Rossiyaning Samara viloyatida qolib ketgan qariyb 500 nafar o‘zbekistonlik ortga qaytish uchun Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishga urindi. Bu haqda «Daryo» xabar qilgan.

«Odamlar 3 avgust kuni soat 09:00 da ularning vaziyati bo‘yicha ijobiy javob e’lon qilinishini kutgan. Ammo kutilgan voqea sodir bo‘lmagan. Oqibatda ular Orenburg viloyati hududi orqali chegarani kesib o‘tishga uringan. Kuchishlatar tizim vakillari olomonni Samara viloyati hududiga qaytargan», — deyiladi xabarda.

Mash nashrining Telegram’dagi kanali muhojirlar hamda Rossiya gvardiyasi xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv yuz berganini xabar qilgan. «Interfaks» axborotida ushbu harakatlar oqibatida hech kimga ziyon yetmagani qayd etilgan. Privoljsk okrugi gvardiyachilarining axborot xizmati to‘qnashuvning yuz berganini tasdiqlagan.

 

O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘istonning koronavirus pandemiyasi tufayli davlat chegaralarini yopgani oqibatida vatanga qayta olmayapti. Iyul o‘rtalarida chegara yaqinidagi chodirlarda minglab o‘zbekistonliklarning qolib ketgani haqida xabarlar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 13 iyul kuni Amur viloyatidagi Renaissance Heavy Industries kompaniyasiga tegishli vaqtinchalik vaxta shaharchasida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida isyon yuz bergan. Ishchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular uch oydan buyon ish haqini olmayotgani sababli mazkur ishga qo‘l urgan.

Amur viloyati gurbernatori Vasiliy Orlov Renaissance Heavy Industries pudratchi kompaniyasi vakillari hamda Amur gazni qayta ishlash zavodi quruvchilari o‘rtasidagi to‘qnashuvdan keyin ishchilarga turli shakldagi yordamlar taklif qilinganini bildirdi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Amurdagi o‘zbekistonlik ishchilar isyoni nazoratga olinganini, voqea joyiga bosh konsul yetib borganini xabar berdi. Keyinroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur mojaro hal etilgani va o‘zbekistonlik quruvchilar o‘z ish joyiga qaytganini ma’lum qildi.

17 iyulda esa Sankt-Peterburgdagi «Laxta sentr»da ishlovchi o‘zbekistonlik quruvchilar maosh talab qilib norozilik namoyishi o‘tkazgan.