Bugun 23 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Qashqadaryolik erkakning Shavkat Mirziyoyevga murojaati o‘rganib chiqildi

Qashqadaryolik erkakning Shavkat Mirziyoyevga murojaati o‘rganib chiqildi

Qashqadaryo viloyati, Koson tumani, Beshqo‘ton qishlog‘ida yashovchi fuqaro H.Mirzayevning “You Tube” internet ijtimoiy tarmog‘i orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga yo‘llagan videomurojaati Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganildi.

Muallifning 1-vaji: o‘zi rahbarlik qilgan “Majidov Normo‘min” fermer xo‘jaligi Koson tumani hokimligi tomonidan “Sherali” fermer xo‘jaligiga qo‘shib yuborilganidan noroziligini bildirgan.

O‘rganish natijasi: H.Mirzayevga Koson tumani hokimining 05.12.2015 yildagi 1286-sonli qarori bilan 37,2 gektar yer maydoni fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun ajratilgan va mazkur yer maydonida H.Mirzayev tomonidan “Majidov Normo‘min” fermer xo‘jaligi tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 09.01.2019 yildagi 14-sonli qarori doirasida “Majidov Normo‘min” fermer xo‘jaligi raisi H.Mirzayevning ixtiyoriy arizasiga binoan tuman hokimining 19.01.2019 yildagi 934-sonli qarori bilan fermer xo‘jaligiga tegishli yer maydoni maqbullashtirish uchun tuman hokimligi zahirasiga qaytarilgan.

Tuman hokimining 7365-sonli qaroriga asosan mazkur yer maydoni tender tanlovi g‘olibi “Sherali” fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgan. H.Mirzayevning ukalari O.Mirzayev, B.Mirzayev, N.Mirzayevlar mazkur fermer xo‘jaligida ishchi bo‘lib ishlashgan.

Mazkur holatda qonun buzilishi holatlari aniqlanmagan.

 

Muallifning 2-vaji: fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan chopiq traktori va kultivatori ukasi B.Mirzayev tomonidan olib ketilganidan noroziligini bildirgan.

O‘rganish natijasi: H.Mirzayevning akasi M.Mirzayev 2010-2015 yillarda “Sayfullo Donayev” fermer xo‘jaligi raisi vazifasida ishlagan.

Qayd qilingan traktor va kultivator “Sayfullo Donayev” fermer xo‘jaligi nomiga M.Mirzayev tomonidan olingan va qonuniy tartibda unga tegishli hisoblangan. “Sayfullo Donayev” fermer xo‘jaligi 05.08.2015 yilda tugatilib, yer maydoni tenderga qo‘yilgan.

H.Mirzayev tanlovda qatnashib, g‘olib deb topilgan va “Majidov Normo‘min” fermer xo‘jaligini tashkil qilgan.

H.Mirzayev “Sayfullo Donayev” fermer xo‘jaligi o‘rnida yangi fermer xo‘jaligi tashkil qilinganligi, texnikalarni ukasi B.Mirzayev shu yerda ishlatganligi sababli, texnikalarni ham o‘ziga tegishli deb hisoblagan.

Biroq, mazkur texnikalar M.Mirzayev tomonidan 2011 yilda xususiylashtirilgan bo‘lib, “Sayfullo Donayev” fermer xo‘jaligining qarzdorligi yoki mol-mulklari H.Mirzayev rahbarligidagi “Majidov Normo‘min” fermer xo‘jaligiga o‘tmagan. H.Mirzayev tomonidan texnikalarga pul yoki boshqa moddiy qimmatliklar to‘lanmagan.

Bundan tashqari, “Agroinspeksiya” tuman bo‘limi tomonidan berilgan ma’lumotnomaga asosan H.Mirzayev va “Majidov Normo‘min” fermer xo‘jaligi nomiga texnikalar ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi ko‘rsatilgan.

O‘rganishda H.Mirzayevning mazkur vaji tasdig‘ini topmagan.

 

Muallifning 3-vaji: 2019 yilda o‘zi tomonidan ekilib, yetishtirilgan g‘alla hosilini davlat rejasi to‘liq bajarilgan bo‘lsada, ortib qolgan 14 tonna g‘alla hosili ham tuman IIB xodimlari tomonidan asossiz ravishda olib ketilganligini bildirgan.

