagan odamlar ko‘p bo‘lgan ekan. 

Biroq qiyinchiliklarga qaramay Ibn Sino bemorlarni davolash bilan bir qatorda 450 dan ortiq (bizgacha 240 tasi yetib kelgan) asarlar yozgan bo‘lib, shundan 50 dan ortig‘i (bizgacha 30 tasi yetib kelgan) tibbiyot sohasidagi ilmiy asarlarni tashkil etgan. Uning asarlari xozirda ham Yevropa universitetlarida fan sifatida o‘qitiladi. Shuningdek, U qomusiy faylasuf Aristotelga qiyoslanadi. Bir so‘z bilan aytganda, Ibn Sino tibbiyot qiroli, u insoniyat tarixidagi buyuk tibbiyot olimlaridan biri bo‘lgan. Ayrim manbalarda “medisina” so‘zi “madad” va “sino” so‘zlaridan olinganligi aytiladi.
Kishini o‘ylantiradi, qiyinchiliklarni yengib chiqa olmagan qanchadan-qancha Ibn Sinolar o‘tgan ekan tarixda?! 

Yurtimizda bundan o‘n asr avval yashagan nafaqat Ibn Sino balki usha davrda tabibning ilmiy izlanishiga kun bermagan ayrim odamlar ham bizning ota bobolarimiz-ku aslida, ammo biz ham ulardek yo‘l tutishga haqqimiz yo‘q.

Bu fikrlar muammoni bo‘rttirib yuborgandek tuyulishi mumkin, lekin tibbiyot xodimlariga nisbatan qilingan bitta tajovuz ham jinoyat! Bu soha vakillariga alohida e’tibor, alohida himoya va sharoitlar kerak.

Tibbiyotning buyuk vakilidan qolgan ilmiy merosga eng haqli xalq sifatida undan unumli foydalanayotgan tibbiyot xodimlarini qo‘llab quvvatlasak zamonaviy tibbiyotda ham birovga qaram bo‘lmaymiz. Aks xolda, xorijiy kanal boshlovchilari tomonidan “o‘zbeklar koronavirusga qarshi vaksina ixtirosi ustida ishlayotgan ekan. Odatda o‘zbeklarda “osh damlash” o‘xshar edi, buni ham ko‘ramiz, nima bo‘lar ekan?” deyilgan gaplariga yana ming yil indamay yuraverishga to‘g‘ri keladi.

Shu bois, muhofaza nuqtai nazaridan biz avvalo tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘z kasbiy majburiyatlarini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilishga nisbatan alohida jinoiy javobgarlik belgilash masalasini hal etib berishimiz shart.

Afsuski o‘tgan yili ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan shu mazmundagi qonun loyihasi bir qator deputatlarning e’tirozlari sababli Qonunchilik palatasining yalpi majlisi kun tartibidan chiqarib yuborilgan edi. Oqibatda Qonun loyihasi hamon boshi berk ko‘chada turibdi.

Loyihada tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha kasbiy majburiyatlarini amalga oshirayotgan, shu jumladan, birinchi sanitar-tibbiy yordam ko‘rsatish, shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlariga o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish yo‘li bilan qo‘rqitish orqali tajovuz qilganlik uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari belgilash ko‘zda tutilgan edi.

Nima bo‘lganda ham o‘z majburiyatini amalga oshirayotgan tibbiyot xodimlarini huquqiy himoya qilishning aniq mexanizmlari yaratish maqsadida ushbu masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kun tartibiga qaytarilishi kerak.

Umid qilamanki, yangi saylangan deputat hamkasblarim va jamoatchiligimiz buni qo‘llab-quvvatlaydi. 

Odiljon Tojiyev

Kiritildi: 20:42 01.04.2020. O'qildi: 1929 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!