Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Samarqand triatlon bo‘yicha Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi

Samarqand triatlon bo‘yicha Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi

Samarqand shahri ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan “Boqiy shahar” majmuasi atrofida 30dan ortiq mamlakatning 70 nafar atleti Parij-2024 olimpiadasiga qimmatli reyting ochkolarini qo‘lga kiritish uchun musobaqalashadi

Joriy yilning 8-9-oktyabr kunlari ko‘hna va navqiron Samarqand shahri yana bir yirik sport tadbiriga mezbonlik qiladi. Jumladan, 8-oktyabr kuni Samarqandda barpo etilgan muhtasham “Boqiy shahar” majmuasi atrofida, eshkak eshish kanali bo‘yida triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi musobaqasi o‘tkaziladi.

Shu munosabat bilan, bugun poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida mazkur musobaqaga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston triatlon federasiyasi Bosh kotibi Yelena Kun hamda terma jamoamizning yetakchi a’zosi Aleksandr Kurashov, shuningdek OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Samarqand triatlon bo‘yicha Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi

Surat muallifi — Umid Sapayev
Ta’kidlash kerak, so‘nggi vaqtlarda bir-biridan nufuzli xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilayotgan Samarqand shahri yurtimizning o‘ziga xos sport markazlaridan biriga aylanib ulgurdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Triatlon bo‘yicha Osiyo kubogi bahslari ham mazkur shaharda o‘tkazilishi Samarqandning turistik salohiyatini ochib berishga xizmat qiladi.

Matbuot anjumanida “Nega Osiyo kubogi bahslarini o‘tkazish uchun aynan Samarqand shahri tanlandi?”, degan savolga esa O‘zbekiston triatlon federasiyasi bosh kotibi Yelena Kun shunday javob berdi:

- Xalqaro talablarga javob beradigan eshkak eshish kanalida triatlonning ochiq havzada suzish musobaqalarini tashkil etish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Qolaversa, ushbu sport majmuasi atrofidagi yugurish va velosport musobaqalarini o‘tkazishga mos keladigan yo‘laklar ham xorijlik mehmonlarni xushnud etishiga ishonaman. Mana shunday sharoitlarga ega majmuadan foydalanmaslik, sportga xiyonat va Samarqandda ushbu musobaqa yuqori saviyada tashkil etilishiga ishonaman.

Samarqand triatlon bo‘yicha Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi

Surat muallifi — Umid Sapayev
Anjumanda so‘z olgan Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari SH.Mahmudov ham so‘nggi kunlarda Samarqand shahrida Osiyo kubogi musobaqasini yuqori saviyada tashkil etish yo‘lida astoydil tayyorgarlik olib borilayotgani, tashkilotchilik borasida muammolar bo‘lmasligi, shu bilan birga havaskorlar o‘rtasida tashkil etiladigan musobaqa ham xalqimizda katta qiziqish uyg‘otayotganligini alohida ta’kidladi.

Darvoqe, bu yilgi musobaqalarda qatnashish istagini bildirgan sportchilar o‘tgan yilgiga qaraganda 3 baravar ko‘payganligi Osiyo kubogining nufuzi tobora ortib borayotganidan darak beradi.

Kiritildi: 10:55 05.10.2022. O'qildi: 1495 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!