O‘rganish natijasi: “Majidov Normo‘min” fermer xo‘jaligi rahbari H.Mirzayevning arizasi va tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining xulosasiga asosan jami 37,2 gektar yer maydoni tuman hokimining 19.01.2019 yildagi qaroriga asosan zahiraga qaytarilgan hamda tuman hokimining 23.01.2019 yildagi 7365-sonli qaroriga asosan ushbu yer maydoni tender g‘olibi “Sherali” fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgan.

Mazkur qarorning 4-bandiga asosan, ATB “Agrobank” Koson filiali tomonidan “Majidov Normo‘min” fermer xo‘jaligiga 2019 yil g‘alla hosili uchun ajratilgan imtiyozli kreditdan bo‘lgan 20 mln. 100 ming so‘m qarzdorlik dalolatnomaga asosan, “Sherali” fermer xo‘jaligiga rasmiylashtirilgan.

Bundan tashqari, “Koson don mahsulotlarini qabul qilish” MCHJning 28.12.2019 yildagi ma’lumotnomasiga ko‘ra “Majidov Normo‘min” fermer xo‘jaligi tomonidan davlatga don sotish bo‘yicha kontraktasiya shartnomasi
2017 yilda 102 %ga hamda 2018 yilda 70% ga bajarilgan.

Shuningdek, “Sherali” fermer xo‘jaligi tomonidan 2019 yilda g‘alla hosilini yetkazib berish uchun 20 gektar yer maydonida 66,1 tonna g‘allani davlatga sotish yuzasidan shartnoma tuzilgan bo‘lib, amalda fermer xo‘jaligi tomonidan reja 70,4 tonnaga 106,5%ga bajarilgan.

H.Mirzayev o‘ziga tegishli ekanligini bildirgan g‘alla mahsuloti “Sherali” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan va qonuniy tartibda “Koson don mahsulotlarini qabul qilish” MCHJga topshirilgan.

O‘rganishda mazkur vaj tasdig‘ini topmagan.

 

Muallifning 4-vaji: 2019 yilda shifoxonada yotgan vaqtida o‘zi tomonidan ekilib, yetishtirilgan g‘alla somoni ukalari Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlar tomonidan ruxsatisiz noqonuniy olib ketilganini bildirgan.

O‘rganish natijasi: “Majidov Normo‘min” va “Sherali” fermer xo‘jaligi o‘rtasida qarzni o‘tkazish shartnomasiga asosan, fuqaro H.Mirzayev raisligidagi “Majidov Normo‘min” fermer xo‘jaligining barcha huquq va majburiyatlari, yetishtirilgan g‘alla hosili “Sherali” fermer xo‘jaligiga o‘tkazilgan.

“Sherali” fermer xo‘jaligining yer maydonidagi g‘alla somoni fermer xo‘jaligining ishchilari tomonidan yig‘ib olingan. Bu borada, H.Mirzayev va “Sherali” fermer xo‘jaligi o‘rtasida mehnat yoki fuqarolik shartnomasi tuzilmagan.

G‘alla somoni “Sherali” fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lib, muallifning mazkur vaji tasdig‘ini topmagan.

 

Muallifning 5-vaji: ukalari Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlar tuman IIBga marhum otasiga tegishli bo‘lgan uydan 2 dona eshikni o‘g‘irlab olib ketganligi haqida ustidan tuhmatda ifodalangan ariza yozganini bildirgan.

O‘rganish natijasi: mazkur masala tuman IIB tomonidan 2018 yil oktyabr oyida ko‘rib chiqilib, 2 dona eshik H.Mirzayevning o‘ziga tegishli ekanligi aniqlangan.

H.Mirzayevning ukalari Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlarning da’vo yoki e’tirozlari mavjud emasligi aniqlangan.

O‘rganishda, H.Mirzayev mazkur vajlarini oqibatsiz qoldirishni so‘ragan.

 

Muallifning 6-vaji: Koson tumani hokimining qarori bilan unga uy-joy qurish uchun 8 sotix yer maydoni ajratilganligi, ammo mazkur qarorni birorta idoradan topolmaganligi, yer maydoni akasi M.Mirzayev tomonidan noqonuniy o‘rab olinganligini bildirgan.

O‘rganish natijasi: Koson tumani hokimining 30.06.1999 yildagi 469/06-sonli qarori bilan H.Mirzayevga Koson tumani “Po‘lati” MFY, “Beshqo‘ton” qishlog‘i hududidan 8 sotix yer maydoni uy-joy qurish uchun ajratilgan.

