Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Razolatlar botqog‘iga botgan insoniyat va Islom

Razolatlar botqog‘iga botgan insoniyat va Islom

Evropa zulmatli “o‘rta asrlar”ni boshidan kechirayotgan bir paytda melodiy yil hisobi bo‘yicha 610 sanada Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni payg‘ambar qilib yuborib Islom nuri bilan olamni munavvar qildi. Alloh taolo o‘sha yili Muhammad sollallohu alayhi vasallamga O‘zining oxirgi ilohiy kitobi Qur’oni Karimni nozil qilishni boshladi.

O‘sha paytda Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak umrlaridan qirqinchi yilini o‘tkazar edilar. Dunyo jar yoqasiga kelib qolgan edi. Turli razolatlar botqog‘iga botgan insoniyat o‘zini o‘zi o‘ldirishga urinmoqda edi. Butun atrofni johiliyat zulmati qoplagan edi. Qayoqqa qarasang, harom-xarish, zulm-istibdod, yolg‘on-tuhmat, dushmanlik va jaholat hukm surar edi.

O‘sha paytda butun dunyo johiliy hayot kechirar edi. Insoniyat boshdan-oyoq jaholat botqog‘iga botgan edi. Kishilarning barchasi hozirgiga o‘xshab bo‘lgan-bo‘lmagan, buzuq va aslsiz aqiydalarga e’tiqod qilar edi. Ularning oilaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy hayotlarida jabr-sitam, zulmu nohaqlik hukm surar edi. Qo‘yingki, inson hayotining har bir sohasida razolat, haqsizlik, jaholat hukmron edi. Insoniyat johiliyatning quyuq zulmatida, qattiq g‘aflat uyqusida yotar edi.

O‘sha paytda insoniyat hayotining barcha jabhalarida inson degan sharafli nomga mutlaqo or va nomus bo‘lgan holat hukm surar edi.

O‘sha paytda butun dunyo johiliy hayot kechirar edi. Insoniyat boshdan-oyoq jaholat botqog‘iga botgan edi. Kishilarning barchasi hozirgiga o‘xshab bo‘lgan-bo‘lmagan, buzuq va aslsiz aqiydalarga e’tiqod qilar edi. Ularning oilaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy hayotlarida jabr-sitam, zulmu nohaqlik hukm surar edi. Qo‘yingki, inson hayotining har bir sohasida razolat, haqsizlik, jaholat hukmron edi. Insoniyat johiliyatning quyuq zulmatida, qattiq g‘aflat uyqusida yotar edi.

Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning dunyoga kelishlari va oxirgi payg‘abar bo‘lishlari uchun arab jamiyatini eng munosib deb topdi. Bu jamiyat o‘sha vaqtdagi eng johil jamiyat edi. Chunki bu jamiyat o‘z tarixida yozish-o‘qish, fan-madaniyat, ilm-ma’rifat, dinu diyonat, qonun-qoida, tartib-intizom degan narsalarni bilgan emas.

Agar mazkur omillarni o‘zida mujassam qilgan xalq ichidan oxirgi zamon payg‘ambari tanlab olinganida odamlar, bu xalq eskitdan hamma narsani bilib kelgan, bu dinni ham o‘zlari o‘ylab joriy qildilar, deyishlari mumkin edi. Bu narsalardan xoli bo‘lgan arablardan o‘zlariga o‘xshagan ummiy shaxsning payg‘ambar bo‘lishi va U zotning rahbarliklarida qisqa muddatda butun dunyoni jaholat botqog‘idan Islom nuriga olib chiqilishi esa ilohiy mo‘’jiza bo‘lar edi.

