Bugun 18 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

Qur’ondagi haqiqat: AQShning dunyoda ustunligiga janoza o‘qilyapti

Qur’ondagi haqiqat: AQShning dunyoda ustunligiga janoza o‘qilyapti

O‘n kundirki, AQSh butun mamlakatni qamrab olgan namoshiy va tartibsizliklar sabab o‘z yog‘iga “qovurilib yotibdi”. Afroamerikalik Jorj Floydning polisiya tomonidan o‘ldirilishi sabab kelib chiqqan ushbu keng qamrovli norozilikning tomiri IV asr oldin hali mustaqil AQSh davlati tashkil topmagan davrlarga taqaladi va zamonlar osha rivojlanib kelgan. O‘tgan vaqt davomida irqchilik sabab o‘nlab bugungi kundagidek katta namoyishlar va qo‘zg‘olonlar bo‘lib o‘tgan.

Aynan shu illat sabab 1861-1865 yillar davomida AQSh fuqarolik urushini boshdan kechirdi. Urush yakunida AQSh Konstitusiyasida quldorlik bekor qilinib, qora tanlilar ozod qilindi. Ammo qullik tugagan bo‘lsa ham, irqchilik tugamadi. Aksincha, bu mojarolar yanada avj oldi. Urushdan so‘ng quldorlikni yoqlaydigan va irqchilik kayfiyatidagi qatlam qora tanlilarni kamsitishda davom etdi.

Rasmiy ravishda irqiy ajratish 1865 yilda AQSh Konstitusiyasiga qullikni taqiqlovchi 13-o‘zgartirish kiritilganidan beri mavjud. Uning birinchi belgilari sifatida millatlararo nikoh va munosabatlarning taqiqlanishi, oq va qora tanlilar uchun alohida o‘quv muassasalari hamda transport, yashash uchun alohida mahallalar (gettolar), alohida negr harbiy qismlari tashkil qilinishi va shu kabilarni olish mumkin. Bularning barchasi o‘z-o‘zidan kelib chiqadigan tartibsizliklarga omil bo‘lib xizmat qilgan. Tartbsizliklar oqibatida tinch aholi nobud bo‘lgan, shaharlarga katta miqdordagi moddiy zarar yetkazilgan. Buning oldini olish uchun muayyan hududlarda favqulodda yoki harbiy holat joriy etishga to‘g‘ri kelgan.

Irqchilikning dastlabki nishonasi – darvinizm

Qur’ondagi haqiqat: AQShning dunyoda ustunligiga janoza o‘qilyaptiAvtobuslarda qora tanlilar uchun alohida joylar belgilangan

Irqchilikning ilk ildiz otishiga sabab bo‘lgan hodisa 1676 yilda Nataniyel Bekon tomonidan Virjiniya gubernatori va boy yer egalarining kambag‘al kolonistlarni ekspluatasiya qilish tizimiga qarshi qo‘zg‘oloni bo‘lgan. Qo‘zg‘alon yakunida tomonlar endi faqat qoratanli odamlarni qul qilib ishlatish haqida kelishuvga erishganlar. Ushbu kelishuvdan so‘ng qoratanlilarning uzoq davom etgan qullik davri boshlandi.

Garchi, AQSh Kongressi 1808 yilda Afrikadan yangi qullarni olib kirishni taqiqlagan bo‘lsa-da, bu amaliyot  yana ma’lum muddat davom etdi. 1844 yilda Yevropa davlatlarining qul savdosiga qarshi noroziliklariga javoban AQSh Davlat kotibi Kelxoun, hozirda mavjud fanlar qoratanlilar va oqlar o‘rtasidagi tub farqlar haqida guvohlik berishini va shuning uchun irqlar o‘rtasidagi mavjud munosabatlar maqbul ish ekanligini aytib o‘tdi. Bu afroamerikaliklarning g‘azabini keltirdi.