O‘rganishda, mazkur qaror nushasi fuqaro H.Mirzayevga olib berilishi ta’minlandi. Fuqaro M.Mirzayev ukasi H.Mirzayevga tegishli yer maydoniga da’vosi yo‘qligini, H.Mirzayev bu yerga uy-joy qurishi mumkinligini bildirgan.

O‘rganishda H.Mirzayevning mazkur vaji qanoatlantirildi.

 

Muallifning 7-vaji: oila a’zolari bilan yashab kelayotgan fermer xo‘jaligi dala shiyponida elektr toki yo‘qligi, farzandlari 15 km. uzoqlikda joylashgan maktabga borib o‘qishidan noroziligini bildirgan.  

O‘rganish natijasi: Koson tuman elektr ta’minoti korxonasining ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro H.Mirzayev yashab kelayotgan shiypon va aholi punkti o‘rtasida 9-10 km. masofa bo‘lib, haqiqatda mazkur dala shiyponi elektr toki bilan ta’minlanmagan. Koson tuman elektr ta’minoti korxonasining “Sherali” fermer xo‘jaligiga tegishli dala shiyponini elektrlashtirish majburiyati mavjud emas.

H.Mirzayevning qizi S.Normo‘minova va o‘g‘li M.Normo‘minovlar o‘qiydigan maktab binosi dala shiyponidan taxminan 14 km. uzoqlikda joylashgan. Shu sababli, farzandlari H.Mirzayevning qaynotasi N.Eshonqulovning Koson tumani “Beshqo‘ton” mahallasida joylashgan yashash uyida turib maktabga borib kelishadi. Ular dam olish kunlari H.Mirzayevning dala shiyponiga borib turishadi.

Shuningdek, “Sherali” fermer xo‘jaligi tomonidan dala shiyponi elektrlashtirilishi mumkin. Biroq, H.Mirzayevning mazkur dala shiyponida yashashga huquqi mavjud emas.

 

Muallifning 8-vaji: ukalari Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlar fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yerdan noqonuniy yashash uyi qurib olganliklarini bildirgan.

O‘rganish natijasi: tuman qurilish bo‘limining ma’lumotnomasi ko‘ra “Sherali” fermer xo‘jaligi yer maydonida Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlar tomonidan qurilgan imoratlar shiypon va chayla sifatida dehqonchilik mavsumida foydalaniladi.

Mazkur shiypon va chaylalar bir xonali, o‘lchami 5 m2 bo‘lib, fermer xo‘jaligining ekin maydoni va yo‘lning qatnov qismida joylashmagan.

Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlar dehqonchilik mavsumidan tashqari davrda Koson tumani “Beshqo‘ton” mahallasidagi yashash uyida oila a’zolari bilan yashaydi.

O‘rganishda H.Mirzayevning mazkur vaji tasdig‘ini topmagan.

 

Muallifning 9-vaji: “Sherali” fermer xo‘jaligiga qo‘shilgan yer maydoni qarovsiz holatda qolganligini bildirgan.

O‘rganish natijasi: tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi tomonidan taqdim qilingan ma’lumotnomada, “Sherali” fermer xo‘jaligiga tegishli 29 gektar g‘alla yer maydonida birinchi oziqlantirish ishlari o‘tkazilgan va paxta ekishga mo‘ljallangan 43 gektar yer maydoni to‘liq shudgorlangan.

O‘rganishda mazkur vaj tasdig‘ini topmagan.

 

Muallifning 10-vaji: 26.05.2019 yilda Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlar uning oila a’zolarini urib, o‘zi va oila a’zolariga tan jarohati yetkazganligi, G‘.Qulmurodov uni va oila a’zolarini haqorat qilganligi, biroq ularga nisbatan hozirga qadar chora ko‘rilmaganligini bildirgan.

O‘rganish natijasi: 26.05.2019 yilda Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlar fuqaro H.Mirzayevning oila a’zolarini urganligi va G‘.Qulmurodov H.Mirzayev va uning oila a’zolarini haqorat qilganligi holati tuman IIBda qayd qilingan.

18.06.2019 yilda Odilbek va Husniddin Mirzayevlarning o‘zaro janjallashib, yengil tan jarohati olganligi hodisasi yuzasidan 18.07.2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi JKning 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shu sababli, 26.05.2019 yilda sodir bo‘lgan janjal hodisasi bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qayd qilingan jinoyat ishiga qo‘shilgan.

Tergov davomida 26.05.2019 yilda H.Mirzayevning oila a’zolari tan jarohati olganligi holati bo‘yicha Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlarga MJtKning 52-moddasi 2-qismi va G‘.Qulmurodovga MJtKning 41-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, Koson tumani ma’muriy sudiga yuborilgan.

