Bugun 8 avgust, 2025 yil, juma

КИР

Saudiyaning «Kelajak shahri» sinovda: The Line loyihasi qayta ko‘rib chiqilmoqda

Saudiyaning «Kelajak shahri» sinovda: The Line loyihasi qayta ko‘rib chiqilmoqda

Saudiya Arabistoni o‘zining ulkan loyihasi — The Line (Chiziqshahar) istiqbollariga shubha bilan qaray boshladi. Bloomberg nashrining xabar berishicha, Qirollikning davlat investisiya jamg‘armasi — PIF mazkur futuristik shahar qurilishi loyihasini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish bo‘yicha xalqaro konsalting kompaniyalariga buyurtma berdi.

The Line 170 km uzunlikdagi, har qanday mashina va ko‘chalarsiz, uglerod chiqarishni nol darajaga tushirishni maqsad qilgan vertikal megapolis sifatida tasavvur qilingan edi. Bu g‘oya valiahd shahzoda Muhammad bin Salmonga tegishli bo‘lib, 2021 yildan buyon mamlakatning “2030-yil manzarasi” strategiyasidagi asosiy punkt sifatida e’lon qilib kelinmoqda.

Biroq, loyiha salohiyati haqidagi ilk optimizm so‘nggi oylarda keskin shubhalarga almashmoqda. Ilgariroq hukumat 2030 yilgacha shaharga 1,5 million kishi ko‘chirilishi haqida gapirgan bo‘lsa, hozirda bu raqam 300 ming nafardan ham kam bo‘lishi mumkin. Shaharning rejalashtirilgan 170 km qismi o‘rniga, faqat 2,4 km qismi qurilishi mumkinligi aytilayapti.

2024 yil aprelidan buyon loyiha to‘liq qayta baholanmoqda. The Financial Times Neom kompaniyasi (loyihaga mas’ul xolding) ichidagi tekshiruvlar haqida yozgan edi. Shu bilan birga, WSJ ma’lumotiga ko‘ra, loyiha boshqaruvida ham jiddiy muammolar mavjud: Neom rahbari Nadmi an-Nasr ishdan bo‘shatilgan, xorijiy mutaxassislar esa mahalliy rahbarlarning bahsli bayonotlari sabab loyihani tark etgan.

Moliyaviy jihatdan ham vaziyat og‘irlashgan. Neft narxining $70/barreldan past bo‘lishi va byudjetning 60 foizidan ortig‘i neft daromadlariga bog‘liq ekani tufayli, Saudiya Arabistoni o‘zining grandioz rejalarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi. OPEK+ kelishuviga qaramay, aprelda mamlakat qoidalarni buzganlar — jumladan, BAA va Iroq — bilan raqobatlashish uchun neft ishlab chiqarishni oshirdi.

Ilgari The Line iqtisodiyotga $48 milliardlik hissa va 380 ming ish o‘rni yaratishini va’da qilgan edi. Biroq bugungi realiyatda Er-Riyad real imkoniyatlar va xatarlarni aniq baholashga o‘tayotgan ko‘rinadi.

Kiritildi: 15:02 15.07.2025. O'qildi: 709 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!