Bugun 29 mart, 2024 yil, juma

КИР

Qodir Jo‘rayev: “Oshirilgan kontrakt, tushirilgan stipendiya – qanchalik adolatli?!“

Qodir Jo‘rayev: “Oshirilgan kontrakt, tushirilgan stipendiya – qanchalik adolatli?!“

Mamlakatimizda ko‘pgina sohalar kabi oliy ta’lim tizimi ham jiddiy isloh qilinmoqda. Hozirgi kunda oliy ta’limga e’tibor har qachongidan ham kuchaydi. Innovasion fikrlaydigan talaba-yoshlarni tarbiyalash borgan sayin muhim strategik vazifaga aylanmoqda.

Oliy ta’lim muassasalari va ularga qabul qilinuvchi talabalar soni ham tobora oshmoqda. Ayniqsa, qabul kvotalarining salkam ikki baravarga (2015 yildagi 58 mingdan 2019 yilda 102minggacha) oshirilishi oliy ma’lumotli bo‘lish ilinjidagi yoshlarning xohish–istaklarini ro‘yobga chiqarishda muhim qadam bo‘ldi. Bu kabi son o‘zgarishlari, o‘z navbatida, kelgusida sifat o‘zgarishlari uchun qulay zamin yaratmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, tizimda eskilik sarqitlarini bartaraf etishga qaratilgan ko‘pdan-ko‘p islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ammo, bugungi shiddatkor zamonda bularning o‘zi yetarli emasligini tizimda hali-hanuz qator muammolar saqlanib qolayotgani ham ko‘rsatib turibdi va bizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi. To‘g‘ri, ushbu bir qism muammolarning yechimi OTMning moddiy ta’minoti, ya’ni moliyaviy resurslar bilan izohlanadi. Biroq aksariyat muammolar va ularning yechimi inson omiliga bog‘liq bo‘lib qolayotganligi taajjublidir.

Endi bugungi kunda tizimda hal etilmagan asosiy muammolar xususida. Aksariyat professor-o‘qituvchilar faoliyati bugungi kun talablariga javob bermaydi, ularning aksariyati o‘z ustida ishlamaydi va qotib qolgan. Professor-o‘qituvchilar uchun tashkil qilingan malaka oshirish kurslari samarasiz va ularda dars berayotgan professura saviyasi past. O‘z nomi bilan qayta tayyorlov kurslari bo‘lsada, ulardan o‘tgan professor-o‘qituvchilar bilim darajasi deyarli o‘zgarmayapti.

Qator OTMda korrupsiya va ta’magirlik holatlari hamon saqlanib qolmoqda. Kirish imtihonlarida (ayniqsa, ijodiy imtihonlar, xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarda) tanish-bilishchilik, korrupsiya va ta’magirlik holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Aksariyat OTMda jamoatchilik nazorati o‘rnatilmagan, OTM qoshidagi Jamoatchilik kengashlari nomigagina tuzilgan va amalda faoliyat yuritmaydi.

Yana bir dolzarb masala – magistraturaning hamon eski tizimda qolayotganligi, ijobiy o‘zgarishlarning deyarli yo‘qligi, magistrauraga kirish imtihonlari bilan Davlat test markazi emas, balki OTMning o‘zi shug‘ullanayotganligi va shu bois, turli qallobliklar, korrupsion holatlarning saqlanib qolayotganidir.

Bu kabi muammolarning mavjudligi albatta, tizimdagi islohotlarning natijadorligini shubha ostiga qo‘ymoqda.

Bu borada aniq faktlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, turli negativ tendensiyalarga duch kelishimiz mumkin. Chunonchi, so‘nggi paytlarda talabalarni dars vaqti hisobiga turli-tuman ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy-siyosiy tadbirlarga jalb qilish kabi holatlar avj olmoqda. Masalan, 2019 yil 13 sentyabr kuni Toshkent arxitektura-qurilish instituti talabalari belgilangan o‘quv reja asosida auditoriyada dars o‘tish o‘rniga O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari va uning deputatlari ishtirokidagi targ‘ibot tadbiriga jalb qilingan. Ajablanarli tomoni shundaki, o‘sha kuni ixtisoslik va “O‘zbekiston tarixi” o‘quv predmetidan ma’ruzalar eshitish o‘rniga talabalar Ekologik partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari to‘g‘risidagi taqdimot marosimida ishtirok etishgan.