Koson tuman ma’muriy sudining 17.01.2020 yildagi qaroriga asosan Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlar MJtKning 52-moddasi 2-qismi bilan huquqbuzar deb topilib, eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.

26.05.2019 yilda H.Mirzayev va uning oila-a’zolarini haqorat qilganligi holati yuzasidan G‘.Qulmurodov Koson tuman ma’muriy sudining 17.01.2020 yildagi qaroriga asosan MJtKning 41-moddasi bilan huquqbuzar deb topilib, MJtKning 21-moddasiga asosan ogohlantirilgan.

Shuningdek, H.Mirzayevning 26.05.2019 yilda ko‘zidan tan jarohati olganligi holati jinoyat ishidan 17.10.2019 yilda JKning 104-moddasi 2-qismi “k” bandi bilan alohida ish yurituviga ajratilgan va 11.12.2019 yilda JPKning 83-moddasi 2-bandi (uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa)ga asosan jinoyat ishini harakatdan tugatish haqida qaror qabul qilingan.

Mazkur qarorning qonuniyligi tuman prokurori tomonidan o‘rganilib, 18.12.2019 yilda bekor qilingan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

H.Mirzayevning mazkur vaji yuzasidan chiqarilgan sud qarorlari Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, ularga protest keltirish uchun asoslar aniqlanmagan.

 

Muallifning 11-vaji: 26.05.2019 yilda ukalari uni urganida ko‘ziga jarohat yetkazganliklari, biroq tuman IIB tomonidan o‘tkazilayotgan tergov davomida Toshkent shahar ko‘z kasalliklari shifoxonasida yotib davolanganligiga oid hujjatlar jinoyat ishiga qo‘shilmaganligi va ekspertga topshirilmaganligini bildirgan.

O‘rganish natijasi: H.Mirzayevning 26.05.2019 yilda ko‘zidan tan jarohati olganligi holati yuzasidan unga 30.10.2019 yilda tayinlangan sud tibbiyot ekspertizasini o‘tkazish jarayonida H.Mirzayev tomonidan respublika ko‘z kasalliklari shifoxonasida yotib davolanganligi haqidagi ma’lumotlar va hujjatlar ekspertizaga taqdim qilinmagan.

Ekspert xulosasida H.Mirzayevni ko‘zidan olgan jarohatini qachon olganligi muddat ko‘rsatilmagan.

Shu sababli, 10.01.2020 yilda qayta sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazish haqida qaror qabul qilinib, H.Mirzayevning ko‘zidan olgan jarohati bo‘yicha barcha hujjatlar jinoyat ishiga qo‘shilgan holda RSTEIAM Samarqand filialiga yuborilgan.

 

Muallifning 12-vaji: 18.06.2019 yilda ukalari Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlar ikkinchi marotaba oila a’zolari va o‘zini urib tan jarohati yetkazganligi, biroq ukalariga nisbatan sud tomonidan yengil jazo chorasi qo‘llanilgani, shuningdek, o‘zi ham Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortilganidan noroziligini bildirgan.

O‘rganish natijasi: 18.06.2019 yilda B.Mirzayev akasi H.Mirzayevni ukasi urib tan jarohati yetkazganligi va H.Mirzayev ukasi O.Mirzayevni urib tan jarohati yetkazganligi yuzasidan jinoyat ishi doirasida Baxriddin va Husniddin Mirzayevlarga JKning 109-moddasi 2-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, ayblov dalolatnomasi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tumani sudiga yuborilgan.

JIB Koson tuman sudining 26.12.2019 yildagi hukmiga ko‘ra Baxriddin va Husniddin Mirzayevlar JKning 109-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, ularning har biriga 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Sud hukmi jinoyat ishi hujjatlari bilan o‘rganilib, protest keltirish uchun asoslar aniqlanmagan.

 

Muallifning 13-vaji: 18.06.2019 yilda ukalari Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlarlar o‘g‘li M.Normo‘minovning bo‘ynini belkurak bilan kesganligi, qizi S.Normo‘minovani urib tan jarohati yetkazganligi, biroq bu holatni hech kim tekshirmaganligini bildirgan.

O‘rganish natijasi: Koson tumani ma’muriy sudining 17.01.2020 yildagi qarori bilan 18.06.2019 yilda M.Normo‘minovni bo‘ynidan va S.Normo‘minovaning yelka va kurak sohasidan tan jarohati olganligi hodisasi bo‘yicha B.Mirzayev MJtKning 52-moddasi 2-qismi bilan hamda M.Normo‘minovni uyali telefon apparatini sindirilgani holati bo‘yicha O.Mirzayev MJtKning 612-moddasi 1-qismi bilan javobgarlikka tortilgan.

