Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Rahmat senga, koronavirus!

Rahmat senga, koronavirus!

Duo qilishni ham unutayozgan edik. Duoni faqat boshimizga biror tashvish tushganda qilardik, o‘sha ish hal bo‘lsa, shukrona aytish ham esimizdan chiqib, yana o‘sha dunyo tashvishiga sho‘ng‘ib ketaverar edik. Marosimlarda, tadbirlarda qo‘llarimizni yuzimizga birrov surtib, shuni duo, din deb yurar, yana hech narsa bo‘lmagandek ishimizga ketaverar edik. Sening bunchalik uzoq, murosasiz tahdiding oqibatida astoydil, qo‘rqib, yalinib-yolvorib duo qila boshladik. Ha, sen tufayli biz chin ma’noda duo qilishni o‘rgandik. Rahmat senga, koronavirus!

Hamma o‘z qayg‘usida, o‘zi bilan ovora, o‘z to‘rvasini to‘ldirish o‘yida. Sen bizga Qiyomatni eslatding: faqat Alloh uchun do‘stlashganlargina bir-biriga yordam beradigan kunni biroz his qildik. Rahmat senga, koronavirus!

Bugun hamma sendan qo‘rqyapti, ehtiyot bo‘lyapti, zararkunandaligingdan yozg‘irishyapti. Ularga o‘lim keltirayotganing uchun seni juda ham yomon ko‘rishmoqda. Men ham sendan bezorman, zararingdan Robbimning panohiga qochaman. Ta’limlarimiz, jamoat namozlarimiz, jumalarimiz to‘xtaganidan alamdaman. Lekin bir haqiqatni aytishim kerak: qilgan ba’zi yaxshiliklaring uchun senga rahmat aytgim bor. Nega deysanmi? Biroz quloq tutsang, ayrimlarini aytib o‘taman.

Biz Robbimizni unutib, dunyoga mukkadan ketgan ekanmiz, sen bizga Robbimizni eslatding. Buning uchun senga rahmat, koronavirus!

Sen bizga ojizligimizni eslatding. Biz bilimu quvvatimizga ishonib, hamma narsa o‘z qo‘limizda deb, hovliqib ketgan ekanmiz. Rostini aytsam, so‘zda bo‘lmasa-da, amalda xudolik da’vosiga ham o‘tib ketgan edik. Bugun esa ko‘zga ko‘rinmas zarra oldida chorasiz qoldik. Bandaligimizni eslatib qo‘yding, rahmat, koronavirus!

Biz o‘limni unutib, xuddi o‘lmaydigandek, zulmu fasodga, fahshu haromga, o‘yin-kulgiga botib qolgan ekanmiz, bizga o‘limni eslatding, ancha o‘zimizga keldik, ko‘pchiligimiz tavba qilib qoldik. Rahmat senga, koronavirus!

Biz insonlar bir-birimizga dushman bo‘lib, bir-birimizning qonimizga tashna bo‘lib yotgan edik. Hozir esa bir-birimizni ehtiyotlab, o‘zaro yordam ulashyapmiz. Mehrga qanchalar zor bo‘lib ketgan ekanmiz! Rahmat senga, koronavirus!

Biz amri ma’ruf ‒ yaxshilikka buyurish, nahiy munkar ‒ yomonlikdan qaytarishni deyarli tark etgan edik. Fahsh, harom-xarish ishlar oddiy hol bo‘lib, hatto «madaniyat»dek tuyulib qolgan edi. Bugun esa o‘sha biz beparvo tashlab qo‘ygan buyuk amalni ‒ amri ma’ruf va nahiy munkarni bizning o‘rnimizga sen bajarmoqdasan va buning uddasidan chiqyapsan ham. Rahmat senga, koronavirus!

Sen sababli aroqxo‘rlar aroqdan, zinokorlar zinodan, buzuq o‘yin-kulgi shinavandilari o‘sha qilmishlaridan tiyilib qoldi. Erkak-ayol aralashib, ko‘ngilxushlik qilishlar ham yo‘q, ular hatto bir-biriga yaqin kelishga qo‘rqib qolishdi. Sen ularning barchasini uyiga qamab, o‘zining halol oilasiga qaytarding. Rahmat senga, koronavirus!

«Yoshligingda o‘ynab-kulib qol», degan buzuq shiorga aldanib, nafsoniy maylini qondirish bilan kun ko‘radiganlar ham tinchib qolishdi. Bu kabi ishlar, aldoqchi shiorlar ongimizni qanchalik zaharlab tashlaganini endi his qilyapmiz. Rahmat senga, koronavirus!

Biz mana shu harom ishlarni to‘xtatish haqida gapirsak, og‘zimizga urishar, bizni qoloqlikda, mutassiblikda ayblashar edi. Senga esa hech kim g‘iring deya olmadi. Hech kim senga da’vo ham qilmadi, tahdid ham qilmadi. Aksincha, sen ularga tahdid qilding, mag‘rur turgancha hammasini tiz cho‘ktirding. Qoyil senga, koronavirus!

«Ayollar ziynatlarini ko‘z-ko‘z qilib, hadeb ko‘chaga chiqaverishi yaxshi emas, ular ko‘proq uylarida bo‘lishi, farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lishi kerak», deb harchand bong urmaylik, bizga hech kim quloq solmas edi. Sen esa ularning hammasini bir kunda uyida o‘tirg‘izib qo‘yding! Rahmat senga, koronavirus!