XIX asrning ikkinchi yarmida AQShda Yevropada bo‘lgani kabi ijtimoiy darvinizm va yevgenika g‘oyalari tarqala boshladi. Darvinizm – bu turlarning tabiiy tanlanishini izohlovchi qarash. XIX asrning oxiri va XX asrning birinchi yarmida Amerika ilmiy adabiyotlarida ba’zi irqlar va xalqlarning madaniy rivojlanishga qodir emasligi hamda boshqalarning “tanlanganligi” haqidagi da’volar uchraydi. 

Irqchilik qurbonlari: Martin Lyuter Kingdan Jorj Floydgacha

Qur’ondagi haqiqat: AQShning dunyoda ustunligiga janoza o‘qilyaptiMartin Lyuter Kingning harakati Mahatma Gandi ta’limotiga asoslangan bo‘lgan

Amerikada qoratanlilarning o‘ldirilishi ilk bor keskinlikka sabab bo‘layotgani yo‘q. Afroamerikalikning o‘ldirilishi bilan bog‘liq eng shov-shuvli hodisa 1968 yilda sodir bo‘lgan. O‘shanda Tennesi shtatining Memfis shahrida qora tanli huquq himoyachisi Martin Lyuter King qotillik qurboni bo‘lgan. Floyd o‘limidan keyin mashhurlikka erishgan bo‘lsa, King hayotligidayoq kamsitilgan qatlam qahramoni bo‘lib ulgurgandi. Uning o‘limi AQShda katta namoyishlarni boshlab bergandi.

Shu o‘rinda Martin Lyuter King haqida ma’lumot berib o‘tsak. U amerikalik qoratanlilarning himoyachisi bo‘lgan. King Mahatma Gandi ta’limoti asosida ya’ni, zo‘ravonliksiz maqsadga erishish yo‘lidan borgan. Shu sabab, 1964 yil 14 oktyabrda King zo‘ravonliksiz irqiy tengsizlikka qarshi kurashgani uchun “Nobel” mukofotiga sazovor bo‘lgan. 

Martin Lyuter King Tennessi shtatining Memfis shahrida 1968 yil 4 aprelda 39 yoshida o‘ldirilgan. Kingning o‘ldirilishi butun mamlakat bo‘ylab 60 dan ortiq shaharda tartibsizliklarni keltirib chiqargan. Besh kun o‘tgach, Prezident Lindon Jonson King uchun milliy motam kunini e’lon qildi. Kingning dafn marosimida 300 mingga yaqin kishi qatnashgan.

Qur’ondagi haqiqat: AQShning dunyoda ustunligiga janoza o‘qilyapti

Kingning o‘limi kuniyoq poytaxt Vashingtonda tartibsizliklar boshlanib ketadi. Katta olomon ko‘chalar bo‘ylab yurib, Oq uy tomon keldi. Prezident Lindon Jonson darhol federal qo‘shindan yordam uchun 13 600 askarni safarbar qiladi. Dengiz piyoda askarlari Kapitoliy zinapoyalariga pulemyotlar o‘rnatgan va 3-piyoda askarlari esa Oq uyni qo‘riqlash uchun shay bo‘lgan. O‘shanda shahar hokimi komendantlik soati joriy qilib, shaharda alkogol va qurol sotishni taqiqlaydi. Ehtiyot choralariga qaramay, tartibsizlik natijasida 12 kishi halok bo‘lgan, 1097 kishi jarohatlangan va 6000 dan ortiq odamlar hibsga olingaan. 1200 ga yaqin bino yonib ketgan, ularning 900 ga yaqini do‘konlar bo‘lgan.

Bundan oldin qora tanlilarning o‘dirilishi bo‘lmaganmi? Albatta, bo‘lgan. Kingning o‘limi yuqorida aytganimizdek, ular orasidagi eng olamshumuli. Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘nlab shunday voqealarning “egizaklarini” ko‘rishimiz mumkin.

