Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Qiyomatning alomatlari nimalar?

Qiyomatning alomatlari nimalar?

Savol

Hammamiz qiyomatning haqligiga iymon keltirganmiz. Ammo qiyomatdagi va undan keyingi nimalarga iymon keltirilishi haqida ko‘p narsa bilmaymiz. Qiyomatning sodir bo‘lishi, undan keyingi mahshar, hisob-kitob, sirot va boshqa ishlar haqida ma’lumot bersanglar, xursand bo‘lardik.

Hurmat bilan Ayyubxon

Andijon viloyati

«Qiyomat» so‘zi lug‘atda «tik turish, qo‘pish» ma’nolarini anglatadi. Istilohda esa hamma o‘liklar Alloh taoloning irodasi bilan tirilib, o‘rnidan qo‘padigan, tik turadigan kun «qiyomat» deyiladi. Alloh taolo irodasi bilan butun borliqdagi hayot tugaydigan, bu dunyoning ajali yetadigan, hamma narsa ostin-ustun bo‘ladigan bu kun «oxirat kuni» ham deyiladi. Tiriltirilganlarning amal daftarlarini berilib, bu dunyodagi ishlarining hisobini qilish uchun hammalari bir joyda – Mahsharda (hashr maydonida) to‘planishidan «hashr kuni», «mahshar kuni», «hisob kuni» ham deyiladi.

Qiyomat alomatlarining hammasi yuzaga chiqsa, Allohning irodasi bilan qiyomat qo‘padi, ya’ni qoim bo‘ladi. Isrofil alayhissalom Alloh taoloning amri ila birinchi marta surni puflaganda hamma qulab tushib, o‘ladi, ikkinchi bor surni puflaganida barcha maxluqot qayta jonlanib (tiriltirish haq), qanday holda o‘lganidan qat’i nazar tik turib, bundan keyin nima bo‘lishini intizor bo‘lib kutadi. Qiyomat qoim bo‘lganida ro‘y beradigan qattiq holat qalblarni larzaga soladi, aqlni boshdan uchiradi, inson xayolini parishon qiladi, hatto ayollar emizikli bolalarini unutib yuboradi, homiladorlar homilasini tashlaydi va boshqa qo‘rqinchli holatlar yuzaga chiqadi (Qarang: Haj surasi, 1-2-oyatlar).

Qiyomat kuni dahshati kuchligidan kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir kishi faqat o‘zinigina o‘ylab qoladi. Aka-uka ham, ota-ona ham, bola-chaqayu er-xotin ham yodga kelmay qoladi. Hamma bir-biridan qochadi. Yonidagi odam erkakmi, ayolmi, yalang‘ochmi, kiyinganmi – nazariga olmaydi. Hamma mahshar maydonida to‘planganida, bandalarga nomai a’mollari – bu dunyoda qilgan ishlarini farishtalar yozib yurgan kitob beriladi. Yaxshilik ham, yomonlik ham katta-kichikka ajratilmay, hammasining hisob-kitobi bo‘ladi, qiyomatda barcha qilmishlarga javob berish kerak. Qiyomat kuni faqat savol-javob bilan kifoyalanib qolinmaydi. Adolat tarozisi o‘rnatilganida «tarozidan urish», tanish-bilish, pora berishlar yo‘q! Har bir insonning qilgan ishlari adolat tarozisiga solib, tortiladi. Yaxshilik qilgan odamning pallasi og‘ir kelishi, yaxshiliklarining mukofotini olishi, joyi jannatda bo‘lishi va’da qilingan. Kimning pallasi yengil kelsa, yomonligining jazosini to‘liq jahannamda olishi ham va’da etilgan.

Zikr qilingan narsalardan tashqari, mo‘min-musulmon kishi qiyomat kuni jahannam ustiga «sirot» deb atalgan ko‘prik qurilgan bo‘lishiga, undan barcha odamlarni o‘tishga buyurilishiga, kimdir undan o‘tib najot topishiga, kimdir o‘ta olmay jahannamga qulashiga jazm ila iymon keltirishi lozim. Oisha roziyallohu anho do‘zaxni eslab yig‘laganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Nega yig‘layapsan?» deb so‘radilar. «Do‘zaxni eslab yig‘ladim. Qiyomat kuni ahli-ayollaringizni eslaysizmi, ey Allohning Rasuli?» dedilar Oisha onamiz. «Uch joyda birov birovni eslamaydi: tarozi oldida, to tarozi yengil keladimi, og‘ir keladimi, bilgunicha; Kitob (nomai a’mol berilishi) vaqtida, to kitobi o‘ngdan tushadimi yoki chapdanmi yoxud oldindanmi, bilgunicha; Sirot jahannamning ikki qirg‘og‘iga qo‘yilganida», dedilar Payg‘ambarimiz alayhissalom.

Mahsharda hamma to‘planganida bu dunyoda mo‘min-musulmon bo‘lib, toat-ibodat, taqvodorlik bilan o‘tgan kishining amal daftari o‘ng tomondan beriladi, hisobi osongina qilinib, jannat ahli huzuriga xursand bo‘lib qaytadi. Bu dunyodagi yomonlarning amal daftari chapdan (yo ortdan) berilsa, badbaxtlikdir, do‘zaxiylik alomatidir. Abu Bakr Vositiy bunday degan: «Davlat uchta bo‘ladi: hayotdagi davlat, o‘lim paytidagi davlat va qiyomatdagi davlat. Hayotdagi davlat – Allohning toat-ibodatini qilib yashashdir, o‘lim paytidagisi esa «Laa ilaaha illalloh» kalimasi bilan joni chiqishidir, haqiqiy davlat esa qiyomat kuni jannat xushxabari berilishidir».

Abu Sa’d ibn Abu Fazola roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagilarni aytganlarini eshitdim: «Kelishiga shubha bo‘lmagan kun – qiyomat kuni Alloh odamlarni jamlaganda nido qiluvchi: «Kim Alloh uchun qilgan amaliga birortani sherik qilgan bo‘lsa, savobini Allohdan boshqaning huzuridan talab qilsin! Albatta, Alloh sheriklarning shirkidan behojatidir!» deb nido qiladi» (Termiziy, Ibn Moja va Ibn Hibbon rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kasodga uchragan (muflis) kimligini bilasizlarmi?» dedilar. «Bizning oramizda kasodga uchragan – dirhami ham, mol-mulki ham yo‘q odam», deyishdi. «Mening ummatimdan kasodga uchragani Qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan kelgan-u, ammo uni so‘kkan, buni zinoda ayblagan, uning molini yegan, buning qonini to‘kkan, buni urgan odamdir. Bunisiga uning savoblaridan beriladi, unisiga ham uning savoblaridan beriladi. Agar zimmasidagi narsa tamom bo‘lmay turib uning savoblari tugab qolsa, ularning gunohlaridan olinib, buning ustiga yuklanadi. So‘ngra u do‘zaxga solinadi», dedilar» (Muslim rivoyati).

Aqiyda kitoblari asosida tayyorlandi.

«Hilol» jurnalining 5(14) sonidan.

Kiritildi: 06:00 05.07.2020. O'qildi: 38340 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!