Mastura muslimalar iffatini himoya qilib, avratini to‘sib yurishsa, buni yomon ko‘rishar edi. Endi esa o‘shalarning o‘zi muslimalardan ham ko‘proq to‘sinib olishdi. Qay biri Robbingdan, qay biri sendan qo‘rqib to‘singan. Eng muhimi, bugun birovning to‘singani bilan hech kimning ishi yo‘q, hamma o‘zi bilan ovora, nafsoniy xurujlar so‘ngan. Bo‘lar ekan-ku shunday yashasa ham? Rahmat senga, koronavirus!

Sen barchani poklikka majbur qilib qo‘yding. Deyarli hamma qo‘lini yuvib, og‘iz-burun chayqab, tahorat bilan yuradigan bo‘lib qoldi. O‘zi aslida bizning madaniyatimiz, qadriyatimiz ana shunday edi, faqat unutilayozgan edi. Sen tufayli ularni ancha tiklab oldik. Rahmat senga, koronavirus!

Biz kitob o‘qimay qo‘ygan edik. Kitob o‘qish har qancha targ‘ib qilinsa ham, parvo qilmayotgan edik. Bugun esa zerikkanimizdan bo‘lsa ham kitob o‘qiyapmiz. Buning qanchalik rohatligini aytsang-chi! Ruhlarimiz ancha huzur olmoqda. Rahmat senga, koronavirus!

Sen tufayli jamiyatga kimlar ko‘proq kerak ekanini, qaysi sohalarga ko‘proq e’tibor berish lozimligini ham bilib olyapmiz. Ko‘ngilxushlik, o‘yin-kulgini kasb qilib olganlarning asl qiymatini ham anglagandekmiz. Ajab emaski, endigi hayotimizda Alloh hayotimizning tutqichi qilib bergan mol-mulkni o‘rinli sarflashga odatlansak. Bunga ham sening tashrifing sabab bo‘lmoqda. Rahmat senga, koronavirus!

Shaharlardagi baqir-chaqir, shovqin-suron, ur-to‘polonlardan ham rosa charchagan ekanmiz. O‘zimizni o‘zimiz qiynab yashayotgan ekanmiz. Sen tufayli joriy etilgan chilla ‒ karantin shu jihatdan bizga istirohat bo‘ldi. Nafaqat ko‘chalar, nafaqat mahallalar, hatto hammamiz nafas olayotgan havo ham tozalanib qoldi. Rahmat senga, koronavirus!

Duo qilishni ham unutayozgan edik. Duoni faqat boshimizga biror tashvish tushganda qilardik, o‘sha ish hal bo‘lsa, shukrona aytish ham esimizdan chiqib, yana o‘sha dunyo tashvishiga sho‘ng‘ib ketaverar edik. Marosimlarda, tadbirlarda qo‘llarimizni yuzimizga birrov surtib, yana hech narsa bo‘lmagandek ishimizga ketaverar edik. Sening bunchalik uzoq, murosasiz tahdiding oqibatida astoydil, qo‘rqib, yalinib-yolvorib duo qila boshladik. Rahmat senga, koronavirus!

Bugun ko‘pchiligimiz uyda o‘tirib, ilm olish, Qur’on o‘qish, namoz o‘rganish, salavot aytish bilan bandmiz. Qalbimizdagi dog‘lar biroz arigandek. Bu esa sen qilgan amri ma’rufning samarasi. Rahmat senga, koronavirus!

Hamma o‘z qayg‘usida, o‘zi bilan ovora, o‘z to‘rvasini to‘ldirish o‘yida edi. Sen esa bizga Qiyomatni eslatding. Faqat Alloh uchun do‘stlashganlargina bir-biriga yordam beradigan Kunni biroz his qildik. Rahmat senga, koronavirus!

Bir so‘z bilan aytganda, sen insoniyatni insoniylikka qaytarding, o‘zidan ketib qolgan bashariyatni anchagina hushiga keltirib qo‘yding. Iloho, o‘zing tezroq ketgin-u, ammo ta’siring abadiy qolsin. Rahmat senga, koronavirus!

Biroq, barcha barobar emas ekan, sening xayqiriqlaringdan ham o‘ziga kelmaganlar, uyg‘onmaganlar ko‘p ekan. Hali ham tavba qilmagan, g‘aflatga cho‘mgan, maxfiyu oshkora gunohlarga botib yotganlar yo‘q emas. Ular moddiy olamga mukkasidan ketib, ruhi o‘lib, faqat jismdan iborat maxluqqa aylanib qolgan kishilar ekan. Ehtimol, ularga Robbimning yana boshqa «ataganlari» bordir? Yoxud ularni Qiyomat kutmoqdami?

Xullas, ochig‘ini aytganda, kulfating qadar ne’mating ham bor ekan, koronavirus. Sen haqiqatan ham Robbimiz bizni ogohlantirish uchun yuborgan bir lashkar ekansan.

Allohim, O‘zing aytganingdek, sinoving juda tez yetib keldi. Bergan ne’matlaringni bir zumda olib qo‘yding, shu zahoti ularning qadrini bildik. Ne’matning qadrini bilish tez bo‘lar ekan, ammo qadriga bilish endi bir umr bo‘ladi. Tavba qildik, bizlarni kechirgin va bu balodan xalos qilgin!

Biz Allohga tavba qilamiz, Unga qaytamiz, Unga yukunamiz, o‘zimizni o‘nglaymiz. Ey koronavirus, bo‘ldi, endi amri ma’ruf va nahiy munkarni o‘zimiz qilamiz, Robbimizga chin dildan tazarru qilamiz. Shuni kutayotgan bo‘lsang, mana, ko‘zlarimiz ochildi. Endi qaytsang ham bo‘ladi. Hammasi uchun senga kattakon rahmat, koronavirus!

Hasanxon Yahyo Abdulmajid

Kiritildi: 07:00 30.03.2020. O'qildi: 8163 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!