Yujin Uilyams va Chikagodagi tartibsizliklar

Qur’ondagi haqiqat: AQShning dunyoda ustunligiga janoza o‘qilyapti

Chikagoning shahar plyajlarida irqiy ajratish tizimi mavjud edi. Bunda plyajga kelgan qoratanlilar o‘zlari uchun ajratilgan maxsus hududda cho‘milishi va dam olishi mumkin bo‘lgan. 1919 yil 27 iyulda sohilda cho‘milayotgan qoratanli o‘spirin Yujin Uilyams suvdagi irq bo‘yicha ajratadigan chegarani kesib o‘tdi. Shundan so‘ng, Yujin oqlar tomonidan toshbo‘ron qilindi va cho‘kib ketdi. Bunga guvoh bo‘lgan qoratanli bilan bog‘langan oqtanli polisiyachi qotilni hibsga olishdan bosh tortdi va guvohni o‘zini hibsga oldi. Polisiya xodimining harakatlari qoratanlilarning g‘azabini qo‘zg‘atdi. Birozdan so‘ng ularga to‘plangan oqtanlilar hujum qilishdi.

Oq va qoratanlilar to‘qnashuvlari shahar bo‘ylab tarqaldi. Oqtanli odamlar qoratanli yo‘lovchilarni urib, ular yuradigan jamoat transportini ag‘darib yubordi. Kechalari qoratanlilar yashaydigan joylarga o‘t qo‘yishdi va qotilliklar uyushtirildi. Polisiya hujum qilayotgan oqlar tomonida bo‘lganligi sababli, qoratanlilar ularga ham qarshilik ko‘rsatishga majbur bo‘lishdi. Tartibsizliklar natijasida 15 nafar oq va 23 nafar qoratanli o‘ldirildi. 195 nafar oqtanli va 342 nafar qoratanli tan jarohati oldi. Yong‘inlar tufayli mingdan ortiq qoratanlilar o‘z uylarini yo‘qotishdi. Qotilliklar uchun oqlarning hech biri jazolanmadi.

Talsa g‘alayoni

TulsaRaceRiot-1921.png

1921 yil 30 may kuni asosan qoratanlilar yashaydigan Talsa shahri va uning 35 ta dahasida AQSh tarixidagi eng katta tartibsizliklardan biri boshlandi. Bu ko‘tarilishga 17 yoshdagi Dik Roulend ismli o‘spirinni o‘limga hukm qilishga urinishgani sabab bo‘ldi.

Voqea Dik Roulend Sara Peyj ismli oqtanli qizga hujum qilganlikda aybanishi bilan boshlangan. Shahar sherifi Uilerd Makkalou bu voqea bo‘yicha detektiv Genri Karmaykni chaqiradi va o‘smir aybdor deb topilib, qamoqxonaga olib ketiladi. Shundan so‘ng, shaharning afroamerikalik aholisida Dikni o‘ldirishlari mumkinligi bo‘yicha xavotir vujudga keladi va ular Talsa qamoqxonasiga qarab borishadi. Shu vaqtda oqtanlilarning qurollangan otryadi ham turmaga yetib keladi. Aytishlaricha, otryad orasida Ku-Kluks-Klan terrorchilik tashkiloti a’zolari ham bo‘lgan. 

Turma tashqarisiga yig‘ilgan olomon Dikning o‘limiga yo‘l qo‘yilmasligini aytadi va shundan so‘ng otishma boshlanib ketadi. Tez orada shaharning yarmi vayronaga aylanadi. Shaharda asosan binolar yog‘ochdan qurilgani bois deyarli barcha binolarga o‘t qo‘yiladi. Shaharning qoratanlilar yashaydigan hududi – Grinvud 100 foiz olov ichida qoladi.