O‘tkazilgan tekshiruv davomida N.Mirzayev jiyanlari M.Normo‘minov
va S.Mo‘minovalarni urganligi tasdig‘ini topmagan.

Sud qarori Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganilib, protest keltirish uchun asoslar aniqlanmagan.

 

Muallifning 14-vaji: jinoyat ishilari doirasida 4 marta ekspertizasidan o‘tganligi, biroq ekspertiza qonuniy xulosa bermagani va ukalari ko‘zidagi jarohatini 5 yoshida olganligi haqida tergov va bloggerlarga yolg‘on ma’lumot berganligini bildirgan.

O‘rganish natijasi: H.Mirzayev 26.05.2019 yildagi janjal holati bo‘yicha 27.05.2019 yilda sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tgan va 29.05.2019 yilda ekspert xulosasi olingan.

Ikkinchi marotaba H.Mirzayev 18.06.2019 yildagi janjal holati bo‘yicha sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tgan va ekspert xulosasi 11.07.2019 yilda olingan.

Mazkur ekspertizalardan o‘tish mobaynida H.Mirzayev ko‘zidan jarohat olganligi yoki ko‘zi bilan bog‘liq shikoyati borligini ma’lum qilmagan.

Biroq, dastlabki tergov davomida H.Mirzayev 26.05.2019 yildagi janjal holati bo‘yicha ko‘zidan jarohat olib, ko‘rmay qolganligi haqida vaj keltirganligi sababli, qo‘shimcha sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan va ekspertning 30.08.2019 yildagi xulosasiga asosan H.Mirzayev 2019 yil may oyida jarohat olgan bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, Odilbek, Nodirbek va Baxriddin Mirzayevlar akasi H.Mirzayev 2019 yil may oyidagi janjal vaqtida ko‘zidan jarohati olmaganligi, yoshligidan uning ko‘zida jarohat borligini bildirib, ekspert xulosasidan noroziligi bo‘yicha ariza berishganligi sababli, H.Mirzayevga tan jarohati yetkazilganligi holati yuzasidan 30.10.2019 yilda to‘rtinchi marotaba ekspertiza tayinlangan.

Mazkur ekspert xulosasida H.Mirzayevning ko‘zidan qachon jarohat olganligi vaqti aniq ko‘rsatilmaganligi sababli, 10.01.2020 yilda qayta sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazish haqida qaror qabul qilinib, barcha hujjatlar jinoyat ishiga qo‘shilgan holda RSTEIAM Samarqand filialiga yuborilgan.

 

Muallifning 15-vaji: tuman IIB profilaktika inspektori ukalari bilan bog‘liq 26.05.2019 yildagi janjaldan xabardor bo‘lsada, kelgusida janjal bo‘lishini oldini olmaganligi sababli, 18.06.2019 yilda ukalari yana oila a’zolari va o‘zini urib ketganligini bildirgan.

O‘rganish natijasi: H.Mirzayevning ukalari bilan bog‘liq janjalli holatlar bo‘yicha o‘ziga yuklatilgan xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmasdan, O‘zbekiston Respublikasi IIVning 12.07.2017 yildagi 151-sonli buyrug‘i talablarini buzilishiga yo‘l qo‘ygan Koson tumani IIB profilaktika inspektori A.Axmedovning harakatlari Koson tumani IIB “Intizomiy kengashi”da muhokama qilinib, unga nisbatan “Tanbeh” intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

Murojaat muallifining haqli e’tiroziga sababchi bo‘lgan profilaktika inspektorining intizomiy javobgarlik masalasi hal qilingan.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi IIB bilan hamkorlikda mazkur videomurojaatni o‘rganish natijasi bo‘yicha tayyorlangan videorolik (murojaat ishtirokchilaridan interyular olingan) namoyish qilingan holda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani  o‘tkazilib, ushbu tadbir tafsilotlari viloyat prokuraturasi va IIBning rasmiy telegramm kanallari, “Daryo.uz”, “Qashqadaryo halqi” va “NASAF NEWS” telegramm kanallarida joylashtirilgan hamda Qashqadaryo viloyati va “Nasaf” televideniyalarida namoyish etilgan.

Kiritildi: 14:10 27.01.2020. O'qildi: 6720 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!