Tez orada mamlakatimizda vakillik organlariga saylov bo‘lib o‘tishini hisobga olsak, bunday noxush holatlarning ko‘payib borishini taxmin qilish mumkin. Oliy ta’lim mutasaddilari bunga zudlik bilan chek qo‘yishlari lozim.

Jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘layotgan yana bir masala bu kontrakt to‘lovlari miqdori va talabalar stipendiyasi masalasidir. Ma’lumki, kontrakt narxlari ish haqiga bog‘lab qo‘yilgan bo‘lib, ish haqi miqdori har oshganda kontraktlar ham shunga mutanosib ravishda oshishi belgilab qo‘yilgan edi. 1 avgustdan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga muvofiq ish haqi miqdori 10%ga oshirildi. Kontrakt to‘lovlari ham shunga muvofiq 10%ga oshirilishi kerak edi. Biroq amalda bunday bo‘lmadi. Turli vajlar bahonasida kontrakt to‘lovlari asossiz ravishda ta’lim yo‘nalishlariga qarab, 15%dan 23%gacha oshirildi.

Mutasaddilar o‘ylab ko‘rmadilarmi, shundoq ham kontrakt to‘lovlarini amalga oshirishga qiynalayotgan oilalarga buni qanday tushuntirishimiz mumkin? Biz deputatlar endi ota-onalarning ko‘ziga qanday qaraymiz?

Shu kabi vaziyatni stipendiyalar masalasida ham kuzatishimiz mumkin. Yangi o‘quv yilidan boshlab, davlat granti va to‘lov kontrakti asosida o‘qiydigan barcha talabalar uchun stipendiya miqdori bir xil, ya’ni 400 ming so‘m etib belgilandi. Stipendiyalar miqdorining talaba olgan bahoga nisbatan differensiyasi, ya’ni, “o‘rta”, “yaxshi”, “a’lo” baholar uchun stipendiya bekor qilindi. Buning o‘rniga faol, a’lochi, jamoatchi talabalar uchun OTM rektorlari tomonidan stipendiyaning 50 foizigacha, ya’ni 200 ming so‘mgacha mukofot puli joriy qilinadigan bo‘ldi.

Buni qanday tushunish mumkin? Joriy qilinayotgan ushbu tizim qanchalik adolatli?! Oliy ta’lim mutasaddilarining mazkur “innovasiyasi” “5” baho olishga astoydil intilayotgan a’lochi talabalarning shashtini so‘ndirib qo‘ymaydimi? Talabaning 50 foizlik mukofotni olish ilinji turli qing‘irlik va adolatsizliklarga zamin yaratmaydimi? Bu tizim talabalarning rektor, prorektor va dekan janoblariga laganbardorligini keltirib chiqarmaydimi?

Muxtasar aytganda, oliy ta’lim tizimi mutasaddilari sohada bir talay muammolar borligini, mamlakatimiz Prezidenti va xalqimizning ishonchini oqlay olmayotganliklarini to‘liq anglab yetishlari lozim. “Toshbaqa yurish”, muammolardan ko‘z yumish, “ko‘zi ko‘r, qulog‘i kar” bo‘lib yurish bilan ish bitmaydi. Ayniqsa, mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi pallasiga kirayotgan hozirgi o‘ta muhim bir paytda mutasaddi rahbarlar o‘z zimmalarida yanada katta mas’uliyat turganini chuqur his etmoqlari lozim.

Qodir JO‘RAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat“ SDP fraksiyasi a’zosi.

Manba: O‘zA

Kiritildi: 10:47 18.09.2019. O'qildi: 2406 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!