Rossiya hukumati eng yirik neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar hujumidan keyin mamlakatni qamrab olgan yoqilg‘i tanqisligini kompensasiya qilish uchun Xitoy hamda Osiyoning boshqa mamlakatlaridan benzin importini boshlash bo‘yicha chora-tadbirlar paketini tayyorladi.
«Kommersant» xabar berishicha, Moskva XXRdan tashqari Janubiy Koreya va Singapurdan ham benzin sotib olishni mo‘ljallamoqda. Buning uchun Uzoq Sharqdagi ayrim nazorat-o‘tkazish punktlari orqali keltiriladigan yoqilg‘i uchun import bojlarini nollashtirish rejalashtirilgan. Bunda importyorlarga jahon va ichki bozordagi narxlar o‘rtasidagi tafovut davlat tomonidan byudjet hisobiga qoplab beriladi.
Osiyodan benzinni uchta kompaniya yetkazib berishi mumkin — «Rosneft», Mustaqil neftgaz kompaniyasi (NNK) hamda «Sanoat xomashyosi importi» davlat tashqi iqtisodiy birlashmasi. Bu har oy Sibirdagi neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarilgan 150 ming tonna benzinni Rossiya Federasiyasining markaziy qismiga yo‘naltirish imkonini beradi.
Hozircha, yoqilg‘i-energetika majmualarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga qaramay, ichki bozorni neft mahsulotlari bilan ta’minlash bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashishi xavfi mavjud, deya bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak bosh vazir Mixail Mishustinga yo‘llagan murojaatni keltiradi «Kommersant».
Sentyabr oyida Rossiyaning yana to‘rtta neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqarishni to‘xtatdi.