Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Shavkat Mirziyoyev: "Parlamentga va deputatga bo‘lgan hurmat shumi?"

Shavkat Mirziyoyev: "Parlamentga va deputatga bo‘lgan hurmat shumi?"

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlament va deputat so‘rovining ta’sirchanligini oshirish zarurligini ta’kidladi. 

- Afsuski, ayrim hollarda deputat so‘roviga rahbarning o‘zi emas, balki uning o‘rinbosari, hatto boshqarma boshliqlari javob qaytarmoqda. O‘zingiz ayting, qani bu masalada xalq vakilining obro‘si? Parlamentga va deputatga bo‘lgan hurmat shumi? Bunday salbiy holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, - dedi davlatimiz rahbari.

Prezident parlament va deputat so‘roviga vazirlik va idoralar birinchi rahbarlarining shaxsan o‘zlari javob berishi shartligini qonunda belgilashni taklif qildi.

Saylovchi va deputatning o‘zaro munosabatlariga axborot texnologiyalarini keng joriy etish, internet tarmog‘i orqali parlament va deputat so‘rovini shakllantirish amaliyotini yo‘lga qo‘yish darkorligi ta’kidlandi. 

– Xalq bilan muloqot tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, deputatlarni o‘z saylovchilari bilan bog‘lash imkoniyatini beradigan elektron portal va mobil ilovalarni ishga tushirish lozim. Toki ana shu tizim orqali saylovchi deputatning kundalik ishini kuzatib borish, qonun loyihalarini muhokama qilish va ular bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘lsin. Ya’ni, deputat faoliyatiga uning saylovchilari bevosita baho bersin. Ana shundagina fuqaro va parlament o‘rtasida xalqimiz bizdan kutayotgan haqiqiy ko‘prik paydo bo‘ladi, – dedi davlatimiz rahbari. 

“Mening fikrim” veb-portali ishini takomillashtirish, unga tushayotgan murojaatlarni televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalarida deputatlar, mutaxassislar, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. 

Prezident deputatlar o‘zining yurish-turishi, muomala madaniyati, odobi va etikasi bilan barchaga ibrat va namuna bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.
 
Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda deputatlarning malakasini doimiy oshirib borish yuzasidan yangicha tizim – deputatlik o‘quvlarini joriy etishni taklif qildi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqining yakunida xalq ishonchi haqida gapirdi.

– Ana shunday ishonch, hurmat va e’tiborga munosib bo‘lish – bu juda katta baxt. Bag‘rikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning ana shu ishonchini har birimiz o‘z joyimizda amaliy ishlar bilan oqlashimiz kerak. Bu bizning nafaqat fuqarolik, balki eng avvalo, ona Vatanimiz oldidagi farzandlik burchimizdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisida kun tartibidagi masalalar ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha palataning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Kiritildi: 17:44 20.01.2020. O'qildi: 3588 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!