Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Rus polisiyasi o‘zbek muhojiriga: "Sizlarni kamaytirish bo‘yicha yuqoridan topshiriq keldi"

Rus polisiyasi o‘zbek muhojiriga: "Sizlarni kamaytirish bo‘yicha yuqoridan topshiriq keldi"

Farg‘onalik 29 yoshli Abror ismli yigit barcha hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramasdan Sankt-Peterburgda ma’muriy javobgarlikka tortildi. Uni bir kun sovuq kamerada saqlashgan. Abror 30 ming rublga advokat yollab, Tergov qo‘mitasiga polisiyaga qarshi shikoyat bilan murojaat qildi, deb xabar berdi centralasian.org.

Abror bir necha yildan buyon Sankt-Peterburgda ishlaydi. U 11 sentyabr kuni polisiya tomonidan qo‘lga olingan. Polisiya shahardagi restoranlardan birida ishlaydigan muhojirdan hujjatlarini so‘ragan.

- Men kur’er bo‘lib ishlayman. Buyurtma ovqatni topshirib, mashinaga o‘tirganimda polisiyachilar menga murojaat qilishdi va hujjatlarimni so‘rashdi. "Sen qayerda yashaysan?" - deb so‘rashdi mendan. Yaqinda ro‘yxatdan o‘tganim sabab yashash manzilimni unutib qo‘ydim. Shunda qo‘llarimni qayirib, milisiya bo‘limiga olib borishdi. 

Abror "ro‘yxatdan o‘tgan joyida yashamayotgani sabab" milisiya xodimlari tomonidan jarimaga tortilgan. Lekin uning so‘zlariga qaraganda, u bilan birga polisiya bo‘limiga olib kelingan muhojirlarning aksariyati barcha hujjatlari bo‘lishiga qaramay 5000 rubl (80 dollar) miqdorida jarimaga tortilgan.
Polisiya "Siz ro‘yxatdan o‘tgan joyingizga borishingiz kerak", dedi. Xuddi shu ayblov bilan yana 10-15 o‘zbekistonlik bo‘limga olib kelindi va jarimaga tortildi. 
Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u 24 soat davomida polisiya bo‘limida ushlab turilgan va polisiya tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga imzo qo‘yishga majbur qilingan. 

Polisiya xodimlaridan biri bilan suhbatda o‘zlarining noqonuniy harakatlarini "yuqoridan kelgan buyruq" bilan izohlashga harakat qilgan.

- Bilasizki, biz o‘zbeklar qo‘rqamiz va agar gapiradigan bo‘lsak, bizni urishlari mumkin. Men bunday bosim faqat o‘zbeklarga nisbatan qo‘llanilishining guvohi bo‘ldim. Ular mening kamarim va poyabzalimning iplarini yechib olishdi va qolgan sakkizta o‘zbek bilan birga sovuq, kichkina va eskirgan kameraga qamashdi. "Nega bizni qiynayapsan?" deb so‘rasam, milisioner "Bu siyosat! Sizlardan yana ko‘pdan ko‘p odam kelyapti - sizlar ko‘pchiliksizlar. Sizlarni kamaytirish bo‘yicha yuqoridan topshiriq keldi", - deb javob berdi, deydi Abror.

Oxir oqibat, polisiya ularga hujjatlarga imzo qo‘ydirgan va tarjimonsiz hamda protokol nusxasisiz idoradan chiqarib yuborgan.

Abrorning aytishicha, polisiya shu tarzda asosan O‘rta Osiyodan kelgan migrantlar hisobiga byudjetni to‘ldirishni reja qilgan.

Migrantlar, shu jumladan Abror ham hibsga olingan 23-polisiya bo‘limi vaziyatga quyidagicha izoh berdi. "Bizga hujjati yo‘qlarni olib kelishadi. Hujjatga ega bo‘lganlarni polisiya bu yerga olib kelishga haqli emas", dedi navbatchi bo‘lim rahbari va u Abror ishi haqida hech narsa bilmasligini qo‘shimcha qildi.

Sankt-Peterburglik advokat Nikolay Novikovning so‘zlariga ko‘ra, Abrorni ushlagan va javobgarlikka tortgan polisiya xodimining harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud. "Biz milisiya va tergov qo‘mitasiga shikoyat tayyorladik. Bizning shikoyatimiz milisiyaning "o‘z vakolatlari doirasidan chiqib ketganligi"ga asoslangan. Biz tergov ochilishini va milisiyaga qarshi 285-286 moddalar bo‘yicha jinoiy ish ochilishini talab qildik, ammo hozircha javob xati olmadik", dedi advokat.

Novikovaning so‘zlariga ko‘ra, u 23-bo‘lim boshlig‘i Sergey Kolonistovdan yana bir hafta davomida javob kutadi va javob bo‘lmagan taqdirda shikoyat yuqori organlarga jo‘natiladi.

"Levada markazi" nodavlat tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Rossiyada keyingi paytda mehnat muxojirlariga qarshi salbiy kayfiyat kuchaymoqda.

Ijtimoiy tadqiqotlar markazi o‘tkazgan so‘nggi so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, Rossiyaga kelayotgan mehnat muxojirlarining soni kamayishini istovchilar 72 foizni tashkil etmoqda. Ikki yil oldin muxojirlarga qarshi chiqqan ruslar 58 foiz edi.
"Levada markazi" mutaxassisining ta’kidlashicha, iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan Rossiya jamiyatida millatlararo va migrasiyaga oid muammolar tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
ca-news.org

Kiritildi: 15:34 19.09.2019. O'qildi: 6274 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!