Voqea natijasida 350 kishi halok bo‘ldi. Ularning 300 nafardan ortig‘i qoratanlilar bo‘lgan. Kamida 800 kishi jarohatlandi. 1256 ta turar-joy, savdo va kommunal binolar, ya’ni Grinvudning deyarli barcha binolari butunlay yoqib yuborildi. Sud natijasida qoratanlilar aybdor deb topildi va hibsga olindi. Lekin, ularning hech biri sud qilinmdi. Oz vaqt o‘tgandan so‘ng barcha aybdorlar, shu qatorda Dik ham ozod qilindi. Oradan 89 yil o‘tib, ya’ni 2010 yilda qoratanlilardan bo‘lgan AQSh Prezidenti Barak Obama davrida ushbu g‘alayon qurbonlariga atab yodgorlik o‘rnatildi.

Sinsinnati shahridagi ommaviy tartibsizliklar 

Bu hodisa ham qoratanli fuqaroning o‘ldirilishi bilan boshlandi. Jarayon 2001 yil aprel oyida 19 yoshli afroamerikalikning oq tanli polisiya xodimi tomonidan o‘ldirilishi munosabati bilan boshlangan.

2001 yil 7 aprel shanba kuni kechqurun polisiyadan yashirinishga uringan 19 yoshli Timoti Tomas o‘ldirildi. 8 aprel dushanba kunidan boshlab afroamerikaliklar shaharda tartibsizliklar boshladi. Seshanba kuni shaharning tarixiy markazidagi bozor yoqib yuborildi. Norozilik bildirgan fuqarolar do‘konlar va idoralarni talon-taroj qilishdi. Polisiya xodimlari shahar ma’muriyati binosini ko‘zdan yosh oqizadigan gaz va plastik o‘qlardan foydalangan holda himoya qildilar.

12 aprel kuni shaharda favqulodda holat e’lon qilindi va komendantlik soati joriy etildi. Shundan keyin tartibsizliklar to‘xtatildi. Tartibsizliklar natijasida 60 dan ortiq kishi jarohatlandi.

Ferguson g‘alayonlari

Qur’ondagi haqiqat: AQShning dunyoda ustunligiga janoza o‘qilyapti

AQShning Missuri shtatidagi Ferguson shahrida 2014 yil 9 avgust kuni namoyish va tartibsizliklar boshlandi. Bunga 18 yoshli qoratanli Maykl Braun 28 yoshli oq polisiya xodimi Darrell Uilson tomonidan hibsga olish paytida otib o‘ldirgani sabab bo‘ldi. Norozilik namoyishi ishtirokchilarining aksariyati mahalliy afroamerikalik hamjamiyat a’zolari edi. Tartibsizliklar asosan Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda, Braun qo‘llarini ko‘targaniga qaramay, ya’ni irqiy sabablarga ko‘ra o‘ldirilganligi haqidagi xabar tarqalganidan keyin boshlandi.

Bir necha kundan so‘ng tartibsizliklar sezilarli darajada pasaydi. Ammo 2014 yil 24 noyabrda sud hay’ati Darrell Uilsonni dalil yo‘qligi uchun ayblashni rad qilganidan keyin vaziyat yana yomonlashdi. Noroziliklar AQShning boshqa shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi. O‘sha yilning 2 dekabrida g‘alayonlar tugadi.

Baltimordagi tartibsizliklar

AQShning Merilend shtatidagi Baltimor shahrida 2015 yil 25 aprel kuni namoyishlar va tartibsizliklar boshlandi. Bunga 26 yoshli amerikalik qora tanli Freddi Greyning o‘limi sabab bo‘ldi. U polisiya tomonidan hibsga olinganidan so‘ng, olgan jarohatlari tufayli vafot etgan edi. Tartibni tiklash uchun AQSh Milliy gvardiyasi bo‘linmalari Baltimorga yuborildi. Tartibsizlik oqibatida 100 ga yaqin polisiyachi jarohat oldi, 200 dan ortiq kishi hibsga olindi. Noroziliklar AQShning boshqa shaharlarini ham qamrab oldi.

Freddi Greyni hibsga olishda ishtirok etgan oltita polisiyachiga qarshi ayblov e’lon qilindi. Polisiya haydovchisi ikkinchi darajali qotillikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga mahkum qilindi.

