Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Arman Kasenov mamlakatda atom elektr stansiyasi muddatli to‘lov evaziga qurilishi mumkinligini aytdi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.
Kasenov Senat yig‘ilishi chog‘ida AES qurilishi uchun qancha mablag‘ talab etilishi mumkinligi haqida fikr bildirgan. Jurnalistlar tegishli masalani ko‘targan.
“Hozircha kim va qaysi davlat qurishiga qaror qilinmagan. Shu bois, qanday moliyalashtirilishi ham noma’lum. AES qurilishini moliyalashtirish variantlaridan biri muddatli to‘lov ekanini bilaman”, dedi Kasenov.
U AESni quradigan kompaniya to‘lov muddatini kechiktirishi mumkin bo‘lgan variant ko‘rib chiqilayotganini aytdi.
“Shunga ko‘ra, uni moliyalashtirish uchun mablag‘ kerak bo‘lmasligi ham mumkin. Biroq hozir buni aniq ayta olmaymiz, chunki hatto kim qurishini ham bilmaymiz... Barcha energiya ishlab chiqarish loyihalari xarajatli bo‘ladi. Bu xarajatlar xizmat ko‘rsatish tarifiga kiritiladi”, deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.