Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Qorasuvlik ayol nega ikkinchi marta qamaldi?!

Qorasuvlik ayol nega ikkinchi marta qamaldi?!

Respublikamizda inson manfaati, qadr-qimmati hamma narsadan ustun. Shu bois hatto mavjud qonunlarga bo‘ysunmay jazoga mahkum etilganlarni ijtimoiy muhofaza qilishga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Xalq so‘zi onlayn ning yozishicha, qorasuvlik Qizlarxon Soliyeva ham o‘zining noo‘rin xatti-harakatlari bilan bir necha bor jinoyat ostonasini xatlab o‘tgan. Shu bois Xo‘jaobod tumani sudining 2016 yil 19 oktyabrdagi hukmiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismining b bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Zangiota tuman sudining o‘tgan yil 4 iyundagi ajrimiga ko‘ra belgilangan jazoning o‘talmagan 3 yil 1 oy 29 kuni JKning 74-moddasi tartibida har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirish belgilangan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi.

Biroq u insonparvarlik tamoyillariga asoslangan mazkur ajrimga bepisandlik bilan yondashib, tayinlangan jazoni o‘tashdan bo‘yin tovladi. Aslida unga berilgan imkoniyat sodir etgan salbiy qilmishlarini amalda oqlashi uchun yagona vaziyat edi. Afsuski, ayol bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmadi.

Qo‘rg‘ontepa tumani ichki ishlar bo‘limi mutasaddilari ayolning jamiyatdagi o‘rni, mavqeini egallashi, boshqalar qatori fuqarolik huquqlaridan foydalanishi uchun alohida e’tibor qaratdi, deydi tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Sanjarbek Solijonov. Eng avvalo, doimiy ish o‘rni taklif etildiki, buning oqibatida ijtimoiy holatini yaxshilash sharoitiga ega bo‘lar edi. Biroq Qizlarxon mehnat qilib, pul topishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Spirtli ichimliklar iste’mol qilib, ko‘pchilikning ko‘nglidan qoldi. Natijada ma’muriy ishlar bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tumani sudi tomonidan o‘tgan yili jarima jazosi belgilandi. Shu bilan bir qatorda, tayinlangan 3 yil 28 kun axloq tuzatish ishlari jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilishini so‘rab, jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘rg‘ontepa tumani sudiga taqdimnoma kiritildi.

Sud O‘zbekiston Respublikasi JPKning 423, 541, 542-moddalariga amal qilib avval belgilangan jazoni shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish xususida ajrim chiqardi. Ayol sudning bu galgi hukmidan o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Kiritildi: 09:58 20.02.2019. O'qildi: 1817 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!