Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Rafiqa... ammo…

Rafiqa... ammo…

Qizlarning o‘ziga xos olami guldek go‘zal va xushbo‘y orzularga, yorqin umidlarga to‘la bo‘ladi. Ayniqsa bo‘lajak turmush o‘rtog‘i, umr yo‘ldoshi va hayot yo‘lidagi sherigi haqida uning bir dunyo orzulari, kelajakdan umidlari bor. Qizlardan biri ko‘rkam yigitni orzu qiladi, yana biri yumshoq tabiatli yigitni, uchinchisi boy-badavlat erkak bilan turmush qurishni istaydi, to‘rtinchisi esa o‘z hayotini mashhur yulduz bilan tasavvur qiladi.

Biroq hayotda qizning bu kabi orzu-umidlariga yetishishiga to‘g‘on bo‘ladigan ko‘plab to‘siqlar bor. Jumladan:

1. Ota-ona.

Bir nechta farzandlari bor ota-ona moddiy sabablarga ko‘ra sovchilarni qaytarishi, qarindosh-urug‘chilik urf-odatlariga ko‘ra qiz bolani boshqa bir yigitga turmushga berish uchun band qilib qo‘yishi va boshqa turli sabablar bilan qizini turmushga uzatishni kechiktirishi mumkin.

Bu holat butun oilani yomon ahvolga solib qo‘yadi. Qalbidan iymon va Alloh taolodan xavf qilish ma’nolari yo‘qolib ketgan bunday otaning yoki valiyning qalbida insoniylik va rahm-shafqat qolarmidi? Albatta, otasidan bunday munosabatni ko‘rgan qizning qalbi sinadi, Alloh uning fitratiga qo‘shib bergan buyuk jismoniy ne’matdan mahrum qilingan bo‘ladi.

Ota farzandiga rahm qilmasa ham, hech bo‘lmasa o‘zining sha’nini o‘ylashi kerak. Bir umr «Qizining «o‘tirib qolishi»ga o‘zi sababchi bo‘lgan», «Otasi qilgan», degan ta’na-dashnomlar yuki ostida yashash oson ekanmi?!

Alloh subhanahu va taolo har bir mo‘minga shunday xitob qiladi:

«Yaxshilik bilan o‘zaro rozi bo‘lishib, erlariga qayta nikohlanishlarini man qilib, ushlab turmang. Sizlardan Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar ushbu ila va’zlanadi. Shunday qilishingiz siz uchun tozaroq va pokroqdir. Va Alloh biladir, siz esa bilmassiz» (Baqara surasi, 232-oyat).

Qiz bolani o‘ziga munosib tengi bilan turmush qurishdan to‘sish, unga qarshilik qilish zulmdir. To‘g‘ri, aslida ota farzandiga mehribon, uning baxti uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga tayyor bo‘ladi. Binobarin, agar u qizining baxtini, kelajagini o‘ylab, aniq bir sababga ko‘ra sovchilarni qaytarsa, bu maqbul ishdir. Lekin ba’zan shunday holatlar bo‘ladiki, bunday paytlarda ishga boshqalar aralashishi kerak bo‘ladi. Chunki qiz bola shikoyat qilishdan, qalbidagi xohish-istaklarini bildirishdan uyaladi. Otasini norozi qilishdan yoki o‘zi haqida xunuk gap-so‘zlar tarqalishidan qo‘rqadi. Vaqt esa kutib turmaydi, umri, yoshi o‘tib boradi.

Ey ota! Alloh qizingni senga bir matoh, mulk qilib yoki kimningdir ko‘nglini ovlashing uchun vosita qilib bermagan. Uning kelajagi haqida faqat o‘zing istagandek qaror qabul qilishga haqqing yo‘q!

2. Turmush qurmoqchi bo‘lgan yigit. Ko‘pchilik yigitlar go‘zal ayolga uylanishni istashadi. Go‘zallik esa uning uchun filmlarda, seriallarda tomosha qilib, ko‘zlari o‘rganib qolgan narsadan boshqa narsa emas. U kelinning yosh, oppoq, uzun bo‘yli bo‘lishini, aktrisalar kabi chiroyli bo‘lishini, shu bilan birga, sahobiyalardek taqvoli va boy bo‘lishini xohlaydi!

Bunday tomoshalarga mukkadan ketishning zararlaridan biri – yigitlarning voqelikka umuman aloqasi bo‘lmagana xayol olamida yashashlari va ularni orzu qilishlaridir. Balki, u mazkur orzularidan kechishi ham mumkin, lekin bu orzular uning bo‘g‘zida nafasini bo‘g‘adigan o‘simta bo‘lib qolib ketishi, kelajakdagi oilaviy hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir.

«Ey iymon keltirganlar! Shaytonning izidan ergashmang. Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, u fahsh va munkarga buyuradir» (Nur surasi, 21-oyat).

3. Yigitlarga og‘ir kelgan va ularni turmush qurishdan chetlatgan haddan ortiq takliflar va moddiy talablar.

Ba’zi mahalla oqsoqollari va boshliqlari turmush qurish bilan bog‘liq bo‘lgan urf-odatlarni barchaga ma’qul bo‘ladigan suratda chegaralashni yo‘lga qo‘yishdi. Bu esa maqtov va taqdirlashga loyiq ishdir.

O‘ttizdan oshgan bir qizning aytishicha, otasi o‘zini hammadan ustun, obro‘li inson deb hisoblaydi. Shuning uchun qizini turmushga bermaslikka jon-jahdi bilan urinadi. Hali qizining tengi chiqmagan emish. Faqat ko‘zlarini quvontirib, xursand qiladigan odamga turmushga berishi mumkin ekan. Unaqasi esa hali uchramabdi.

Turmushni kechiktirish zulm bo‘lib, uni hal qilishda barcha barobar say’-harakat qilmog‘i lozim. Ushbu muammoni ochiqchasiga muolaja qilish kerak. Bu haqda ulamolar, xatiblar, mufakkirlar, notiqlar va islohchilar gapirishi zarur. Nikoh masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan urf-odatlarni osonlashtirish, bunda esa moddiy, ijtimoiy va ruhiy jihatdan mas’ul muassasalar jonbozlik ko‘rsatishlari kerak.

Ushbu munosabat bilan yigit-qizlar duch kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etishda o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan mamlakatimizdagi oila jamiyatlarining buyuk urinishlarini taqdirlayman. Shu bilan birga, bunday jamiyatlarni, markazlarni yanada ko‘paytirishga va ularning faoliyatlarini kengaytirishga ehtiyoj bor.

«Qizlarjon...» kitobidan

Kiritildi: 04:00 19.10.2020. O'qildi: 5179 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!