AQSh va Rim Imperiyasining o‘xshash taqdiri 

Yuqorida AQShda irqchilik sababli sodir bo‘lgan qonli voqealar bilan tanishdik. Hozirda bo‘layotgan hodisalar ham huddi shu ssenariy bo‘yicha ketmoqda. Lekin, bu galgi voqealar siyosiy tahlilchilarning fikricha, AQShning gegemon sifatidagi so‘nggi kunlari ekanligini anglatishi mumkin. Bu nima degani? 

Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi g‘alayonlar bir narsaga urg‘u berdi: Amerika derjava sifatida o‘lishni boshladi. Ukrainalik jurnalist Andrey Golovachevning fikricha, ayni jarayonlar dunyodagi muvozanatni o‘zgartiradi. Avvalroq, Yevropa Ittifoqi rasmiysi ham AQShning gegemoniyasi tugab “Osiyo asri” boshlanganini aytib o‘tgan edi. Ho‘sh bu qanday yuz berdi?

Aslida, bu SSSR qulaganidan so‘ng boshlangan. 1991 yilda SSSR parchalangandan so‘ng, dunyoda ikki qutblilik nihoyasiga yetdi. AQSh sayyorada yakka hukmron bo‘lib qoldi. Endi unga bas keladigan hech bir kuch qolmagandi.

Jurnalist Amerikada ro‘y berayotgan voqealarni qadimgi Rimdagi voqealar bilan taqqoslaydi. Rim o‘zining eng katta dushmani Karfagenni mag‘lubiyatga uchratgandan so‘ng, O‘rta yer dengizida yakka hukmronga aylandi. 

Qur’ondagi haqiqat: AQShning dunyoda ustunligiga janoza o‘qilyapti

Shundan so‘ng, Rim deyarli cheksiz resurslarga ega bo‘lishni boshladi. Rimning harbiy va siyosiy hukmronligi bilan ta’minlangan bunday globallashgan iqtisodiyot doirasida italiyalik hunarmand va dehqonlar Rimning o‘zida deyarli foydasiz va raqobatga chidamsiz bo‘lib qolishdi. Asta-sekin ularning barchasi bankrot bo‘lib, iqtisodiy talabga mos kelmay qoldi. Jamiyatda o‘rta sinf yo‘qolib keta boshladi. Keyinchalik jamiyat asta-sekin ikki qutbga bo‘lindi: bir tomondan, hashamat va korrupsiyaga botgan amaldorlar va zodagonlar, ikkinchi tomondan, juda kambag‘al va huquqlari doim poymol bo‘ladigan oddiy aholi. 

Hukumat bir paytda ham ochlarga va ham ko‘ngilochar namoyishlarga pul ajratish kerak edi. Ya’ni bir vaqtning o‘zida ham kambag‘allarni ham zodagonlarni ko‘ngliga qarash kerak bo‘lib qoldi. Bunday tizim barqaror bo‘la olmadi va tez orada Rim imperiyasi fitnalarga berilib, oxir-oqibat parchalanib ketdi. Xulosa: Rimning o‘limiga uning butun dunyoda to‘liq hukmronlik qilishi sabab bo‘ldi.