Arablarning sirtdan nuqson bo‘lib ko‘ringan mazkur sifatlari Alloh taoloning irodasi bilan Islom xizmati yo‘lida fazilatga aylandi. Chunki mazkur omillar tufayli ularning fikriga biror mafkura chuqur o‘rnamagan edi. Bu esa arablarning butun vujudiga Islom ta’limotlarining tag-tubi ila o‘rnashib ketishiga yordam berar edi. Ularning hech kimga bo‘ysunmaganlari Allohdan o‘zgaga ibodat qilmaslik ishida yordam berar edi. Qolaversa, ana shundoq johil xalqning qisqa muddat ichida insoniyatga hidoyat mayog‘i bo‘lib qolishining o‘zi ilohiy mo‘’jiza bo‘lar edi.

Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning dunyoga kelishlari va oxirgi payg‘ambar bo‘lishlari uchun dunyoning eng munosib o‘lkasi Arabiston yarim orolini tanladi. Bu o‘lka qadimiy payg‘ambarlardan ko‘plariga vatan bo‘lgan o‘lka edi. Idris, Nuh, Hud, Solih alayhissalom shu o‘lkada o‘tgan edilar. Ibrohim alayhissalom shu o‘lkaga Baytullohni qurgan edilar. Muso alayhissalomga shu o‘lkaning Madyan ismli joyida payg‘ambarlik berilgan edi. Bu o‘lkadan Fir’avn va uning qavmining tazyiqiga uchragan yahudiylar panoh topgan edilar. Shuningdek, rimliklarning dushmanligiga duchor bo‘lgan nasroniylar ham bu o‘lkaning Najron nomli joyidan panoh topgan edilar. Alloh taolo bu o‘lkani tabiiy, jug‘rofiy va siyosiy holatlarini ana shundoq ishlar uchun juda ham qulay qilib qo‘ygan edi.

Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning dunyoga kelishlari va oxirgi payg‘ambar bo‘lishlari uchun dunyoning eng afzal nuqtasi Makkai Mukarramani ixtiyor qildi. Avvalo, bu muqaddas shahar yerning qoq kindigida joylashgan edi. Dunyodagi eng oxirgi, eng mukammal, hamma zamonlar, hamma makonlar, hamma xalqlar uchun ko‘zlangan shariatning markazi aynan ana shundoq joyda bo‘lishi matlub edi.

Eng muhimi, bu shaharda anbiyolarning otasi bo‘lmish Ibrohim alayhissalom o‘g‘illari Ismoil alayhissalomning yordamlarida Alloh taoloning amri ila qurgan Ka’bai Muazzama bor edi. O‘z navbatida Baytullohni hamma arablar muqaddas hisoblashar edi. Ibrohim alayhissalomning davrlaridan buyon odamlar bu yerga haj qilishar edi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Islom dinini joriy qilish uchun bundan ko‘ra afzalroq makon bo‘lishi mumkin emas edi.

Zamonga keladigan bo‘lsak, Alloh taolo O‘zining cheksiz hikmati ila Islom payg‘ambari Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning dunyoga kelishlari va oxirgi payg‘ambar bo‘lishlari uchun eng munosib zamonni ixtiyor qildi.

O‘sha paytda butun dunyoga, barcha insoniyatga atalgan, barcha zamon va makonlarga salohiyati bor, barchaga qiyomatgacha ikki dunyoning baxtini ta’min eta oladigan dinni joriy qilishining ayni zamoni edi.

Anchadan buyon samoviy din yuborilmayotgan edi. Alloh taolo O‘z tarafidan yuborgan samoviy dinlarning barchasi odamlar tomonidan buzilib o‘z kuchini va ta’sirini mutlaqo yo‘qotgan edi.

Yahudiylik yahudiylar tomonidan shu darajada buzilgan ediki, unga yahudiy bo‘lib tug‘ilmagan odam kira olmas edi. Yahudiylar o‘zlarini Allohning tanlangan xalqi, boshqa xalqlarni o‘zlariga eshak deb e’lon qilgan edilar. Albatta, bundoq din dunyo xalqlariga hech qanday baxt ato etmas edi.

“Olam va odam, din va ilm” kitobidan

Manba: islom.uz

Kiritildi: 07:15 02.07.2019. O'qildi: 2338 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!