Rossiyaning Amur viloyatida o‘zbekistonlik migrant ishchilarni olib ketayotgan avtobus yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Hodisa 16 oktyabr kuni Svobodny shahri yaqinida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus Toyota Probox rusumli avtomobil bilan to‘qnashganidan so‘ng ag‘darilib ketgan.
Avtobusda 48 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan. Mahalliy rasmiylar xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana 49 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Jarohat olganlarning aksariyati O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum qilindi.
Amur viloyati tergov qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan “transport xavfsizligi qoidalarini buzish” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ayni paytda voqea joyida tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi hodisa tafsilotlarini aniqlash va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish maqsadida mahalliy rasmiylar bilan hamkorlik qilmoqda.