Hozir Amerika bilan shunga o‘xshash holat ro‘y bermoqda. Kommunistik tuzum qulaganidan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar dunyo gegemoniga aylandi. Uning “mushugini pisht deydigan” kuch qolmadi. Ular butun yer yuzini nazorat qilishdi. Pul daryo kabi oqardi, Amerika boylikka botib, o‘z imkoniyatlaridan tashqarida yashay boshladi. Ishlashning ma’nosi yo‘q. Barcha ishlab chiqarish Janubi-Sharqiy Osiyoning kambag‘al mamlakatlariga to‘g‘ri keldi. Kambag‘al davlatlardan kelayotgan suv tekin xom ashyolar va qurol savdosi AQShni qulog‘igacha boylikka botirdi. Butun kambag‘al dunyo davlatlari AQSh uchun ishlay boshladi va hamma topgan pullarini Amerika aktivlariga o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Bunday sharoitda AQShda xuddi Rimdagidek vaziyat paydo bo‘ldi. O‘rta qatlam deyarli yo‘qola boshladi. Hukumat endi ham uysiz va ochlarni, ham tomosha-yu ko‘ngilxushliklarni sevuvchi boylarni andarmon qilishi kerak bo‘lib qoldi. Hozirda mamlakatda 50 milliondan ortiq odamlar maxsus kartochkalar orqali hukumatdan yordam oladi. Shu bilan bir qatorda dunyoning kichik va zaif mamlakatlariga qarshi g‘olibona havo hujumlari bilan “zodagonlarni” ko‘nglini olishadi. Bunday sharoitda, dunyo hukmronligiga erishgan jamiyatda muqarrar ravishda axloqiy tanazzul boshlanadi. 

Amerikani yana buyuk qilish endi mumkin emas. Qo‘shma Shtatlardagi keskin farq qiluvchi ikki qatlam o‘rtasidagi tafovut Minneapolisda boshlangan tartibsizliklar orqali namoyon bo‘lib qoldi. AQSh o‘zini qurol-aslaha savdosi bilan boqishga erisholmasa, hamma narsa oxir-oqibat barbod bo‘ladi. Qurol-aslaha savdosi uchun esa dunyoning qayeridadir urush boshlanishi kerak.

Koronavirus so‘nggi zarba

Qur’ondagi haqiqat: AQShning dunyoda ustunligiga janoza o‘qilyapti

Tahlilchilarning fikricha, koronavirus pandemiyasi Amerikaga so‘nggi zarba bo‘lishi mumkin. Rim imperiyasini eramizning III asri o‘rtalarida va VI asrda ro‘y bergan ikki vabo epidemiyasi iqtisodiy jihatdan cho‘kishiga sababchi bo‘lgani aytiladi.

Ko‘rinishidan voqealar shu yo‘nalishda rivojlanmoqda. Ikkinchi chorakda AQSh yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 38-42 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Bu XX asrning 30 yillaridagi Buyuk depressiya davrida ham bo‘lmagan holat. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Karantin davrida AQShda hozirgacha ishsizlik nafaqasi uchun 40 millionga yaqin ariza kelib tushgan. Odamlarda pul qolmagan. Chunki, pul aylanmasi katta, iqtisodiyoti jadal rivojlangan davlatlarda mablag‘ jamg‘arish kam uchraydigan holat sanaladi. Ana shunday holatda, koronavirusga qarshi joriy qilingan karantindan charchagan odamlar hozirgidek tartibsizliklar uyushtirishi yashash uchun kurashga o‘xshaydi. Odamlar irqchilikka qarshi chiqish fonida do‘konlarni talamoqda. Oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa hayot uchun zarur bo‘lgan turli buyumlar sotuvchi do‘konlar namoyishchilarning birinchi o‘ljasiga aylanmoqda.

Qur’ondagi haqiqat: AQShning dunyoda ustunligiga janoza o‘qilyapti

Ayni paytda, Xitoy o‘z iqtisodiyotini 100 foiz ishga tushirgan bir vaqtda, AQSh iqtisodiyoti atigi 60 foiz quvvati bilan ishlayapti.

Bu dunyoda hamma narsa o‘tkinchi va hamma narsa sikl qonunlariga muvofiq takrorlanadi. Amerikaning liderligi tugaydi. Demak, Xitoy davri boshlanayotgan ko‘rinadi. 

Shu o‘rinda Qur’oni Karimdagi quyidagi oyat beixtiyor yodga keladi: “Bunday kunlarni odamlar orasida aylantirib turamiz”. (Oli Imron surasi 140-oyat)

Manba: qalampir.uz

Kiritildi: 22:27 06.06.2020. O'qildi: 19919 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!