Bugun 28 mart, 2024 yil, payshanba

КИР

Samarqandda erkak ginekologning aybi bilan homilador ona va uning ikki egizak farzandi vafot etdi

Samarqandda erkak ginekologning aybi bilan homilador ona va uning ikki egizak farzandi vafot etdi

Bu mudhish voqea Samarqand viloyati Narpay tuman tibbiyot birlashmasi homiladorlar xastaligi bo‘limida akusher-ginekolog shifokori bo‘lgan Aziz Xolmurodovning aybi bilan sodir bo‘ldi.

“Jahon.uz”ga ushbu holatdan boxabar ishonchli manbasining xabar berishicha, 1-1409-1901/95-sonli jinoyat ishi 2020 yil 16 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Narpay tuman sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan va sudlanuvchiga jazo tayinlangan.

Shifokor Aziz Xolmurodov marhuma B.N.ni navbatchi akusher-ginekolog sifatida qabul qilib, ayolga amaldagi milliy standart talablari bo‘yicha tekshirish rejasi tuzmasdan, uning anamnezidan chuqur o‘rganmasdan yuzaki qarab, bemorning qondagi gemoglabin miqdori (Hb-60) past bo‘lishiga qaramasdan og‘ir anemiyani davolash uchun besh kun davomida biror marotaba davo muolajalari o‘tkazmagan.

Uni davolash uchun qon va qon o‘rnini bosuvchi preparatlarni o‘z vaqtida quymagan va bemorning umumiy holatidan kelib chiqib, bachadondan qon ketishi xavfini bilgani holda, kerakli dori darmonlar bilan davolash, bemorda mavjud bo‘lgan og‘riqni to‘xtatish choralarini ko‘rmasdan, salbiy holatlarning oldini olish maqsadida UTT va qon tahlili tekshiruvlarini dinamik tarzda o‘tkazib, qog‘onoq suvi va xomilalar holatini o‘rganib bormagan.

Shifokor homilalar ona qornida vafot etganligi va bachadondan qon ketganligini o‘z vaqtida aniqlagan hamda homilani rejali, qon va qon o‘rnini bosuvchi preparatlar zahirasini ta’minlab operasiya yo‘li bilan olib tashlash taktikasini qo‘llamay, bemorning ahvoli og‘irlashgan bo‘lishiga qaramasdan, malakali shifokorlar bilan konsilium qilib, operativ davo muolajalarini boshlash choralarini ko‘rmaganligi natijasida homilador ayol N.B.ning “rivojlanmagan egiz homilani o‘limi fonida kechgan gemorragik shok va DVS sindromi bilan asoratlangan bachadondan o‘tkir qon ketishi” natijasida shifoxonada vafot etishiga sababchi bo‘lgan.

Jabrlanuvchi (N.B.ning turmush o‘rtog‘i) N.M. turmushidan ikki nafar farzandi bo‘lganligini, birinchi farzandi 20.08.2008 yilda tug‘ilgani, ikkinchi farzandi 2010 yilda tug‘ilgani, biroq Narpay tuman tibbiyot birlashmasida tug‘ilganidan so‘ng bir kun o‘tib vafot etganligini, uchinichi farzandi 2013 yida tug‘ilgani, turmush o‘rtog‘i farzandlarini o‘zi voyaga yetkazayotgan bo‘lganligini, turmush o‘rtog‘i uchinchi farzandiga homilador bo‘lganligini aytib berdi.

Ayolining og‘ir ahvolida qolganini ko‘rgan N.M. shifokorlar qon kerakligini aytishganida, qoni minus 3 bo‘lgan 15 nafar tanishlarini chaqirib kelganligi, ulardan oltitasining qoni to‘g‘ri kelgani, shifokorlar faqatgina 3 kishidan qon olishgani ham qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Ushbu o‘lim holati yuzasidan, O‘zbekiston Respublikasi SSV Sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Murakkab ekspertizalar bo‘limi eksperti quyidagilarni bildirib o‘tgan.

N..B.ning o‘limi davolovchi vrach tomonidan davolash tadbirlari milliy standartlariga rioya qilinmagan holda olib borilgani, bemor shifoxonaga tushgan vaqtida qondagi gemoglobin miqdori (H-60) past bo‘lsada, og‘ir anemiyani davolash uchun qon va qon o‘rnini bosuvchi prepratlar qilinmagani, UZI tekshiruvini  o‘tkazib, qog‘onoq suvi va homilalar holati o‘rganilmagani natijasida yuz bergani isbotlangan.

Hattoki shifokor bemorning qon guruhi davolanish jarayonida AV (IV) Rh-manfiy ekanligi, keyinchalik davolash jarayonida V (III) Rh manfiy aniqlagani, bu natijalarga vrach laborant yoki gemotransfuziolog yordamida aniqlik kiritib qon va qon o‘rnini bosuvchi preparatlar o‘z vaqtida quymaganligi ham aniqlangan.

Sud barcha holatlarni o‘rganib, sudlanuvchi Xolmurodov Aziz O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topdi va unga, Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismiga ko‘ra, har oyda ish haqining 20%  miqdorida davlat foydasiga undirish sharti bilan 2 (ikki) yil muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.

Kiritildi: 10:46 22.01.2020. O'qildi: 6166 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!